Qoraqalpog‘istonda “Besqala Mining Valley” kripto zonasi tashkil etildi

O‘zbekistonda kriptoiqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan yangi strategik tashabbus amalga oshirilmoqda. Prezidentning PQ–143-son qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida “Besqala Mining Valley” nomli maxsus mayning zonasi tashkil etilishi belgilandi.
Qarorga asosan, mazkur maxsus hudud sifatida Qoraqalpog‘istonning butun territoriyasi qamrab olinadi. Bu yerda mayning faoliyati uchun yagona energetika tizimidan foydalanish imkoniyati yaratiladi, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda vodorod asosida ishlaydigan elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan energiya ham jalb etiladi.
Yangi tizim doirasida ishtirokchilarga kripto-aktivlar bilan keng qamrovli operatsiyalar o‘tkazish huquqi berilgan. Jumladan, mayning orqali olingan raqamli aktivlar milliy kripto-birjalarda yoki xalqaro platformalarda sotilishi mumkin. Shu bilan birga, ularni boshqa kripto-aktivlarga almashtirish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali realizatsiya qilish imkoniyati ham mavjud.
Ushbu jarayonlarni samarali muvofiqlashtirish maqsadida “Besqala Mining Valley” maxsus mayning zonasi direksiyasi tashkil etiladi. Mayning faoliyatini nazorat qilish va tartibga solish bo‘yicha asosiy ishchi organ sifatida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi belgilangan.
Rezident maqomini olish istagida bo‘lgan yuridik shaxslar maxsus zona direksiyasiga murojaat qilib, ruxsatnoma asosida faoliyat yuritish imkoniga ega bo‘ladi.
Qarorga ko‘ra, 2035 yil 1 yanvarga qadar mazkur zona rezidentlarining mayning faoliyatidan olinadigan daromadlari barcha soliqlar va davlat yig‘imlaridan to‘liq ozod etiladi.
Qisqasi, bu loyiha Qoraqalpog‘istonni mintaqaviy kripto markazga aylantirish, investitsiya oqimini oshirish va yangi texnologiyalarni jadal jalb etishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!