
Madridning "Real" klubi kelasi yozgi transfer oynasi oldidan jamoa tarkibini mustahkamlash ustida jiddiy ish boshladi. Ayniqsa, markaziy himoya chizig‘ini kuchaytirish «qirollik klubi» rahbariyatining asosiy vazifalaridan biri sifatida qaralmoqda.
Goal nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, madridliklar himoyachilar bozorini chuqur tahlil qilib chiqqan. Natijada klub bir qator mashhur nomzodlardan voz kechishga qaror qilgan. Xususan, "Liverpul" vakili Ibrahima Konate, "Bavariya" himoyachisi Dayot Upamekano hamda "Kristal Pelas" futbolchisi Mark Gehi variantlari endilikda ko‘rib chiqilmaydi.
Endi e’tibor asosan ikki yangi nomga qaratilgan. Ulardan biri — "Borussiya Dortmund" safida barqaror o‘yin ko‘rsatayotgan Niko Shlotterbek. Shuningdek, "Renn" jamoasida to‘p surayotgan Jeremiy Jakede ham madridliklar skautlari diqqat markazida turibdi.
Bundan tashqari, klub o‘z akademiyasi tarbiyalanuvchilarini ham chetda qoldirgani yo‘q. "Kastilya" a’zosi Xoan Martinesning o‘sishi sinchiklab kuzatilmoqda. Shu bilan birga, hozirda "Komo"ga tegishli bo‘lgan, ammo qaytarib olish imkoniyati saqlanib qolgan Xakobo Ramon ham rejalar ro‘yxatidan joy olgan. Manbalarga ko‘ra, uning shartnomasida kelasi yozda taxminan 8 million yevroga sotib olish bandi mavjud.
Qisqasi, «Real» himoya chizig‘ini yangilashda shoshma-shosharlik qilmoqchi emas. Klub rahbariyati kelajakka qaratilgan, barqaror va uzoq muddatli yechimni tanlashni maqsad qilgan. Muxlislar esa yozgi transfer oynasini katta qiziqish bilan kutishi aniq.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.