Ona quchog‘idagi xazina...

Ona quchog‘idagi xazina...
Bir ayol saxovati tillarga tushgan, jo‘mardligi bilan tanilgan keksa olimning oldiga boribdi va unga shunday debdi:
- Bu shaharda mendan faqir odam yo‘q! Menga yordam bera olasizmi?

Olim ayolning quchog‘idagi bolaning ipakday muloyim yonoqlarini silab, o‘pibdi va shunday javob qilibdi:
- Demak, sen faqirsan? Nihoyatda qashshoq, faqir. Ammo ta’masiz yordam berolmayman-da. Agar yordam berishimni istasang, bolangning barmog‘ini sotishing kerak...

Ayol avvaligi olimni tentak xayol qilibdi, so‘ng juda qaltis hazillashganini o‘ylabdi. Ammo olim jiddiy qiyofada ayolga bir kosa oltin uzatib:
- Oyoqchasining barmog‘iga ham roziman!- debdi.- Xavotirlanma, mohir jarrohman, go‘daging og‘riq sezmaydi.

Ayol qonini qaynatgan bu taklifdan qo‘rqib, qochish uchun hozirlanayotganda olim:
- Faqat tirnoqchasini qo‘parib olsam ham bo‘ladi! - deb davom etibdi. – Vaqt o‘tib o‘rniga yangisi chiqadi.

Ayol bu jinni odamga ortiq toqat qilolmay, eshikdan otilgan ekan, olim shunday debdi:
- Qanaqasiga qashshoq bo‘lasan sen, ey, ayol? Quchog‘ingdagi xazinaning tirnoqchalik bo‘lagini bir kosa oltinga almashmading-ku!..
Kavsar NUR tayyorladi

Manba: Azon.uz
Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar