
JCH-2026 qur’a tashlash marosimi bugungi kunda nafaqat futbol ishqibozlari, balki butun jahon sporti qiziqish markaziga aylangan. Ayniqsa, tarixda ilk bor mundialda qatnashadigan mamlakatlar uchun bu jarayonning ahamiyati yanada yuqori. O‘zbekiston uchun esa bu — yangi bosqich, yangi imkoniyat va o‘z salohiyatini namoyish qilish uchun eng katta sahna.
Tajribali mutaxassis, milliy futbolimizda mustahkam iz qoldirgan Ravshan Haydarov qur’a oldidan o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi. Unga ko‘ra, haddan tashqari kutilmalarga berilmaslik, voqelikka xolis qaray olish juda muhim.
«Jahon chempionati qur’asi oldidan ortiqcha illyuziyalar yaratish to‘g‘ri deb hisoblamayman. Savatchalar tarkibiga qarasak, birinchi savatning o‘zidayoq dunyo futbolining yirik grandlari to‘plangan. Mundialda “oson raqib” degan tushuncha yo‘q. Lekin bu — O‘zbekiston uchun to‘siq emas. Terma jamoamiz kimga qarshi maydonga tushmasin, faqat qatnashish uchun o‘ynamaydi. Chunki oxirgi yillarda bizda yuqori saviyali ijrochilar yetilib chiqdi. Abduqodir Husanov, Eldor Shomurodov, Abbos Fayzullayev kabi yigitlar buni amalda isbotlab qo‘yishgan. Oston O‘runov sport formasini ushlab tursa, u ham o‘z so‘zini aytadi.
O‘tgan FIFA kunlaridagi Misrga qarshi bellashuvni eslaylik — u o‘yinning o‘zi biz istalgan raqib bilan raqobat qilishga qodir ekanimizni ko‘rsatib berdi. Shu sabab, taxmin qilishni xush ko‘rmayman: kim tushsa — o‘sha bilan o‘ynaymiz. Muhimi, bizning bolalar maydonda o‘z xarakterini ko‘rsata olsin. Qur’adan keyin esa raqiblar haqida aniqroq gapirish mumkin», – dedi Haydarov.
Haydarovning fikrlaridan kelib chiqsa, O‘zbekiston bu musobaqada o‘zini aniq maqsad bilan namoyon etadigan jamoa sifatida ishtirok etadi. Haqiqiy sinovlar endi boshlanadi, ammo ishonch, ruh va salohiyat — bir jihatda mujassam.
Eslatib o‘tamiz, qur’a tashlash marosimi bugun Toshkent vaqti bilan 22:00 da start oladi. Muxlislar esa o‘sha daqiqalarni katta intizorlik bilan kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.