Napoleonni bolaligida:
— Janob, turing, sizni buyuk ishlar kutyapti! — deb uygʻotishar ekan. Qarang, bolaga “janob” deb murojaat qilishyapti. Kichkinaligidan “meni buyuk ishlar kutyapti ekan” deb, oʻzini shunga tayyorlab borgan ekan. Bonapart tarixda qanday jangchi boʻlgan, bilmadim-u, lekin bundan 1000-yildan keyin ham Napoleon desa hamma biladi.
Bizda-chi?
— Tur, padaringga laʼnat. Soat oʻn boʻldi! Mollar och yotibdi. Enasi, bunga tur desang boʻlmaydimi? Yotishingni qara choʻchqaga oʻxshab. Sen odam boʻlmaysan. Sen molsan.
Yotishi choʻchqaga oʻxshasa, yurishi molga oʻxshasa. “Mendan hech kim chiqmas ekan”, deb choy ham ichmaydi, kayfiyati ham yoʻq holda dalaga chiqib ketadi. Oxirida oʻsha boladan rostdan ham hech kim chiqmaydi. Oramizda koʻpchilik shunaqa soʻkish eshitgan.
(Marhum Hojiboy Tojiboyev hangomalaridan)
Biz kattalarning aybi bolalarimiz haqida oldindan umumiy hukm chiqarib qoʻyishimizdir. Afsuski, bu xulosalarimiz koʻp holatlarda ularning kamchiliklari va salbiy jihatlari haqida boʻladi.
Yoshligida xato qilib kimningdir narsasini soʻroqsiz olib qoʻygan bolaga “oʻgʻri” degan tamgʻa bosiladi, uyidagi psixologik muammolari tufayli dars qilolmagan yoki darslarni oʻzlashtirolmagan bolalar “ikkichi” deb tan olinadi. Natijada bu bolalar boshqalar kutgan natijaga oʻzlari bilmagan holda erishadi. Yaʼni, shu “oʻgʻri” deb tan olingan bola oʻgʻriligini tan olib, taslim boʻladi.
1960-yillarda San-Fransiskoda istiqomat qiluvchi psixologlar Rozental va Yakobson bir tajriba oʻtkazib koʻrishadi. Ular boshlangʻich maktab oʻquvchilarining IQ darajasini tekshirishadi. Keyin esa, natijalarga qarab oʻtirmasdan baʼzi bolalarni tasodifiy tartibda tanlab olishadi va hammaga ana shu bolalarning aqli yil oxirigacha keskin oʻsishini aytishadi. Natija esa hammani hayratga solgan, tanlangan bolalarning aqli haqiqatdan ham oʻsgan, ularning IQ natijalari ham yuqori boʻlgan.
Aslida bolalar xarakteri yoki aqliy salohiyati haqida xulosa chiqarish umuman notoʻgʻri, chunki bolalar rivojlanishda bir-biridan farq qiladi. Birinchi sinfda oʻqishga qiynalgan bolaning oʻqish borasidagi qobiliyatlari, keyinchalik rivojlanishi mumkin. Biz kattalar esa ularga “bilmasvoy” tamgʻasini bosib, doimiy yomon oʻqishini taʼminlab qoʻyamiz. Masalan, baʼzi bolalar 1 yoshga toʻlmasidan yurishni boshlaydi, lekin, ulgʻaygach ularning yurish yoki yugurish qobiliyati 1 yarim yoshda yurganlarnikidan hech qanday farq qilmaydi.
Bu holatdan tarbiyachi, ota-ona sifatida nima xulosa chiqarishimiz mumkin?!
Bola xarakteri qobiliyatlari haqida iloji boricha pozitiv xulosa chiqarishimiz, salbiy fikrlarimizni esa bolalar oldida umuman tilga olmasligimiz kerak. Bolaning bizga koʻringan kamchiligi shunchaki vaqtinchalik boʻlishi mumkinligi masalaning birinchi tarafi boʻlsa, ikkinchi tarafdan biz ular haqidagi yaxshi yoki yomon fikrimiz sababli ularni yaxshi yoki yomon ekanligiga ishontira olar ekanmiz.
Demak, endi bolalarimizni kamchiliklarini emas, yutuqlarini koʻproq taʼkidlaylik!
Manba: Sof.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”