Iyun oyida O‘zbekiston sudyalari tarixida birinchi bor butun xalq oldida «Adolatli bo‘lishlari» haqida qasamyod qildilar. Men bu tadbirdan boshim osmonga etdi. Chunki, yurtimizda adolatli sudyalar ko‘p. Ularning ushbu «qalb isyoni» tez kunda bilinib, adolatsiz hukmlar bekor bo‘lib, qanchadan-qancha oilalarga quvonch kirib keladi deb o‘ylagandim.
Ammo, negadir bunday xushxabarlarni eshitmayapman. Men xalq xo‘jaligi va iqtisod bo‘yicha huquqshunosman. Iqtisodiy taraqqiyotda sudning roli kattaligini juda yaxshi anglayman. Huquqshunos sifatida agar Sud tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa Jahonning iqtisodi kuchli yigirmataligiga kira olamiz deb umid qilaman. To‘g‘risi, Xudo xohlasa, o‘zimizning qaddimizni o‘zimiz ko‘tara olamiz. Aqlli insonlar ham, mehnatkash insonlar ham bizda ko‘p. Chetdan bizga moliyaviy yordam kerakmas, deb o‘ylayman.
Ummon ortidagi Haybatulloning cho‘ntagi bo‘lgan Xalqaro Valyuta Fondining kreditiga qiziqmadim, qiziqmadim-da. Chunki, bu bank mablag‘i o‘sha erga kirib olgach, tili burro Boyvuchcha juda ko‘p buzg‘unchiliklarni boshlab yuboradi-da. Bergan pulini bir necha barobar qaytarib olsa, jim ketar, balki. Ammo, qaytarolmasakchi? Fisq-fasod-u, ig‘vo g‘iybatlarni urchitib, biron-bir buzg‘unchiliklarni keltirib chiqarsayam, «momiqday oppoq» bo‘lib turaveradi. Endi uning g‘oyaviy hujumlariga biz dosh berolmaymiz, bu aniq.
–Xo‘sh nimani taklif qilasiz, deysizmi?
Taklif bor, xavotir olmang. Faqat dab-durustdan gapirsam tushunmay qolishingiz mumkin. Gapni uzoqdan boshlayman.
Temir yo‘l, avtotransport xizmatlari, avtomobil yo‘llari, tibbiyot, sanatoriy xizmati, savdo xizmati, umumiy ovqatlanish sifati bo‘yicha yon atrofimizdagi qo‘shnilarimizdan oldinroqdadirmiz, balkim. Biroq umumjahon reytingida juda pastdamiz.
Biz bino qurishda, yo‘l qurishda, aholiga ijtimoiy ko‘mak berishda, ijtimoiy imtiyozlar berish sohasida, radio, televedeniedagi oshkoralik sohasida, hatto, ba’zi qo‘shnilarimizdan orqadamiz.
Ammo, bugun bu gaplarni aytishimiz, o‘sha muammolarni echishga bo‘lgan katta qadam ekanligini ham unutmang.
Bu ishlarning boshqa mamlakatlarda ilgarilab, rivojlanib ketishini uchta ustuvor dalil bilan tushuntirsa bo‘ladi:
1. XUSUSIY MULK;
2. XUSUSIY MULK;
3. XUSUSIY MULK.
Xususiy mulkning ustunlik tomoni nimada?
Avvalo, to‘lov intizomida. To‘lov intizomi deganda balandparvoz gaplar kerakmas.
Sotilgan mahsulot yoki ko‘rsatilgan xizmatning pulini joyida to‘lash degani xolos.
Paxta hosili terimini kuchaytirishning sharti, dalaning o‘zida terilgan paxta uchun pul to‘lash kabi, har bir ishda pulini o‘z vaqtida bering, olam guliston.
Nega paxta terimi mavsumida chevar terimchilarimiz hujjatlarni qonuniy rasmiylashtirib qo‘shni Qozog‘istonga o‘tib paxta terib kelishyapti?
U erda hasharchi-ishchining emog‘iyam, yotog‘iyam bepul. Terim puli biznikiga nisbatan uch, to‘rt marotaba ko‘p. Asosiysi o‘z vaqtida to‘lanadi.
Buning hammasi oddiy so‘z bilan tushuntiriladi. Qozog‘istonda paxta sotib oluvchi fermer XUSUSIY MULKDOR.
Bizda paxta biznesi DAVLATniki…
Xususiylashtirilgan o‘zimizning o‘zbekcha biznesdan misol keltirsam – apteka biznesi, yonilg‘i quyish shoxobchasi biznesi.
Pulini bermasangiz, dori berilmaydi, yonilg‘i quyilmaydi. Hisob-kitob joyida bo‘lgani tufayli baraka o‘sha erda bo‘ladi.
Agar aptekachi yoki yonilg‘i quyish bilan shug‘ullanuvchi boy tadbirkorga «xalqing uchun bir yordam ber» -deya, unga er uchastkasi ajratib, aholi uchun arzon-garov uylarni necha pulga qurarding?-deb so‘rasangiz, uning hisob-kitobi ancha arzon summadan iborat bo‘ladi. Misol uchun u 150 million so‘mga davlat tomonidan qurilayotgan uylarni, aptekachi yoki yonilg‘ichi 100 million so‘mga qurib bitkazishi mumkin. Naqd pulga esa undan-da arzon bo‘lishi mumkin.
Chunki, bu kallasi joyida tadbirkor, o‘z xususiy pulini sarflashda MOLIYa VAZIRIdan kam emas. U albatta, qurilish materiallari arzonini qidirib topadi, ishchilarni oylik, haftalik yoki kunlik maoshini ham o‘z vaqtida berib ish unumdorligini oshiradi. Ertaga u o‘zi uchun alohida g‘isht zavodi qurishi ham mumkin. Bunda uy tannarxi yanada arzon bo‘ladi.
Toshkentda zamonaviy talablarga to‘la javob beradigan, har tomonlama qulay uylar qurib sotuvchi tadbirkorlar bor. Ular ishchi kuchini mardikor bozorlaridan oladi. Ishchining eyishi, ichishi, yotog‘i, ish haqini o‘z vaqtida berishi hisobiga bunday tadbirkorlar qurdirayotgan uylarda ish unumdorligi juda yuqori.
Ammo, unga davlat buyurtmasi bo‘yicha arzon-garov uy qurib sotish biznesiga kir deyilsa, u kirmaydi.
Nega?
Chunki, arzon-garov qurilayotgan uylarda buyurtmachi hokimiyat. Hokimiyat ishni rejali olib boraman,-deya kimgadir g‘isht, kimgadir sement, kimgadir shifer, kimgadir santexnika buyumlarini etkazib berishni oldindan topib qo‘ygan bo‘lsa, ish pachava. Qurilayotgan uylarni tannarxini arzonlashtirish haqida gap bo‘lishi mumkin emas.
Hokimiyatning aralashuvi asosida ishchiga, mulkdorga pul etib borishida «to‘xtash» bekatlari ko‘payayapti desam, kimdir mening fikrlarim noto‘g‘riligini aytsa, men xatoimni tan olaman. Har qanday ishda pul «to‘xtash» bekatlarini kamaytirsak, taraqqiyotimiz tezlashadi.
Xususiy mulkdor osonlik bilan bu mablaqqa ega bo‘lmagan. O‘zbekistonda yashab, yiqqan pulini xalq farovonligi uchun sarflashga bel bog‘lagan o‘zbek dollarli millioneri – bu avvalo, vatanparvar kishi!
Millionlab yiqqan dollarini O‘zbekiston iqtisodiga kiritmasdan chet ellarda biznes yuritayotgan o‘zbek boylari haqidagi gaplar ham onda-sonda quloqqa chalinib qoladi. Shuni bilingki, bular juda iste’dodli, zukko biznesmenlardir. Ammo, o‘zbek xalqini sevuvchi, vatani uchun qayg‘uradigan vatanparvar degan fikrdan yiroqman. Ular o‘z kapitali uchun qayg‘uradigan boylardir xolos.
Yana bir toifa o‘zbek dollarli millionerlari, balkim milliarderlari borki, ular Ilya Ilf va Evgeniy Petrovning «Oltin buzoq» romani qahramoni moliyachi Koreykoga o‘xshaydi. Ular yiqqan pullarini hech qayoqqa sarflamaydilar. Boy ekanliklarini bildirmaydilar. Aksincha, eski kostyum shim kiyib, biron-bir «Matiz» yoki «Tiko»ni haydab arzon-garov oshxonalarda taomlanib yuraveradilar.
Yuqorida sanab o‘tgan boylar qancha?
Men bilamanki, bular juda ko‘p. Ammo, ularning ko‘pchiligi bu boyliklarni davlat vazifasida o‘tirib topgani uchun o‘z boyliklarini oshkor qilishmaydi.
Siz menga O‘zbekistonda muqim ishlayotgan, doim daromad topayotgan va yigirma yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan bironta gigant, ya’ni kamida 10.000 (o‘n ming)ta ishchi-xodimi bor firmaning nomini ayting?
Yo‘q!
Ammo, bunday ishchi o‘rni yaratishi mumkin bo‘lgan, aqlli boylar bor. Lekin, ular O‘zbekistonda ishlashni istamaydilar.
Chunki, sudimiz mulkdorlarning mulkini himoya qilishda juda ishonchsizligini amaliyotda ko‘rsatib bo‘ldi. Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yashaydigan bir tanishim bor. Bechora bir parcha er uchastkasi deya 107 marta sud prosessini o‘tkazibdi. Shu bir parcha erning kimniki ekanligi haqidagi nizo Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ham, Xo‘jalik sudlarida ham ko‘rilavergan. Yaqinda bu haqda alohida maqola chiqadi degani uchun, bu ishning tafsilotlariga to‘xtalib o‘tirmayman.
O‘tgan yili iyun oyidan boshlab men internet sahifalariga G‘uzorlik uch aka-uka gruztaksichilar – Qorjov Fayziev, Normamat Mirzaev, To‘ychi Mirzaevlarning G‘uzor tumani markazida joylashgan «G‘uzor ipak yo‘li» savdo majmuasi, Qorjov Fayzievning o‘g‘li Fayziev Vladimirning uchta KamAZ avtomashinasi ularning kuyovlari A.Shoyevga qo‘yilgan ayb bo‘yicha dastlabki tergov davomida jinoiy yo‘l bilan topilib oshkoralashtirilganligi isbotlanmaganligi, sud esa O‘zJPK talablaridan chetga chiqib, tergov davomida qo‘yilgan ayblovni, yanada og‘irlashtirib, qonunga xilof ravishda savdo majmuasi hamda uch dona KamAZni noto‘g‘ri musodara qilib yuborganligini aytgandim.
Bu ish bo‘yicha ish materiallarini ko‘rib chiqqan advokatlarining ta’kidlashicha, sud o‘z vakolatidan chiqib ketgan va qoralov- tergov xulosasidan ham og‘irroq jazo qo‘llab yuborgan. Ammo, bu ishni qayta ko‘rish bo‘yicha yozilgan arizalar Oliy Sud tomonidan deyarli sakkiz yildan buyon ko‘rilmasdan yoki asossiz darajada rad etib kelinmoqda.
Bu orada mulkdorlarning biri, aka-ukalarning eng yoshi To‘ychi Mirzaev bevaqt hayotdan ko‘z yumdi, Normamat Mirzaev insult bo‘lib to‘shakka mixlandi, etmish yoshli Qorjov Fayziev esa yana KamAZ ruliga o‘tirib, kun kechiryapti.
Ular butun umr yiqqan pullariga evaziga qurgan binolari esa mana to‘qqiz yildirki, asossiz ravishda xatlangan holda turibdi.
Bunday bo‘lgach qaysi bir boy kattaroq bino qurishga yoki ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga, ishchi o‘rin yaratishga o‘zida kuch topadi?
Barcha rivojlangan mamlakatlarni qarang!
Rivojlangan Evropa, AQSh, Yaponiyada ba’zi xususiy mulkdorlar faoliyat yuritayotganiga yuz yillardan oshdi. Bu xususiy kompaniyalarda yuz minglab, balkim, ba’zilarida millionlab ishchilar ishlaydilar.
Chunki, ulardagi ADOLATLI SUD TIZIMI mulkdorning peshona terisi bilan topgan pulini tish-tirnog‘i bilan, qonun asosida himoya qiladi. Shu sababli mulkdor o‘z mulkini yanada kengaytirishga urinib, ijodiy mehnat qiladi.
Biz ham bunday natijaga erishishimiz kerak va mumkin.
Buning uchun Sudyalarimiz faqat qonunga bo‘ysungan holda ish yuritishi kerak xolos. Sud Mulkdorga uning mulki xavfsizligini ta’minlash kafolatini bermas ekan, o‘zbek puldori sandiq, yo‘g‘-e, seyfida saqlayotgan pulini xalq, el, davlat taraqqiyoti uchun sarflamaydi.
O‘zimizning fuqarolar pullarini iqtisodimizga solishdan cho‘chib turgan bir paytda chet ellik investorlar kelishini kutish amrimahol. To‘g‘risini aytsam, shu chet ellik investorlarga ko‘pam ishonmayman. Agar o‘zimizning boylar haqiqatda kapitallarini o‘z iqtisodimizga kiritsalar, qonunlarimizdagi chalkashliklar ham bartaraf bo‘lar, biz esa investorni kiritish, kiritmaslikni o‘ylab ko‘radigan holatda bo‘lardik.
Muallif: Anvar Shukurov
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi