date

Akfa AQShda $600 mlnlik zavod qurmoqda


O‘zbekistonning Akfa kompaniyasi AQShning Kentukki shtatida yangi zavod qurilishini boshladi. Investitsiyalar umumiy hajmi $600 millionni tashkil etadi, dedi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida.

Rejaga ko‘ra, zavod alyuminiy mahsulotlari, avtomobillar uchun ehtiyot qismlar hamda quyosh panellari uchun detallar ishlab chiqarishga ixtisoslashadi. Ortiqxo‘jayevning ta’kidlashicha, loyihaning birinchi bosqichida $105 million miqdorida investitsiya kiritiladi.

Qurilish jarayoniga noma’lum turk kompaniyasi ham jalb qilingan. O‘tgan hafta AQSh Prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston 2028-yilgacha AQShdan mahsulotlar xarid qilishi va iqtisodiyotga $35 milliard investitsiya kiritishi, kelgusi o‘n yilda esa bu ko‘rsatkich $100 milliarddan oshishini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, Toshkent AQSh kompaniyalari bilan noyob yer resurslari sohasida ham hamkorlik qilishni rejalashtirgan. O‘zbekiston AQShning Boeing korporatsiyasidan 22 dona samolyot sotib olishi, shuningdek, Amerika qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilaridan soya dukkaklari va shrot xarid qilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent va Vashington sun’iy intellekt hamda suvni tejash texnologiyalari sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi Nvidia kompaniyasidan sun’iy intellekt uchun klaster uskunalarini xarid qilishni rejalashtirgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Agar kod o‘qilmasa, yangilash uchun rasmga bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Akfa AQShda $600 mlnlik zavod qurmoqda