08:30 / 07.05.2024
272

Xotirani kuchaytiradigan va miya faoliyatini yaxshilaydigan mahsulotlar

Xotirani kuchaytiradigan va miya faoliyatini yaxshilaydigan mahsulotlar
Insonlar ko‘pincha stress paytida, asabiylashganda yoki shunchaki charchaganda oddiy uglevodlar va shirinliklar iste’mol qiladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, diyetamizga kiritilgan oziq-ovqatlar miya faoliyatini, xotirani yaxshilashda va, umuman olganda, kognitiv holatni saqlashda muhim rol o‘ynaydi. Quyida kun davomida ishlab charchagan bosh miya uchun energiya manbai hisoblangan mahsulotlarni sanab o‘tamiz.

Tuxum

Foto: The Voice
Tuxum bosh miya salomatligi uchun muhim ozuqa moddalarining tabiiy manbai bo‘lib, unda xolin (katta tuxumda 150 mg), lyutein va zeaksantin (katta tuxumda 252 mkg) mavjud.

Tuxum tarkibidagi xolin har qanday yoshdagi insonlar xotirasi, fikrlashi, kayfiyatini yaxshilash uchun kerakdir. Bir dona tuxum xolinning tavsiya etilgan kunlik miqdorini qondirishga yordam beradi.

Lyutein esa ko‘zlar salomatligi uchun mas’ul bo‘lgan mikroelement hisoblanadi. Ushbu modda ko‘z shilliq pardasida ham to‘planadi. Bundan tashqari, lyutein miya faoliyati uchun ham foydali ekanligi tibbiyotda isbotlangan.

Yong‘oq

Foto: The Voice
Yong‘oq ALA omega-3 yog‘ kislotalarining ishonchli manbai bo‘lgan mahsulot hisoblanadi. Ushbu sog‘lom yog‘ oksidlovchi stress bilan kurashishda va yallig‘lanishda yordam beradi.

Kuniga 30-60 gramm yong‘oq iste’mol qilish organizmni omega-3 bilan ta’minlashga yordam beradi. Fikrlash va xotiraga ta’sir qiladigan kasalliklarga moyil bo‘lgan insonlar uchun yong‘oq juda foydali mahsulot ekanini isbotlaydi.

Qo‘ziqorin

Foto: The Voice
Qo‘ziqorinlarda (ayniqsa, marjon qo‘ziqorin va shiitake qo‘ziqorinlari) antioksidant kabi ta’sir kuchiga ega ergotionin mavjud.

Ergotion muhim biofaol birikma bo‘lib, yallig‘lanishga qarshi va antioksidant xususiyatlarga ega. Uning sog‘lom qarishni rag‘batlantiradigan, kognitiv funksiyani yaxshilaydigan va stressni kamaytiradigan jihatlari ham mavjud. G‘arb tadqiqotchilari ergotioninni “uzoq umr ko‘rish vitamini” deb ataydi.

Yovvoyi chernika

Foto: The Voice
S'hernikaning har qanday turi, ayniqsa, o‘rmonda o‘sadigan yovvoyi turi juda foydali va noyob mahsulot. So‘nggi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, chernika tezroq fikrlash qobiliyatini rivojlantirish uchun yordam beradi. Mevaning ta’siri olti oy mobaynida iste’mol qilingandan keyin sezila boshlaydi (uni muzlatilgan yoki kukun shaklida ham iste’mol qilish mumkin).

Ko‘katlar

Foto: The Voice
Salat bargi, ismaloq, karam va boshqa ko‘katlar kognitiv funksiyasini oshirishda yordam beradi. Ular tarkibidagi lyutein, foliy kislotasi va beta-karotin miya faoliyati uchun muhim ozuqa sanaladi.

Losos balig‘i

Foto: The Voice
Omega-3 va undagi dokozageksaen kislota (DHA) bosh miyaning yetarli darajada rivojlanishi uchun muhim ozuqa hisoblanadi. Bu noyob yog‘ kislotasi miyada to‘planadi va uning ishlashida muhim rol o‘ynaydi.

Shimoliy dengizlardan olib kelinadigan yuqori sifatli losos balig‘i va qizil ikra xotira va kognitiv funksiyalar faoliyati uchun foydali. Ushbu mahsulotda yuqori miqdorda oqsil, selen, xolin va yod mavjud.

Tarvuz

Foto: The Voice
Tarvuz tarkibida likopen deb ataladigan karotinoid mavjud. Bu o‘simlik birikmasi miya hujayralarini himoya qiluvchi modda sanaladi. Tarvuzning qizil, pushti navlarida yuqori miqdorda likopen mavjud bo‘lsa, sariq va to‘q sariq navlarida kognitiv salomatlikni qo‘llab-quvvatlaydigan boshqa muhim birikmalar mavjud. Masalan, sariq tarvuz qizil, pushti navlarga qaraganda beta-karotinning boy manbai hisoblanadi.

Apelsin

Foto: The Voice
Apelsin ko‘plab ozuqaviy moddalar va o‘simlik birikmalarini: vitamin C, tiamin, vitamin B6 va gesperidinni o‘z ichiga oladi. Ular miya salomatligi uchun juda muhim. American Journal of Clinical Nutrition jurnalida taqdim etilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ikki oy davomida har kuni siqilgan apelsin sharbatini ichish miyaning umumiy kognitiv funksiyasini yaxshilaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Xotirani kuchaytiradigan va miya faoliyatini yaxshilaydigan mahsulotlar