
Bugungi kunda dunyo bo‘ylab ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqatning uchdan bir qismi iste’molchilarga yetib bormasdan chiqindiga aylanadi. Bu nafaqat iqtisodiy yo‘qotish, balki ekologik muammo hamdir. Hisob-kitoblarga ko‘ra, tashlab yuborilayotgan mahsulotlar har yili trillionlab dollar zarar keltirmoqda.
Oziq-ovqat chiqindilarining eng katta qismi restoranlar, savdo markazlari va uy xo‘jaliklarida paydo bo‘ladi. Odamlar ko‘pincha kerakligidan ortiq ovqat tayyorlaydi yoki muddati o‘tgan mahsulotni darhol tashlab yuboradi. Aslida esa bu mahsulotlarning aksariyati hali iste’mol qilishga yaroqli bo‘ladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish orqali issiqxona gazlarini ham sezilarli darajada kamaytirish mumkin. Chunki ishlab chiqarilgan, ammo iste’mol qilinmagan oziq-ovqatning har bir kilogrammi ishlab chiqarish, tashish va saqlash jarayonida katta energiya sarfini talab qiladi.
Ayrim davlatlarda bu muammoni kamaytirish uchun maxsus dasturlar joriy etilgan. Masalan, Fransiyada restoran va do‘konlarga sotilmagan oziq-ovqatni xayriya tashkilotlariga topshirish majburiyati yuklatilgan. Shunga o‘xshash tashabbuslar ko‘plab mamlakatlarda ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Oddiy odamlardan tortib, tadbirkorlargacha har kim isrofga chek qo‘ysa, bu nafaqat iqtisodiyot, balki tabiat uchun ham foydali bo‘ladi. Zero, har bir non bo‘lagi mehnat, suv va energiya bilan yaratilgan boylikdir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!