date

Xitoy suv ostida yashirin harakatlanuvchi “arvoh” dron yaratdi

Xitoy suv ostida yashirin harakatlanuvchi “arvoh” dron yaratdi

Xitoylik muhandislar yana bir ilmiy yutuqni namoyish etdi — ular suv ostida yashirincha harakatlanishga qodir, meduza shaklidagi “arvoh” dronni yaratishdi. Bu haqda South China Morning Post nashri ma’lum qildi.

Shimoli-g‘arbiy politexnika universitetining mexanika va elektrotexnika fakulteti tadqiqotchisi Tao Kay boshchiligidagi jamoa ishlab chiqqan mazkur qurilma “suvosti fantomi” nomi bilan tanildi. Olimlar ta’kidlashicha, bu dron suvga tushganidan so‘ng haqiqiy meduzadan farq qilmaydi. Uning harakati tabiiy ko‘rinishi tufayli dron suvda yashirin monitoring olib borish, biologik muhitni kuzatish va suvosti infratuzilmalarini tekshirishda noyob imkoniyat yaratadi.

Tao Kayning so‘zlariga ko‘ra, dronning energiya sarfi juda kam, u deyarli shovqin chiqarmaydi va tashqi ko‘rinishi tabiiy meduzaga juda o‘xshash. Bu xususiyatlar uni chuqur suvlarda ekologik tahlil va yashirin missiyalar uchun ideal qurilmaga aylantiradi.

Meduza-dronning asosiy qismi shaffof gidrogel elektrod materialidan yasalgan bo‘lib, uning tanasi soyabon shaklidagi bosh va harakatlanuvchi paychalardan iborat. Qurilmaning diametri 120 millimetr, og‘irligi esa atigi 56 gramm.

Robot harakatlanish uchun elektrostatik gidravlik aktuatordan foydalanadi — bu mexanizm haqiqiy meduzaning tabiiy harakatlarini taqlid qiladi. 28,5 millivatt quvvatda ishlaydigan dron suv ostida deyarli hech qanday fizik yoki akustik iz qoldirmaydi. Bu unga uzoq muddatli yashirin kuzatuvlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Meduza-dron miniatyura kamera moduli va ichki sun’iy intellekt chipi bilan jihozlangan. Bu unga to‘plangan ma’lumotlarni mustaqil tahlil qilish va zaruratda real vaqtda signal uzatish imkoniyatini beradi.

Mutaxassislar fikricha, bu yangilik suv osti tadqiqotlari, ekologik monitoring va harbiy razvedka sohalarida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. Xitoyning bu loyihasi suvosti robototexnikasida yangi avlodning boshlanishi sifatida baholanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy suv ostida yashirin harakatlanuvchi “arvoh” dron yaratdi