23:17 / 09.03.2024
305

Benzin taqchilligi: muammo nimada?

Benzin taqchilligi: muammo nimada?
Iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasul
Foto: “Daryo”

Joriy yilning 1 mart sanasidan boshlab Rossiya mavsumiy talabning oshishi sababli benzin eksportini vaqtinchalik ayrim davlatlarga to‘xtatdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu cheklov 6 oygacha amalda bo‘ladi. Lekin bu eksport taqiqi YEOII mamlakatlari, Mo‘g‘uliston, O‘zbekiston, Abxaziya va Janubiy Osetiyaga kelishilgan yetkazib berish hajmlariga taalluqli bo‘lmaydi.

Xo‘sh, Rossiya nega benzin eksportiga taqiq qo‘ymoqda? Bu O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi? O‘zbekiston yonilg‘i muammosini qanday qilib hal qilishi mumkin? “Daryo” ushbu savollar bilan iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasulga yuzlandi.

– Nega Rossiya ayrim davlatlarga benzin eksportini taqiqladi?
– 27 fevral kuni Rossiya energetika vaziri 1 mart sanasidan boshlab bir nechta davlatlardan tashqari qolgan barcha mamlakatlarga benzin eksporti 6 oyga to‘xtatilishini ma’lum qildi. Menimcha, 6 oydan keyin ham bu cheklov amalda bo‘ladi. Buning sababi so‘nggi vaqtlarda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda juda qiziq voqealar yuz bermoqda. Ukrainaning uzoq masofaga uchuvchi dronlari Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qilib, ularni ishdan chiqarmoqda. Hozir Rossiyada neftni qayta ishlovchi jami 31 ta zavod mavjud. Rossiya neftni qayta ishlash bo‘yicha dunyoda 3-o‘rinda turadi. 2023 yilda Rossiya 527 million tonna neft ishlab chiqargan va shuning yarmini o‘zida qayta ishlagan. 2022 yilning dekabr oyida Yevropa Ittifoqi Rossiyaning neft va neft mahsulotlariga sanksiya kiritgan edi. Yevropa Ittifoqi sanksiya kiritgani bilan boshqa mamlakatlar Rossiyadan neft va neft mahsulotlarini sotib olayotgandi.

2024 yilning yanvar va fevral oylarida Ukraina Rossiyaning 7 ta neftni qayta ishlovchi zavodiga hujum amalga oshirdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ikki oy ichida Rossiya benzindan 37 foiz, dizel yonilg‘isidan 24 foiz, aviakerosindan 19 foiz eksportini yo‘qotgan. Ya’ni Ukrainaning dron yordamida zarbalar berishi oqibatida Rossiya shuncha eksportini yo‘qotmoqda. Mart oyida yo‘qotishlar bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin.

Harbiy bloger, iste’fodagi polkovnik Roman Grigorevich Svitan berayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Ukraina uzoq masofaga uchib boradigan dronlar bilan qurollanmoqda. Rossiyaning asosiy neftni qayta ishlovchi zavodlari G‘arb tomonda joylashgan. Mana shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, yozga borib Rossiyaning neftni qayta ishlovchi zavodlariga dron hujumlari ko‘payishi mumkin. Ayrim iqtisodiy tahlilchilar yozga ham yetib bormasdan qishloq xo‘jaligida dizel va kerasin yonilg‘isi taqchilligi yuzaga kelishini yozmoqda.

Polkovnik Roman Svitan Ukraina 2024 yilda Rossiyaning barcha neft zavodlarini yo‘q qilishimiz kerak, deb aytmoqda. Albatta, Rossiya shundoq qarab turmaydi. Lekin Rossiyaning neft zavodlariga bo‘lgan xavf tobora jiddiylashib bormoqda.

– Agar Rossiyada benzin eksporti borasida muammolar kelib chiqsa, bu O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi? Chunki hozirda Rossiya O‘zbekistonga benzin yetkazib beradi.
– 2023 yilda O‘zbekiston 371 ming tonna benzin import qilgan. Shundan 100 ming tonna benzinni “Uzgazuel”, 271 ming tonna benzinni qolgan xususiy korxonalar olib kirgan. Benzin importining 97,7 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Turkmaniston va Belarusdan 0,06 foiz benzin import qilingan. 2023 yilda Rossiyadan 300 ming tonna xom neft import qilingan. Nima uchun benzinni faqat Rossiyadan olishimiz kerak, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy. Chunki Rossiya 1 litr tayyor benzinni 0,40 sentdan sotgan. Turkmaniston va Belarus bo‘lsa 1 litr benzinni 0,65 sentdan sotgan. Ya’ni Rossiyaning benzini ancha arzonroq.

Xalqimiz O‘zbekiston neft va gazga boy davlat, deb o‘ylaydi. Lekin aslida unday emas. Qozog‘iston 2023 yilda 93 million tonna neft qazib olgan. O‘zbekiston esa 700 ming tonna. Hatto 1 million tonna ham emas. Yildan yilga O‘zbekistonda neft qazib olish kamayib bormoqda.

– Lekin mustaqillik yillari otilib chiqqan neft buloqlarini hatto tank bilan to‘xtatganmiz. Bundan tashqari, O‘zbekiston gazi 100 yilga yetadi, degan prognozlar berilgan-ku!?
– 1 dona neft bulog‘i 32 millionlik aholiga ega bo‘lgan O‘zbekistonga hech narsa emas. Siz aytgan neft bulog‘i va gaz zaxiralari bo‘yicha gaplar mustaqillik yillari xalqni ruhlantirish uchun o‘ylab topilgan. Yildan yilga neft qazib olish hajmi tushib bormoqda.

To‘g‘ri, O‘zbekistonning 1,7 milliard kub/metr gaz zaxirasi bor. Ammo yer tagida, uni qazib olish kerak. 2023 yilda O‘zbekiston 32 milliard kub/metr gaz qazib olgan. Agar shu tempda qazib olsak, gazimiz 50 yilga yetishi mumkin. Lekin sanoatimiz tez rivojlanmoqda, gazga bo‘lgan ehtiyoj oshib bormoqda. O‘zbekiston aholisiga 12 milliard kub/metr gaz yetishi mumkin. Biroq 5 ta katta-katta gazni qayta ishlovchi zavod va gazda ishlovchi issiqlik elektr stansiyalarimiz bor. Ularni ham ishlatishimiz kerak. Qashqadaryo viloyatidagi GTL gazni qayta ishlovchi zavodining ishlashi uchun bir yilda 6 milliard kub/metr gaz kerak.

– Shunday mamlakatlar borki, neft qazib olmasa ham, ularda bizchalik yonilg‘i muammosi yo‘q. Misol uchun, Gruziya. Yoki bo‘lmasa, qo‘shni Qozog‘istonda benzin bizdan ko‘ra ancha arzon va sifatli. Bizdagi yonilg‘i yetishmasligining asl sababi nimada?
– Haqiqatan ham, Gruziyada neft zaxiralari umuman yo‘q. Lekin Gruziyada Poti porti mavjud. Agar O‘zbekistonda ham port bo‘lganida, bu portga istalgan davlatdan neft tankeri kelib, neft quyib ketishi mumkin edi. Ammo bizda bunday imkoniyat yo‘q. Hozirgi kunda O‘zbekiston faqat 2-3 ta davlatdan yonilg‘i import qilishi mumkin. Bular: Rossiya, Qozog‘iston yoki Turkmaniston. Atrofda boshqa davlatdan olishga na logistika, na truba bor. Mana muammolar qayerda!

Qozog‘iston katta hajmda benzin sota olmaydi. Turkmanistonda bunday imkoniyat mavjud. Lekin bular bizga qimmat narxda benzin sotadi.

– Turkmaniston va Qozog‘istondan tashqari yana qaysi mamlakatlardan yonilg‘i import qilsak bo‘ladi?
– Bu borada O‘zbekistonga Eron va Ozarbayjon yordam berishi mumkin. 2023 yilda O‘zbekiston Ozarbayjondan 2 ming tonna benzin import qilgan edi. Demak, Ozarbayjondan benzin import qilsak bo‘ladi. Agar neftni o‘zimizda qayta ishlamoqchi bo‘lsak, neftning narxi ancha arzon bo‘lishi kerak. 2023 yilda O‘zbekiston 1 million 327 ming tonna benzin ishlab chiqargan.

Eron bilan hamkorlikda sanksiyalarga qarash kerak. Agar Eronning naft mahsulotlariga sanksiya kiritilmagan bo‘lsa, Eron bilan yonilg‘i masalasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Chunki neft mahsulotlari bo‘yicha faqat Rossiyaga bog‘lanib qolishimiz kerak emas.

– O‘zbekiston o‘zida benzin muammosini hal qilish uchun nimalar qilishi kerak?
– Fikrimcha, O‘zbekistonda xususiy operatorlarni ko‘paytirish kerak. Xususiy firmalar istasa, Qozog‘istondan yoki Turkmanistondan benzin olib kiraversin. Nima uchun O‘zbekistonda faqat 10 dona operator mavjud? Operatorlar 50-70 ta bo‘lib, o‘zaro raqobat qilsin. Lekin shunda ham benzin narxi juda tushib ketmaydi.

Biroq O‘zbekistonning strategik maqsadi — yonilg‘iga ixtisoslashgan texnologik doiradan chiqib ketish bo‘lishi kerak. Ya’ni sanoatni yashil energiyaga o‘tkazib, avtomobillarni ham elektromobillarga o‘zgartirish lozim. Xitoy shu yo‘ldan bormoqda.

Jurnalist Sardor Ali suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Benzin taqchilligi: muammo nimada?