Olimlar surunkali bel og‘rig‘iga qarshi oddiy yechim topdi

Norvegiya va Daniya olimlari tomonidan olib borilgan yangi ilmiy tadqiqot natijalariga ko‘ra, har kuni taxminan 100 daqiqa yurish surunkali bel og‘rig‘iga chalinish xavfini qariyb 25 foizga qisqartirishi mumkin.
Tadqiqot mualliflaridan biri Rayan Xaddaj mazkur natijalarni muhim deb baholar ekan, yurishni oddiy, arzon va har kim uchun oson qo‘llash mumkin bo‘lgan jismoniy faoliyat sifatida ta’rifladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yurish bel sohasidagi surunkali og‘riqlarning oldini olishda samarali usul bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Tadqiqot jarayonida 20 yoshdan oshgan 11 mingdan ziyod ishtirokchining kundalik harakat faolligi o‘rganilgan. 2017–2019 yillar davomida qatnashchilar yetti kun mobaynida maxsus akselerometr qurilmalarini taqib yurishgan. Keyinchalik, 2021–2023 yillarda ularning sog‘lig‘i qayta baholanib, ayniqsa bel og‘rig‘i mavjud yoki yo‘qligiga alohida e’tibor qaratilgan.
Ishtirokchilar yurish davomiyligiga qarab to‘rt toifaga ajratilgan: kuniga 78 daqiqadan kam yuruvchilar, 78–100 daqiqa atrofida yuruvchilar, 101–124 daqiqa yuruvchilar hamda 125 daqiqadan ortiq yuruvchilar.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, inson qancha ko‘p yursa, surunkali bel og‘rig‘iga duch kelish ehtimoli shuncha kamayadi. Shu bilan birga, o‘rtacha sur’atda va tez qadam tashlab yurish sekin yurishga nisbatan og‘riqlarning oldini olishda ancha samarali ekani aniqlangan.
CNN ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda butun dunyo bo‘ylab 600 milliondan ortiq inson bel og‘rig‘idan aziyat chekmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti prognozlariga binoan esa, 2050 yilga kelib bu ko‘rsatkich 843 million kishiga yetishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!