19:50 / 24.06.2019
3 794

Qushning uch o‘giti

Qushning uch o‘giti
Bir bechora qush tuzoqqa tushib, qafasga mahkum bo‘ldi. Tutgan kishiga: “Ey inson! Sen hayotingda qo‘y va sigir yegan, tuya ham so‘ygansan. Ularning go‘shtiga to‘ymagan ekansan, menikiga aslo to‘ymaysan! Meni qo‘yib yubor, evaziga senga uch o‘git aytay. Bu o‘gitlarning birinchisini qo‘lingda turib, ikkinchisini anavi tom ustiga chiqib, uchinchisini esa daraxt shoxida aytaman. Sen bu uch o‘gitga quloq solsang, albatta, baxtiyor bo‘lasan!”, dedi.

Ovchi qushga ishondi. Yolvorishlaridan so‘ng taklifiga rozi bo‘ldi. Qush: “Senga birinchi aytadigan o‘gitim shudir – bo‘lishi mumkin bo‘lmagan narsalarni kim gapirsa gapirsin, aslo ishonma!”, dedi.

Ovchi uni qo‘yib yubordi. Qush uchib uyning tomiga qo‘nib, ikkinchi o‘gitini aytdi: “Qo‘lingdan boy bergan o‘tkinchi narsalar uchun aslo tushkunlikka tushma. Boy berilgan narsaning ortidan g‘am chekma”, dedi.

So‘ng daraxt shohiga qo‘ndi va uchinchisini aytmasdan oldin: “Ichimda o‘n dirham og‘irligida bebaho marvarid bor edi. U seni ham bola-chaqangni ham boy qilardi. Lekin sening taqdiringda yo‘q ekan, qo‘lingdan ketdi”, dedi.

Ovchi qushning gaplarini eshitar-eshitmas, baqirib, afsus-nadomat chekdi. Qush: “Men senga qo‘lingdan ketgan narsa uchun aslo tushkunlikka tushma, demadimmi? Modomiki, marvarid qo‘lingdan ketibdi, endi nega o‘zingni azoblayapsan? Hozirgina aytganlarimni unutdingmi? Senga “Bo‘lishi mumkin bo‘lmagan narsalarni kim gapirsa ham ishonma!” degandim. Eh nodon, o‘zimning og‘irligim uch dirhamlik tangachadeg-u, ichimda o‘n dirhamdek keladigan marvarid nima qiladi?!”, dedi.

Ovchi biroz o‘ziga kelib: “Mayli, endi uchinchi o‘gitingni ayt”, dedi.

Qush: “Sen shu aytilgan ikki nasihatga quloq soldingmi, senga uchinchisini aytay? Uxlab yotgan odamga pandnasihat qilish unumsiz yerga urug‘ ekish bilan barobardir!”, deb, uchib ketdi.

Abdulloh Rahimboyev tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qushning uch o‘giti