09:36 / 20.02.2021
2 723

Oiladagi zo‘ravonlik: sabab va oqibatlar

Oiladagi zo‘ravonlik: sabab va oqibatlar
Savol: Avvalgi davrlarga qaraganda insonlar madaniyatli bo‘lib bormoqda. Shunday bo‘lsa-da, nima uchun oilaviy zo‘ravonlik kamayish o‘rniga ko‘paymoqda?

Javob:
Afsuski, shunday. Oilaviy zo‘ravonlik nafaqat kam ta’minlangan, balki to‘q oilalarda ham yetarlicha uchramoqda. Ba’zi oilalarda iqtisodiy nochorlik o‘zaro nizolar va keyinchalik oilaviy zo‘ravonlikka sababchi bo‘layotgan bo‘lsa, boshqa bir oilalarda – bunday zo‘ravonlik sababi – to‘qchilik bo‘lib qolmoqda. Ikkala holatda ham asosiy sabab – ma’naviy qashshoqlik. Men buni boshqacha izohlay olmayman. O‘z keliniga jinsiy tajovuz qilishni va o‘z o‘g‘li tomonidan o‘ldirilgan otani qanday izohlash mumkin. Yoki bo‘lmasa, o‘z jigarbandini mashina olish uchun pulga sotayotgan onaga qanday baho bersa bo‘ladi: Hammasining tagida ma’naviy qashshoqlik yotibdi. Inson ma’naviy qashshoq bo‘lsa, u to‘q oilada yashaydimi yoki nochor oiladami, baribir buzuq ishga qo‘l uradi va vahshiylikka boradi.

Savol: Ba’zan yaxshigina lavozimda ishlaydigan va hatto ta’lim-tarbiya maskanlarini boshqarayotgan shaxslar oilasida ham shunday achinarli vaziyatlarni kuzatamiz. Ularning o‘zi bunday holatlar bilan kurashish o‘rniga... Hatto bunga so‘z ojiz...

Javob:
Sababi o‘sha, ya’ni ma’naviy qashshoqlik. Katta amaldor deylik maktab, kollej yoki institut rahbari bo‘lishi mumkin, biroq u ma’naviy qashshoq bo‘lsa, bunday ishlarga qo‘l uraveradi. Kerak bo‘lsa, oddiy duradgor yoki temirchining oilasi barchaga ibrat bo‘lishi mumkin. Mahalla qo‘mitasi yoki machitda odob-axloq haqida va’zxonlik qilib, o‘zining farzandlari buzuq yo‘llarga kirib ketganlar ham afsuski yo‘q emas. Ilm boshqa, tarbiya boshqa. O‘ta ilmli odam ham ma’naviy buzuq bo‘lishi mumkin, va aksincha. Tungi klublarga bir nazar tashlang. U yerda kimning farzandlarini ko‘p ko‘rasiz. Bundan o‘zingiz xulosa chiqarib olavering.

Savol: Oiladagi zo‘ravonlik ko‘proq erkaklar tomonidan amalga oshiriladimi yoki ayollar tomonidan?

Javob:
Ko‘pincha erkaklar tomonidan. Albatta, buning asosiy sababchisi ayol kishi bo‘lishi mumkin. Bu masalani bir tomonlama yoritish o‘ta mushkul. Chunki vaziyat va sabablar ko‘p. Har qanday holatda ham o‘zaro nizolar zo‘ravonlik bilan tugallanmasligi kerak. Ko‘pincha, oilaviy zo‘ravonlik sababi – bir-biriga bo‘ysunmaslik bo‘ladi. Masalan, bitta oilada shunday vaziyat ro‘y bergan: Kech tunda uyiga aroq ichib o‘ta mast bo‘lib qaytgan er xotiniga joyimni tashlab ber deydi.

Erini yana shu ahvolda ko‘rgan xotin jahl bilan “O‘zing tashla” deydi sansirab. Mast erning jahl otiga minib qo‘liga pichoq oladi va “Man sanga nima deyapman, o‘lging kelyaptimi” deydi. Xotin bo‘lsa “O‘ldirmoqchimisan, mana tiq, tiq pichog‘ingni” deb eriga yaqinlashadi. Mast er jahl ustida xotinining qorniga pichoq uradi. Bu yerda esi bor xotin bu ishni qilmaydi, balki erining aytganini qilib, uni shirin gaplar bilan o‘rniga yotqizadi.

Savol: Tajovuzkorlik xarakterga ham bog‘liqmi?

Javob:
Albatta, bog‘liq. Masalan, psixologiya darsliklarida “Xarakter psixologiyasi” degan katta boblar bor. Unda tajovuzkorlik – xarakter buzilishi sifatida alohida ko‘rsatiladi. Ba’zi odamlar zo‘ravonlik va tajovuzkorlikka moyil bo‘lishadi. Agar bunday shaxslarda tibbiy-psixologik tekshiruvlar o‘tkazsangiz, ularda psixopatiya alomatlarini ham topasiz. Biz buni yashirin psixopatiya deb ataymiz. Bunday shaxslar ma’lum bir vaziyatda portlaydi va zo‘ravonlikka qo‘l urib qo‘yishadi.

Savol: Oiladagi zo‘ravonlikdan eng ko‘p aziyat chekadiganlar, tabiiyki, bolalar. To‘g‘rimi? Ularni o‘z ota-onasidan qanday asrash kerak?

Javob:
O‘ta og‘ir savol. G‘arb davlatlarida “Bolalarni o‘z ota-onalaridan himoya qilish jamiyatlari” mavjud. Bizda ham shunga o‘xshash jamiyat ochilayapti deb eshitdim. Yigirma yil oldin shu masala ko‘tarilsa, ajablanardingiz. Islom diniga e’tiqod qiluvchi davlatda bunday jamiyatning ochilishi biz ota-onalar uchun uyat. Lekin nima ham qila olasiz. Bunday jamiyat kerakka o‘xshaydi. Afsus...

Savol: Ota-onasi tarbiyalay olmagan bolani bunday markazlar tarbiyalay oladimi? Ular almazada va ruhiy nogiron bo‘lib o‘smaydimi?

Javob:
Men markaziy gazetalardan biriga “Ruhiy nogironlar – ular kimlar” degan katta maqola berganman. Bu haqda radioda ham so‘zlovdim. Bu maqolani feysbukka ham qo‘ygandim, juda katta rezonans berdi. Demak, muammo o‘ta jiddiy. Ota-ona tirik bo‘la turib, bolaning uyda yoki maxsus internatda tarbiyalanishiga keladigan bo‘lsak, ba’zida maxsus internatda tarbiyalanayotgan bolalar kelajakda hayotning qadrini biladigan yetuk shaxs bo‘lib yetishishi mumkin. Uyda ota-onaning zulmida yashab yomon yo‘lga kirib qamoqxonaga tushgandan ko‘ra, bolalar internatida tarbiyachilar nazoratida katta bo‘lgani yaxshimi degan xayolga borib qoladi kishi. Internatda o‘sib buyuk shaxs bo‘lib yetishganlar bunga misol bo‘la oladi. Boshqa iloj yo‘q.

Savol: Oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish uchun nima qilish kerak?

Javob:
Buni men oson yo‘lini aytaman. Iloji boricha bola uyda kam bo‘lishi kerak. Demoqchimanki, bola maktabdan keyin kunora sport to‘garagiga, kunora til o‘rgatish maktablariga qatnashi kerak yoki musiqa to‘garaklariga. Bu masalani bolaning xohishidan kelib chiqib amalga oshirsa bo‘ladi. Turli to‘garaklarga qatnagan bola uyga qo‘shimcha vazifalar bilan kirib keladi, ota-onasini sog‘inib kirib keladi, qorni och bo‘lib kirib keladi. Uyga kelib to‘garakdagi ustozlari va o‘ziga o‘xshagan o‘rtoqlari oldida izza bo‘lmasligi uchun uyda dars qiladi va h.k.

Maktabdan keyin turli to‘garaklarga qatnamaydigan bolalar esa kuni bilan uyda bo‘ladi, bekorchi bolaning qaysidir qiliqlari otasi yoki onasiga yoqmaydi, ish buyursa qilmaydi va janjal chiqadi. “Bolangiz aytganimni qilmayapti” deb onasi otasiga arz qiladi va janjal chiqishi mumkin. Bu holat hadeb takrorlanaversa, bola tajang bo‘lib o‘sadi, keyinchalik oilaviy zug‘um o‘tkazishga sababchi bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun maktabdan keyin bola uyda emas, turli xil to‘garaklarda bo‘lgani ma’qul. Kechqurun esa ota-ona bolasiga hech bo‘lmaganda yarim soat vaqt ajratib, uning yutuqlari va qiyinchiliklari haqida suhbatlashishi kerak. Men “12 yosh psixologiyasi” degan maqolamda “Bola 12 yoshgacha ota-onasi va ustozi aytganini qiladi, 12 yoshdan keyin esa o‘z bilganini” deb yozgan edim. Men buning sabab va oqibatlarini ham batafsil bayon qilganman. Bizning muqaddas diniy kitoblarimizda ham bu haqda jiddiy tavsiyalar bor.

«Asab va ruhiyat» ilmiy-tibbiy markaz
direktori, professor
Zarifboy Ibodullayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Oiladagi zo‘ravonlik: sabab va oqibatlar