
Jahon chempionati futbol olamining eng sharafli va nufuzli musobaqasi sifatida tan olinadi. Dunyo bo‘ylab millionlab ishqibozlar har to‘rt yilda ana shu musobaqani sabrsizlik bilan kutadi. Terma jamoalar uchun esa mundialda qatnashish — orzu emas, balki o‘z yo‘lini tasdiqlaydigan eng katta marra. Bu yil O‘zbekiston futbol tarixi uchun o‘chmas sahifa yozildi — milliy terma jamoamiz ilk bor jahon birinchiligi yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Endi esa barcha intiqlik bilan kutayotgan bosqich — qur’a tashlash marosimi yaqin. Qur’a jarayoni nafaqat jamoaning kelgusi raqiblarini belgilaydi, balki bizni mundialdagi birinchi qadamlar qanday ruhda boshlanishi haqida ham ma’lum tasavvur beradi.
O‘zbekiston terma jamoasining sobiq himoyachisi, tajribali mutaxassis Davron Fayziyev ham ushbu qahramonlik yo‘li, kutilmalar va ehtimoliy raqiblar haqida o‘z mulohazalarini bildirdi.
"Hamma qatori men ham qur’a tashlash marosimini katta hayajon bilan kutyapman. Rostini aytsam, jamoamizga Argentina, Angliya, Gana yoki Senegal to‘g‘ri kelishini istardim. Chunki biz kuchli jamoalar bilan raqobat qilishdan qo‘rqmasligimizni ko‘rsata oldik. Jahon chempionatiga tasodifan chiqqanimiz yo‘q — bu mehnat, ishonch va o‘zimizni namoyish qilish natijasi. Shu bois, kuchli raqiblar chiqishidan qochish kerak deb o‘ylamayman. Aksincha, munosib raqiblar bo‘lsin", – dedi Fayziyev.
Uning fikrlariga ko‘ra, O‘zbekiston uchun bu musobaqa nafaqat debyut, balki o‘z salohiyatini jahonga namoyon qilish imkoniyati hamdir. Sog‘lom raqobat, kuchli jamoalarga qarshi maydonga tushish — futbolchilar uchun ham, butun mamlakat uchun ham katta ruhiy tajriba.
Eslatib o‘tamiz, qur’a tashlash marosimi bugun Toshkent vaqti bilan 22:00 da start oladi. Millionlab yurtdoshlar ushbu daqiqalarni katta intizorlik bilan kutmoqda.
O‘zbekiston futbol tarixida yangi bo‘lim ochilayotgan bu kunlarda esa bitta hissiyot umumiy: ishonch, g‘urur va yangi cho‘qqilarga intilish.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.