
O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva energetika va investitsiyalar sohasidagi eng yirik hamkorlardan biri hisoblangan “ACWA Power” kompaniyasi raisi, shuningdek “Vision Invest” direktorlar kengashi a’zosi Muhammad Abunayan bilan muhim uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida mamlakatimiz taraqqiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadigan qator strategik loyihalar muhokama qilindi.

Uchrashuvning asosiy maqsadi — iqtisodiyotni zamonaviy qiyofa kasb ettirish, aholi yashash sifati va imkoniyatlarini yanada oshirishga xizmat qiladigan yirik tashabbuslarni amalga oshirishdan iborat bo‘ldi. Tomonlar energetika, sog‘liqni saqlash, raqamli texnologiyalar va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalarni jadal davom ettirish borasida fikr almashdi.

Ayniqsa, keyingi yillarda investitsiya muhiti barqarorlashib, iqtisodiy o‘sish sur’atlari qayd etilayotgan Qoraqalpog‘istondagi istiqbolli loyihalar alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Ushbu hududda amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan energetik, infratuzilmaviy hamda sanoat yo‘nalishidagi tashabbuslar mamlakat miqyosida muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

Saida Mirziyoyeva uchrashuvga doir fikrlarini o‘zining Telegram kanalidan joylab, hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, O‘zbekistonning strategik sheriklari bilan olib borayotgan ochiq muloqot va o‘zaro ishonch kelgusi loyihalarning yanada samarali kechishiga xizmat qiladi.
Muloqot yakunida tomonlar barqaror rivojlanish, toza energiya, innovatsiya va inson kapitalini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanini bildirishdi. Bu esa kelgusi yillarda O‘zbekistonda amalga oshiriladigan islohotlar va loyihalar hajmini yanada kengaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.