BMT hisob-kitobiga ko'ra O'zbekiston iqtisodiyoti 2025 yilda 7,3% ga o'sdi

BMTning dastlabki baholashlariga ko'ra, 2025 yilda O'zbekiston iqtisodiyoti 7,3% ga kengaydi. Bu haqda tashkilotning “Jahon iqtisodiy holati va 2026 yil uchun istiqbollar” nomli hisobotida qayd etilgan. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Hisobotda yaqin yillarga prognozlar ham keltirilgan: joriy yilda mamlakat YAIM o'sishi 6% gacha sekinlashishi, keyingi yilda esa 5,9% atrofida bo'lishi kutilmoqda.
Inflyatsiya ko'rsatkichlariga to'xtalar ekan, BMT ekspertlari o'tgan yil yakunida narxlar o'sishi 9% darajasida baholanganini bildirgan. Prognozlarga ko'ra, 2026 yilda inflyatsiya 7,1% gacha, 2027 yilda esa 5,6% gacha pasayadi.
BMT tahlilchilariga ko'ra, Qirg'iziston, Tojikiston va O'zbekiston oltin narxlarining ko'tarilishi, infratuzilmaga yo'naltirilgan yirik sarmoyalar hamda turizm sohasining kengayishidan foyda olishda davom etgan. Eslatib o'tamiz, o'tgan yilning 11 oyida O'zbekiston xorijga qariyb 10 mlrd dollar qiymatida oltin eksport qilgan. Dekabr oyida qimmatbaho metall narxi birinchi marta untsiyasi uchun 4,4 ming dollardan oshdi. Narxlarning o'sishiga geosiyosiy vaziyat va global savdodagi keskinlik omil bo'lgani ta'kidlanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!