Muhammad Saloh “Liverpul” bilan hayratli xayrlashuv bayonotini aytdi

2017 yildan buyon “Liverpul” safida harakat qilib kelgan va jamoaning ko‘plab tarixiy yutuqlarida muhim rol o‘ynagan Muhammad Saloh mavsum yakunida klubni tark etishini eʼlon qilib, muxlislar bilan taʼsirli xayrlashuv bayonotini taqdim etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror oson bo‘lmagan va u klub, shahar hamda muxlislar bilan bog‘liq xotiralarni juda qadrli deb hisoblaydi.
— Afsuski, bu kun ham keldi. Men mavsum oxirida “Liverpul”ni tark etaman. Avvalo shuni aytishim kerakki, bu klub, bu shahar va bu yerdagi insonlar hayotimda bunchalik katta o‘rin tutishini hech qachon tasavvur qilmagan edim, — dedi Saloh.
U “Liverpul”ni oddiy futbol jamoasi emas, balki haqiqiy ehtiros, boy tarix va faqat shu muhitni his qilgan inson anglay oladigan o‘ziga xos oila sifatida taʼrifladi.
Futbolchi birga erishilgan yutuqlar, sovrinlar va qiyin damlardagi qo‘llab-quvvatlashni minnatdorlik bilan esladi. U jamoadoshlari, ham sobiq, ham hozirgi o‘yinchilarga, shuningdek muxlislarga chuqur minnatdorlik bildirdi.
— Menga berilgan qo‘llab-quvvatlashni so‘z bilan ifodalash qiyin. Eng yaxshi ham, eng og‘ir damlarda ham sizlar men bilan bo‘ldingiz. Bu doim xotiramda qoladi. Ketish oson emas. Sizlar menga eng yorqin lahzalarni taqdim etdingiz. Men doim sizlarning biringiz bo‘lib qolaman, — dedi u.
Saloh “Liverpul” uni va oilasi uchun haqiqiy uy bo‘lib qolishini taʼkidlab, barcha uchun minnatdorlik bildirdi.
Joriy mavsumda u 38 ta uchrashuvda maydonga tushib, 12 ta gol va 9 ta golli uzatma qayd etdi. Transfermarkt maʼlumotiga ko‘ra, uning hozirgi bozor qiymati 30 million yevro atrofida baholanmoqda.
Qisqasi, “Liverpul” tarixida muhim o‘rin egallagan Salohning xayrlashuvi muxlislar uchun og‘ir, ammo hurmatga sazovor qaror sifatida qabul qilinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!