
O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar bilan nikoh masalasiga oid javobgarlikni ancha kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Bu xotin-qizlar va bolalarning huquqlarini yanada mustahkam himoya qilishga qaratilgan yangi qonun loyihasida nazarda tutilgan.
Loyihaga muvofiq, yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzishga qat’iy cheklovlar kiritilmoqda. Jumladan, tog‘a, amaki, amma va xolalarning jiyanlari bilan, shuningdek, tog‘avachcha, amakivachcha, ammavachcha va xolavachchalar o‘rtasida nikoh qilish taqiqlanishi mumkin. Faqat farzandlikka olish holatlarida, agar haqiqiy qon-qarindoshlik mavjud bo‘lmasa, istisnolar qo‘llaniladi.
Shu bilan birga, ayrim holatlarda — homiladorlik yoki bola tug‘ilishi sababli — tuman yoki shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirish vakolatiga ega bo‘ladi.
Eng asosiy yangilik — jazolarga taalluqli. Agar nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh munosabatlariga kirishish avval ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takror sodir etilsa, jarima miqdori keskin oshirilishi mumkin. Yangi me’yorlarga ko‘ra, jarima BHMning 50–100 baravarigacha, ya’ni 20 milliondan 41 million so‘mgacha yetishi, yoki majburiy jamoat ishlari hamda axloq tuzatish ishlari qo‘llanilishi ko‘zda tutilmoqda.
Hozirgi qonunchilikda esa bu turdagi qilmish uchun ancha yengil jazo choralari amal qiladi. Shu bois, loyiha jamiyatda bolalar manfaatini ustuvor qo‘yishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.