
AQShdagi mashhur Philly cheesesteak restorani egasi Ken Silver so‘nggi yillarda go‘sht narxining muttasil oshib borayotgani tufayli o‘z mijozlariga xizmatni qanday davom ettirish haqida bosh qotirmoqda. Narx oshishi muammo bo‘lishi mumkin, lekin sifatdan voz kechishga unchalik tayyor emas.
AQShda chorvachilik miqdori kamaygan, talab esa yuqori bo‘lib qolayotgan bir paytda, mol go‘shti narxi har yili keskin oshib bormoqda. AQSh rasmiy statistikalariga ko‘ra, 2025-yil iyun oyida bir funt (454 gramm) mol go‘shti qiymati o‘rtacha $6.12 (taxminan 76,000 so‘m)ni tashkil etdi — bu o‘tgan yilga nisbatan 12% ko‘pdir. Steyklar uchun esa bu ko‘rsatkich $11.49 ga yetgan.
Bu tendensiya yirik shaharlardagi ko‘plab restoranlarga, ayniqsa go‘sht asosidagi taomlarga ixtisoslashgan kichik bizneslarga jiddiy bosim o‘tkazmoqda. Shulardan biri – Filadelfiyadagi “Jim’s South St.” restorani.
“Jim’s South St.” restoraniga 1976-yilda asos solingan. Bugungi kunda uni Ken Silver boshqaradi. U ta’kidlaydi: “Go‘sht narxi o‘tgan yilga qaraganda yana $1 oshdi. 2024-yilda biz yong‘indan keyin qayta ochilganda allaqachon 50% qimmatga sotib olayotgandik – bu juda jiddiy o‘sish.”
Ken Silverning asosiy muammosi – mijozlarga sifatli, lekin arzon taom taqdim etish istagi bilan moliyaviy bosim o‘rtasidagi muvozanatni saqlash. Masalan, 2022-yilda $11.49 bo‘lgan sendvich hozirda $13.49 turadi. Narx ko‘tarilgan, ammo daromad esa kamaygan.
“Biz hozircha xarajatni o‘z bo‘ynimizga olyapmiz, lekin yozgi barbekyu mavsumi tugagach, narxlar pasayadi degan umiddamiz,” — deydi Silver.
Sendvichlar orqasidagi iqtisodiyot
Philly cheesesteak – bu Amerikada juda mashhur taom. U yupqa to‘g‘ralgan mol go‘shti, eritilgan pishloq va qovurilgan piyozdan iborat. Mijozlar turli xil qo‘shimchalar ham tanlashi mumkin. Filadelfiyadagi ko‘plab restoranlar ushbu sendvichni o‘ziga xos retsept asosida tayyorlab, uni shaharning gastronomik brendiga aylantirgan.
Ammo go‘sht narxining o‘sishi bu klassik sendvichni ham qimmatlashtirmoqda. Ba’zi restoranlar “market price” – ya’ni har kuni bozor narxiga qarab belgilangan narx tizimiga o‘tish haqida o‘ylayapti. Bu usul odatda dengiz mahsulotlari uchun qo‘llaniladi, ammo endilikda mol go‘shti uchun ham aktual bo‘lishi mumkin.
Mijozlar nima deydi?
Mijozlardan biri, Bryan Uilliams, narx oshishi uni sendvichdan voz kechishga undamasligini aytdi:“Hammasi qimmatlashayotgan bir paytda bu tabiiy hol. Ular bundan qochib qutula olmaydi. Men baribir buyurtma beraman.”
Bu fikr – ko‘plab amerikalik iste’molchilarning kayfiyatini ifodalaydi. Narxlar o‘sib borayotgan bo‘lsa-da, sifatli xizmat va odatiy taomdan voz kechishga tayyor emaslar.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!