4 533
Payg‘ambar tibbiyotini o‘rgangan Yelena — Rossiyada baxtini topgan Bahrom aka hikoyasi
Kun.uz muxbiri Rossiyaga ijodiy safar davomida, rus ayoli bilan turmush qurib, hozirda olti farzandni voyaga yetkazayotgan qo‘qonlik vatandoshimiz xonadonida bo‘ldi.
Bahrom Raipov rafiqasi Yelena bilan 2011 yilda oila qurgan. Yelenaning aytishicha, ilk bor Qur’on tilovatini tinglaganida ko‘z yoshini tuta olmagan, keyinchalik payg‘ambar tibbiyoti – hijomani o‘rgangan. Bahrom aka esa uy va ofis ta’miri bilan shug‘ullanadi.
«Bularning xonadonida mehmonxonasini ta’mirlash kerak bo‘lib qolgan. Ta’mirlash ishlarini olib borayotganimda oilaviy muammolarga ham duch kelib, kuchayib, chuqurlashib ketgan vaqtlari edi. Shunda Yelena bilan tanishib qoldik. Gapimiz gapimizga to‘g‘ri keldi. Xudo shuni xohlabdi, oila qurdik», – deydi Bahrom aka.
Uning aytishicha, Yelenaning xristian diniga e’tiqod qiluvchi ota-onasi ularning turmush qurishiga avvaliga qarshi bo‘lmagan.
«Allohning fazli bilan-da hamma narsa. Ular bizga «brachniy kontrakt»ni taklif qilishdi. Haligacha o‘zimiz ham kulib eslab turamiz.
Keyinchalik, rafiqam namoz o‘qiy boshlab, ro‘mol o‘raganida biroz qarshiliklar bo‘ldi. Vaqt o‘tib bu muammo ham bartaraf bo‘ldi. Hatto mehmonga borganimizda ham halol go‘shtdan ovqat tayyorlashadi», – deydi Bahrom aka.
– Oila qurganingizga qancha vaqt bo‘ldi?
– 2011 yilda nikoh o‘qitdik, 2015 yilda rasman ZAGSdan o‘tdik. Kichikkina to‘y qildik. Akam, kelinoyim, do‘stlarim kelishdi.
Ikkimiz o‘rtamizda 5 farzandimiz bor. Ayolimning oldingi oilasidan katta o‘g‘li alohida bo‘lib, otasining yoniga ketgan. Ikkinchi o‘g‘li biz bilan qolgan, unga Alijon deb ism qo‘yganmiz. 6 nafar farzandni katta qilyapmiz.
– Rossiyaga qachon kelgandingiz?
– 2006 yilda ishlash niyatida keldim. Shundan buyon borib-kelib turdim. 2011 yildan buyon salkam muqim bo‘lib qoldim, desak ham bo‘ladi.
Asli Qo‘qon shahridanman. Bu shahar hunarmandlar shahri, o‘zim ham ustaman, o‘ymakorlik qilganman. Hozir ham xonadonlar va ofis ta’miri bilan shug‘ullanib kelmoqdaman.
To‘g‘risi, Rossiyaga haligacha moslasha olganim yo‘q. Chunki, bu yerda o‘zingizni vatandagidek erkin tuta olmaysiz. Mentalitetimiz boshqachaligi bois, moslasha olganim yo‘q. Yelenaga yuzlanarkanmiz, dastlab u o‘zbek tilini qanchalik tushunishiga qiziqdik.
– Po-uzbekski ponimayete?
– Sovsem chut-chut. (Juda oz)
– Endi, kelinoyi deymizmi, kelinmi? Ayting-chi, oilada o‘zaro tushunmovchilik ro‘y berib qolsa, qanday yo‘l tutasiz?
– Yon bera olishni bilish kerak. Oilaviy munosabatlarning muvaffaqiyati ayni shu yon berishga bog‘liq. Birinchi navbatda, Yaratgandan to‘g‘ri yo‘lga yo‘llashni, yarashtirishni so‘rash kerak. Bunday holat birinchi navbatda Parvardigorga iltijo qilishni talab qiladi.
Alhamdulillah, hozircha, Alloh to‘g‘ri yo‘lda ketishni nasib etmoqda. O‘zimiz ham yon berishga harakat qilyapmiz. Yosh chog‘ingda qon qaynoq bo‘ladi, biror narsa bilan kelishish ham oson bo‘lmaydi. Yosh o‘tgan sayin tajriba bor, qolaversa, barcha g‘ashliklarni yo‘qotuvchi farzandlar ham bo‘ladi.
– Ota-onangiz sizning Bahrom akaga turmushga chiqish qaroringizni qanday qabul qilishdi?
– Ular juda xursand bo‘lishdi. Birinchi-ikkinchi uchrashuvdayoq ular nikoh shartnomasi tuzishni taklif qilishdi. Biz yaqinroq tanishganimizdan so‘ng, Bahrom Islom dinini tushuntira boshlagach, turli murakkabliklar ham paydo bo‘la boshladi.
Butun umr nasroniylik e’tiqodida bo‘lgan inson boshqa dinni qabul qilishi qiyin bo‘ladi. Shuning uchun qiyinchiliklar bo‘lgan. Albatta, barchasini tushunish, anglash uchun vaqt kerak.
Ayol va erkak nikohsiz uchrashganida, shayton ularga vasvasa soladi. Biz munosabatlarimiz o‘zaro ruxsat berilgan bo‘lishini istaganmiz. Oradan yillar o‘tgach, nikohimizni rasmiylashtirganmiz.
Keyinchalik, ota-onam bizni tushunishdi. Yo‘nalishimiz to‘g‘ri ekanini anglashdi. Biz alkogolli ichimliklardan, boshqa ayrim ishlardan to‘liq voz kechdik. Biz hayotimizda o‘rnak bo‘lib ko‘rsatmoqdamiz.
Ba’zida otam, nega har doim ro‘molda yurasan, deb so‘rardi. Hozir buni tushunadi. Onam muslimalar uchun liboslar va ro‘mol hadya qiladi. Bayram kunlari biz uchun maxsus halol go‘sht xarid qiladi va bo‘g‘irsoqchalar tayyorlaydi.
– Bahrom aka, Yelenani O‘zbekistonga olib bordingizmi?
– Ha, ikki marta bordik. 2014 yilda ilk marta, 2016 yilda ikkinchi marta bordik. Nasib etsa, 2020 yilda yana boramiz.
Yelena: – Ha biz bir necha marta bordik O‘zbekistonga. Bolalarimizga sunnat to‘y qildik. Juda ko‘p odam keldi. Birinchi gal, ehtimol, 200 kishi kelgandir. Nahorgi oshga 300 kishi keldi. Kechqurungi ziyofatga, 500-600 kishi keldi, shekilli.
Bu yerdagi qarindoshlarimiz, biz sizlarga o‘xshab ko‘p kishi kelishini, tanigan-tanimaganlar bo‘lishini istamaymiz, deyishdi. To‘yimizda chamasi 30 kishi qatnashdi-a? Albatta, to‘yimiz keng dastur asosida o‘tkazildi. Parkka borishga, ko‘lda sayr qilishga ham ulgurdik.
– Rossiyalik kelinni o‘zbekistonliklar qanday qabul qildi?
Bahrom aka: – Qabul qilmagan faqat akam va kelinoyim qolgan. Tog‘a, jiyanlar, amma-xolam yaxshi qabul qilishdi. Qolaversa, biz boshqalar uchun yashamaymiz-ku. Unday bo‘ladigan bo‘lsa, biror narsani joyidan jildirish ham qiyin bo‘ladi.
Boshqalarning gapidan keraklisini olyapmiz, keraksiziga e’tibor bermayapmiz.
Yelenaga onamni ko‘rish nasib etmadi. Uylangan yilim onam og‘irlashib, o‘tib qoldi. Lekin men borib, onamga aytganman. Dastlab, boshqa dinda ekan, deb norozi bo‘ldilar, lekin qubba o‘qitganimni aytganimdan so‘ng (Qo‘qonda nikoh – qubba deyilarkan), xayrli bo‘lsin deb, rozilik berdilar.
– Kelgusida ham Rossiyada qolmoqchimiz yoki O‘zbekistonga qaytish niyatingiz bormi?
– Hozircha bir to‘xtamga kelmadik. Ammo, vatanga tortib turadi. Endi, birgalikda muhokama qilib, foydali-zararli tomonlarini taroziga tortib bir qarorga kelamiz.
– Bahrom aka, suhbatimizni Yelena kelinoyi bilan davom ettiraylik. O‘zbekiston sizda qanday taassurot qoldirdi?
– Juda chiroyli, tog‘li hududlar ekan. Bag‘dod tumani, Rishton tumanida insonlar juda g‘amxo‘r. Rossiyadagi urf-odatlarga o‘xshash tomonlari kam. Mehmon kelganidan dasturxon yozisharkan, ziyofat qilishadi. Mehmon kutishmagan taqdirda ham, barcha narsa shay turar ekan.
U yerda bir necha kun bo‘ldik. Menga ko‘rpachada uxlash juda yoqdi. Yuza qattiq, qolaversa, bolalar karavotdan tushib ketadi, deb xavotirlanmas ekansan. Xurmo, anjir va boshqa mevalarni bevosita pishgan joyida iste’mol qilish to‘g‘ri bo‘ladi, deb hisoblayman.
Internet yo‘qligi yoqdi. Qishloqda o‘zaro munosabatlar juda iliq ekan. Kir yuvish mashinasi bo‘lmasa-da, qarindoshlarni chaqirsang, yordamga kelisharkan. Bir zumda kir kiyimlardan asar ham qolmaydi. Bu yerda qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi munosabat unday emas.
– O‘zbekistonga ko‘chib o‘tish istiqbolini qanday baholaysiz?
– Men O‘zbekistonga bajonidil mehmon bo‘lib borgan bo‘lardim. Hozircha, faqat mehmonga.
– Demak, bir qarorga kelmagansizlar?
– Yo‘q, biz mehmonga boramiz, barchadan hol-ahvol so‘raymiz, ziyorat qilamiz. Biz bu yerda o‘z xo‘jaligimizni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Albatta, bu O‘zbekistonda qulayroq bo‘lardi, balki. Ammo, menimcha, bu yerda maqsadga muvofiq bo‘ladi.
– Rus oshxonasi o‘zbek milliy taomlaridan keskin farq qiladi. O‘zbek pazandachiligiga ham o‘rganib ketdingizmi?
– Men o‘zbekcha taomlarni o‘zimizga xos tarzda tayyorlayman. Yog‘ kamroq qo‘shaman, kamroq qovuraman. Biroq palov, mastava, xonim, gulmantilarni bajonidil tayyorlayman.
Qanchalik uddalayapman, buni erimdan so‘rashimiz kerak. Ammo, menimcha, yaxshi tayyorlay olaman. Lekin, erim tayyorlagan taom mutlaq o‘zgacha bo‘ladi. Shunchalik lazzatli va mazali bo‘ladiki, ta’rifga til ojiz. Bu borada men shogirdlikka yarayman, xolos.
– Ayol uchun baxt nimani anglatadi?
– Oiladagi tinchlik-xotirjamlik. Bolalarning baxt-saodati, ularning barchani xursand qilishi. Ering g‘amxo‘r bo‘lsa, oilada sokinlik bo‘lsa, mana shu men uchun baxt.
– Islom dinini qabul qilibsiz. Islom haqida qanday fikrdasiz?
– Islom juda pokiza va tinchlik dini. Qur’onda insonlar tinch-totuv istiqomat qilishlari lozimligi tushuntiriladi. Ramazon vaqtida to‘g‘ri munosabatlarga ko‘nikma hosil qilishadi, yomon so‘zlarni so‘zlamaslikni o‘rganadi. Ular Ramazonda o‘rganganlarini boshqa oylarda hayotiga tatbiq qilishadi.
Islom men uchun juda qiziq din. Men bu dinni bajonidil o‘rganmoqdaman, Qur’onni bajonidil o‘qiyman. Albatta, alhamdulillah, biz umrbo‘yi o‘qib-o‘rganamiz.
Islomda ota-onaga bo‘lgan munosabatdan, hurmatdan hayratdaman. Erim misolida bunga guvoh bo‘ldim. Bundan tashqari, Islomga kirmasdan oldin ham farzandlarimni xatna qildirgan edim.
Men o‘zim alkogolli ichimliklarga Islomni qabul qilmasimdan oldin ham qarshi bo‘lganman. Bir safar ishxonada tug‘ilgan kunimni nishonlaganimda bolalar shampanidan bir quti olib borganimda, barchasi go‘yoki vaziyatni tuzatishmoqchi bo‘lishgan. Lekin men keskin rad etganman. Ota-onamga ham tug‘ilgan kun bayramim alkogolsiz o‘tadi, deganman. Axir, juda ko‘p foydali ichimliklar bor.
– Nasroniylik dini bilan qanday o‘xshashliklari bor?
– Nimalardadir o‘xshash jihatlari bor, ammo farqli tomonlari ko‘p. Islomda menga ko‘proq mehribonlik borligi yoqadi. Osonroq tushuntiriladi. Nasroniylikda, men bir necha marotaba Injilni o‘qishga uringanman, eski rus tilida bo‘lgani bois, tushunish murakkab. Qur’onni qo‘lingga olganingda ham biroz tayyorlanib olish darkor, ammo mutolaani boshlagach, to‘xtata olmaysan, qiziqishing ortadi.
Nasroniylikda rohiblar biror ibodat marosimini 2-3 soatlab o‘tkazganlarida, chidash biroz qiyin bo‘ladi. Ayniqsa, cho‘qintirish marosimlarida bolalarga juda qiyin bo‘ladi. Ham maqsadi noma’lum.
Qur’on tilovatini dastlab eshitganimda, juda yig‘laganman. Ko‘z yoshlarim daryodek oqqan. O‘zimga nima bo‘lganini tushunmaganman. Ko‘z yoshimni to‘xtata olmaganman, vaholanki arabchani anglamas edim. Islom odamga qandaydir ichki xotirjamlik beradi.
– Yelena, siz biror universitet yoki institutda tahsil olganmisiz?
– Ha, yuridik va tibbiy ma’lumotlarim bor. Islomni qabul qilganimdan so‘ng, men payg‘ambar tibbiyoti – hijomani o‘rgandim. Bemor insonga dori-darmonlarsiz, o‘t-o‘lanlar bilan yordam bera olishimiz, ba’zida inson organizmini buzadigan tabletkalarsiz davolay olish juda ajoyib. Davlatimizning ayrim hollarda bolalarga bepul tabletkalar taqdim etishi, aslida zararlidir.
– Bahrom aka qanday ota?
– Alhamdulillah, juda g‘amxo‘r ota. Juda qattiqqo‘l ota. Haqiqat uchun qattiqqo‘l. Yaxshi ko‘rsa, butun yuragi bilan yaxshi ko‘radi. Bolalar ham uni juda yaxshi ko‘rishadi. Ammo, o‘g‘il bolalar uchun, ayniqsa ular bir necha nafar bo‘lsa, qattiqqo‘llik juda kerak. Hatto, bir nafar o‘g‘il bo‘lsa ham otaning tayanchi zarur bo‘ladi, chunki o‘g‘illarni ona tarbiya qilishi noto‘g‘ri.
– 6 farzandni tarbiyalash og‘irlik qilmayaptimi?
– Og‘ir albatta, ammo har bir bola – bu baxtdir. Har biri xursand qiladi, har birining o‘z o‘rni, xarakteri bor. Kayfiyatni ko‘taradi. Turmush o‘rtog‘im ham ishga ketgach, orada birrovga kelib, har birini uyg‘otadi, o‘ynaydi. Ularning birortasini ozgina ko‘rmay qolsak, juda sog‘inib qolamiz.
– Bahrom aka, Rossiyada bolalarga davlat tomonidan qanchalik e’tibor beriladi?
– Uchinchi farzand tug‘ilganida, ko‘p bolali oila maqomini olasiz. Qo‘lingizga hujjat beriladi, poliklinikalarda maxsus daftarcha bilan, hatto onlayn navbatda ham navbatsiz kira olasiz.
O‘qiydigan bolalarga maktab formasi, sumkalar taqdim etiladi. Ijtimoiy himoya deyishadi, oiladagi ahvoldan xabar olib turishadi. Kir yuvish mashinangiz yo‘q bo‘lsa, olib berishadi, muzlatgichning muddati o‘tgan bo‘lsa, yangisini berishadi. Televizor bo‘lmasa, uni ham. Hatto, katta o‘g‘limizga noutbuk taqdim etishgan.
Ilgari O‘zbekistonda ham bo‘lardi. Har oyda sut mahsulotlari berib turishadi. Ikkinchi farzand tug‘ilganda maxsus hisob raqam ochilib, unga 450 ming rubl (taxminan 7,5 ming AQSH dollari) mablag‘ qo‘yiladi. Uni uy olish maqsadida, onasiga nafaqa sifatida yoxud bolalar ehtiyojiga sarflash mumkin.
– Bahrom aka, kelajakdagi rejalaringiz?
– Farzandlarga to‘g‘ri tarbiya berib, ularni voyaga yetkazib, O‘zbekistonga qaytib borgan taqdirda ham, vatanga foydasi tegadigan insonlar qilish. Qolaversa, barcha musulmonlar singari, kelajakda, Alloh nasib etsa, Baytiga chaqirsa, Haj yoki Umraga oilaviy bo‘lib borish. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
AQSHda 10 yoshli bola politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, matematikadan uy vazifasini bajarishda yordam so‘radi
Rossiya Davlat dumasiga rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktablarga kiritishni taqiqlash loyihasi kiritildi
Migren, klaster sefalgiya, zo‘riqish... Bosh og‘rig‘ining necha turi mavjud?
Sayxunobodda qarzdor otadan salkam 75 mln so‘m aliment pullari undirildi
Xonanda Munisa Rizayeva ilk marta ona bo‘ldi
Kipr hukumati rossiyalik va ukrainalik milliarderlarning «oltin» pasportlarini olib qo‘ydi
Eron oliy rahnamosi Netanyaxuni qatl qilishga chaqirdi