14:06 / 13.01.2019
7 752

Uyat bo‘ladi, begoyim, uyat..!

Uyat bo‘ladi, begoyim, uyat..!
Hamkasblarimiz bilan tushlik qilib, tamaddixonadan chiqib kelayotgandik. Avtomobillar to‘xtash joyida bir ayolning so‘kinib gapirayotgani diqqatimizni tortdi. Sochlari sariqqa bo‘yalgan, tor ko‘ylakchasi badanini sitib turgan, oyoqlariga yopishib turgan shim to‘ladan kelgan gavdasini qo‘pol ko‘rsatayotgan ayolning og‘zidan chiqayotgan so‘zlarni ilon eshitsa po‘st tashlaydi. Hamkasb ayollar hayrat va xijolatlik bilan bir-birimizga zimdan tikilamiz. So‘kinayotgan ayol esa o‘zini yig‘ishtiray demaydi.

Menga aytyapsizmi, qizim? – dedi sal nariroqdan halloslab yugurib kelgan sochlari oppoq oqargan, yoshi katta erkak. – Tinchlikmi?

Senga aytyapman! – deya shang‘illadi ayol. – Nega moshinangni mening yo‘limga qo‘yasan? Ko‘rmisan, o‘tib-qaytishga joy qoldirmabsan. Qari holingda senga moshina haydashni kim qo‘yibdi? O‘tiravermaysanmi uyingda... – Buyog‘i yozish tugul, eshitishga ham odam uyaladigan haqoratlar...

Ayolni xiyonat larzaga soladi! Ruhan yolg‘izlanish, qadrining toptalishi ayol qalbini parchalaydi. Qalbi singan, tinimsiz ruhiy yolg‘izlik, qadrsizlik girdobidan bo‘g‘ilgan ayol nazokatidan ayriladi...

Erkak og‘zi shaloq ayolga bir og‘iz e’tiroz bildirmay, avtomobilini yo‘ldan oldi. Manzara juda xunuk edi. O‘zbekcha so‘zlar ishlatilganini aytmasa, bu voqea o‘zbek ayoli bilan yuz berganini tasavvurga sig‘dirish qiyin.

O‘zbek ayoli ma’naviyati
Ayol ma’naviyati, o‘zbek ayolining odob-axloqi, botiniy dunyosi haqida mulohaza bildirmagan, so‘zlar shodasidan duru marvarid tizmagan ijodkor topilmasa kerak. Qaysi asarni olmang, uning zamirida ayolga bo‘lgan cheksiz hurmat, mehr-muhabbat, ehtirom va sadoqat yotadi.Ayol qiyofasida ONA timsolini ko‘rganlar ayolni izzat qiladilar, cheksiz ehtirom bilan qadrlaydilar. Ayniqsa, o‘zbek ayolining shamoilida ibo, hayo, andisha va tavoze shakli aks etgani, o‘zbek ayolining latofati va nazokati asrlar bo‘yi insoniyatni o‘ziga rom etib kelayotganiniyu bu g‘olibalik nashidasini so‘z bilan ta’riflash ojizligi har doim tan olingan. Ammo bugun o‘zbek ayoliga xos sifatlar haqida gap ketganda, uni hayo va ibosi haqida ijobiy fikrlarni baralla ayta olamizmi? Bugungi kun o‘zbek ayolining siyratida dunyoni lol qoldirgan fazilatlar qolganmi? Afsus...

Ijtimoiy tarmoqlardagi bir sahifamga maktub keldi. “Ko‘nglimni kemirib yotgan dardu iztirobni siz bilan bo‘lishgim, sizdan maslahat olgim kelyapti. Menga vaqt ajrata olasizmi?” Tasdiq javobini berdim. Birozdan keyin virtual suhbatdoshimdan javob keldi: “O‘ttiz besh yoshdaman. Ota-onamning qarshiligiga qaramay, uzoq viloyatdan uylandim. Xotinim bilan telefonda tasodifan tanishib qolgandik. Keyin u yashaydigan viloyatga mardikor ishlagani bordim. Ko‘rishdik. Bir-birimizga yoqdik. Ikki tomon ham qarshilik qilishdi nikohimizga. Lekin turmush qurdik. Hozir bir o‘g‘limiz bor. Men Rossiyada ishlab kelaman. Imkonim darajasida oilamni yaxshi ta’minlab qo‘yganman. Ota-onamdan alohida yashaymiz. Bir-ikki marta ota-onam xotinimning axloqi haqida gapirgandilar, e’tibor bermadim. “Xotimni yoqtirmaydilar-da” deya o‘zimcha xafa bo‘ldim.
Ammo afsuski, bu haqiqat ekan. Uni begona erkak bilan tutib oldim. Xotinimdan bunchalik yuzsizlikni kutmagandim. Xiyonatiga sevgi-muhabbatni ro‘kach qildi. Buning ustiga o‘sha erkak unga sovg‘a-salomlar qilishini, uni malikalarday yashatishga va’da berayotganini aytdi. O‘rtada bola bor, buning ustiga ota-onamni norozi qilib uylanganim uchun dardim ichimda uni kechirib, yashashda davom etdim. Afsuski, bir marta haromga yurgan ayol qayta o‘nglanmas ekan. U yana shu iflos ishida davom etdi. Ikkinchi marta xotinimni jazmani bilan tutib olgandim, o‘sha erkakka meni do‘pposlatib tomosha qildi. Sharmandalikka chidolmay qishloqdan chiqib ketdim. Hozir Rossiyadaman. Uning javobini berganman. Ayni paytda otasinikida yashayapti. Jazmaniga ham kerak bo‘lmadi. Ayollardan butkul ko‘nglim sovugan. Ishonmayman. Sizningcha, men qayerda xato qildimki, xotinim muhabbatimga meni sharmanda qilish bilan javob qaytardi?”...

Maktub egasiga qanday javob qilishni bilmadim. Aslida javobim tayin edi: “Haqiqiy erkakning xotini hech qachon xiyonatga qadam bosmaydi! Bir umr sevganiga vafo qilib, turmushga chiqmay o‘tgan qizlar bor. 20-30 yosh oralig‘ida eri vafot etib, boshqa turmush qilmay o‘tgan ayollar bor. Erkak vafo va sadoqatga loyiq bo‘lishi kerak!” deyishga tayyor turgandim. Biroq bir insonning ko‘ngliga ozor beramanmi, degan o‘yda javobdan tiyildim.

“Xalq ayolning mahsulidir”
Ustoz Qozoqboy Yo‘ldoshev o‘zbek ayoli haqidagi mulohazalarida shunday deydilar: “Millat darajasini shu millat ayolining darajasi belgilaydi. Chunki xalq ayolidan baland bo‘lolmaydi. Negaki, xalq ayolning mahsulidir.” Bugun millatimiz ayollari darajasi haqida bahs ketganda, tilimizni tishlab, boshimizni quyi solamiz. Sabab nima? Sizning bu boradagi mulohazangiz qandayligini bilmadimku, men ayollar yuzidan hayo pardasi sidirilganiga millatimiz erkaklarining beparvo, beta’sirligidan deb bilaman. Ayolini qizg‘onmagan, ayoliga ojizalikni ravo ko‘rmagan, ayoliga haybati bilan xavotir bermagan erkakning ayolida nafosat qayda bo‘lsin?!

Sitora Azizova, jurnalist: – Hukmbardorlik ayol qo‘liga o‘tgan bo‘lsa erkak ayolini qanday boshqarsin? O‘zi azaldan o‘zbek ayoli farmonbardorligini ojizalik, shirin so‘z, ko‘z yosh va nazokat ortiga bekitib oilaga, jamiyatga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. O‘zbekoyimning Otabekni Zaynabga uylantirish sahnasini eslang. Kimsan Yusufbek Hoji ayolining da’vosini rad qilolmaydi. Biz esa erkaklarni boshqarishga o‘tdik. Hatto ularga fikrimizni singdirib, vijdoniga qarshi borishga ham majburlayapmiz. Xotinining gapiga kirib pokdomon ayollarga “jazman” bo‘lganlar, himoyachisiz ayollarni qaqshatib, ishdan haydaganlarni ko‘rganman. Eng yomoni o‘sha erkaknusxalar bugun mas’ul lavozimlarda ishlayapti. Ularni ko‘rganimda “Birgina xotiniga kuchi yetmagan, xotiniga qarshi borib tilini tiyolmagan odam jamiyatni qanday boshqarayapti ekan?” deb o‘ylanib qolaman. Ayollar juda haddidan oshib ketdi, inkor etmayman. Lekin bunda erkaklarning ham aybi bor. Erkak ayol ustidan rahbarlik qilishi kerak. O‘z oilasi, ayoliga rahbarlik qilolmagan erkak jamiyatga qanday ibrat bo‘la oladi?

Munisa Rasulova, o‘qituvchi: – Ayol o‘z xohishi bilan yomon yo‘lga kirmaydi. Men ayollarni ayblashga qarshiman. Ayolni adashtirishadi. Ayolni quyushqondan chiqishiga sababchi bo‘lishadi. Hech bir ayol o‘z xohishi bilan nazokatidan ayrilib, himoyasiz qolishni istamaydi. Ayolning xatosida erkakning aybi bor. Ayol tabiatan kurashuvchan, mard bo‘ladi. Faqat mehr-muhabbat, e’tibor bilan ayolning mardligini to‘g‘ri yo‘naltirish mumkin. “Ayollarning og‘zi shaloq”, “Ayollar behayo” deganlardan xafa bo‘laman. Ayolini ayolday yashatgan qaysi erkakning xotini yo qizi og‘zini beparda qo‘yibdi?! Ayolini asrab avaylagan, mehr bilan e’zozlagan qaysi erkakning ayolidan hayo olislabdi? Ayolni alamzadalik, e’tiborga ehtiyojmandlik dag‘allashtiradi. Ro‘zg‘or yukini yelkasiga ortmoqlagan, avtomobil rulini boshqarib o‘zining, oilasi va farzandlarining muammosiga yechim axtargan ayol oxir-oqibatda erkakdan ham qo‘pol, qo‘rs va qattiqlashadi. Bozordan xalta-xalta kartoshka-piyoz ko‘tarib kelgan, oshxonasidagi suv oqib yotgan jo‘mrakni o‘zi tuzatgan, bolasining kontrakt pulini to‘lash uchun xorijga chiqib ishlab kelgan ayol erkakcha ohangda so‘kinishga ham odatlanadi. Hech narsa sababsiz bo‘lmaydi.

Ayol tahqirlansa vahshiyga aylanadi
Ijtimoiy tarmoqlarda qaynonasi uxlab yotganida boshidan tosh bilan urib, o‘ldirib, jasadini axlat qutilarga yashirgan qirg‘izistonlik ayol ustidan bo‘lib o‘tgan sud tafsilotlari haqida xabar tarqalib, ushbu fojia keskin munozaralarga sabab bo‘ldi.Xabarda keltirilishicha, ayol tergov jarayonlarida qaynonasining “Sen o‘g‘limga munosib emassan, baribir seni haydattirib, o‘g‘limga boshqa xotin olib beraman!” degan tahqirli ta’nalaridan bezor bo‘lib, alam ustida shu mudhish jinoyatga qo‘l urganini aytibdi. Ayolning jinoyat qilganini, boz ustiga, dunyo va oxirati uchun haddan ortiq ziyon bo‘lgan gunoh – inson hayotiga qasd qilganini hech qanday sabab bilan oqlab bo‘lmaydi. Lekin vaziyatga teranroq nazar tashlab, ayol o‘z-o‘zidan jinoyatga qo‘l urmasligi, tinimsiz tahqirlar, ko‘ngliga otilgan toshlar uni vahshiyga aylantirganini, alal oqibat ayol qotillik sodir qilganini tan olishdan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Shoira, Farida Afruz bir suhbatimizda ayol qalbi xususida shunday degandilar:

Ayol – ona
Xalqda “Onasi yomonning bari yomon” degan gap bor. Ustoz Qozoqboy Yo‘ldoshev bu naqlni “Onasi o‘qiganning bari o‘qigan” deya talqin qiladilar. Bugungi kun ayollarining nazokatdan ayro tushishida, so‘ziga, harakatlariga, libosi-yu pardozi nuqson ko‘payganiga o‘qish va uqishga beparvolik ham bir sabab, balki. Axir inson ma’naviyati, botini kitob orqali sayqal topadi. Kitob o‘qimagan, kitobga muhabbat bilan ziyo topmagan qalb ko‘zi xira tortib boraveradi va oqibatda butkul ojiz bo‘ladi. Qalb ko‘zi ojizlar esa o‘zlarini taftish qilmaydilar. Har bir amali, harakatlarini tafakkur mezonida o‘lchab ko‘rmaydilar. O‘zlikdan, asliyatdan mahrumlikka boshlaydi tafakkurning o‘tmasligi. Ayolni mehrsizlik, e’tiborsizlik, dunyo tashvishlari qattiqlashtirishi ehtimol haq fikrlardir. Biroq eng katta fojea – bu ayolning ilmsizligi, ma’naviy dunyosining qashshoq va zaifligi emasmikan? Eri yetarlicha pul topmas, eplab bir og‘iz shirin so‘zni gapirmas, biroq ayolning behayoligiga, Allohdan qo‘rqmay gunoh ishlarni qilishiga bular ro‘kach bo‘lolmaydi-ku! Hisob kuni ayol bu sabablar bilan o‘zini oqlayolmaydi-ku?!
Ayol – ona. Ona esa farzandlari taqdiriga mas’uldir. Onaning xatosi farzandlarining etagiga umrbod dog‘ bo‘lib qoladi va ularni hayot davomida ta’qib qilaveradi. Shuning uchun onaning adashishga, xato qilishga, o‘zini beparda ko‘rsatishga haqi yo‘q! Ovozini balandlatib shang‘illab haqorat so‘zlarni ishlatayotgan, tanasini nomahramlarga ko‘z-ko‘z qilib beo‘xshov kiyimlar kiygan, begona erkaklarga ehtirosni qitiqlaydigan so‘zlardan tizib xat yo‘llayotgan, telefonda erkaklar bilan tanishib, pinhona uchrashuvga chiqayotgan ayollarning qizlari ham bunday ishlarni qilmasligiga kafolat yo‘q! Bunday ayollar o‘z qilmishi bilan jamiyatga baxtsiz ayollar, yetim bolalar va kemtik oilalarni ko‘paytiryaptilar...

So‘ngso‘z
Qiz bolani “Sen ONA bo‘lasan!”, “Farzand dunyoga keltirib tarbiyalaysan!”, “Sevimli, qadrli rafiqa bo‘lasan!” degan tutumda tarbiyalagan ma’qulmikan? Va avvalo, qiz tarbiyalayotgan ona so‘zi bilan emas amali, qiyofasi, harakatlari bilan ibrat bo‘lsa nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi. Zotan, nasihatning avvali – ibrat. So‘z ta’siri ojiz, amal ta’siri esa mo‘ljalga aniq tegadi.
Umida AZIZ

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Uyat bo‘ladi, begoyim, uyat..!