13:03 / 15.09.2017
8 530

O‘zbekistonda inflyatsion targetlash tartibi joriy etiladi

Ўзбекистонда инфляцион таргетлаш тартиби жорий этилади
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 sentyabr kuni “Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjatda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholi turmush darajasini yaxshilash uchun pul-kredit siyosatining mavjud vositalarini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etilgan.

Qaror bilan Markaziy bankning o‘rta muddatli istiqbolda pul-kredit siyosati maqsadlariga erishish mexanizmlari va prinsiplarni, jahondagi markaziy banklar tomonidan ichki narxlar barqarorligini ta’minlashda qo‘llaniluvchi inflyatsion targetlash tartibiga (Inflyatsion targetlash – bu o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya maqsadini belgilash va unga erishishga qaratilgan pul siyosati rejimi) qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha taklifi tasdiqlandi.

Markaziy bank, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi tomonidan 2017-2021 yillar davrida pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish va inflyatsion target rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha ishlab chiqilgan Chora-tadbirlar majmui tasdiqlandi.

Markaziy bankka 2018 yil 1 martgacha pul-kredit siyosatini amalga oshirish va rivojlantirish o‘rta muddatli Konsepsiyasini hamda konsepsiyani 2018-2021 yillarda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasini» ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi topshirildi.

Unda inflyatsion target rejimiga quyidagi yo‘llar bilan bosqichma-bosqich o‘tish nazarda tutilgan bo‘lishi kerak:

umumiqtisodiy, soliq-byudjet va pul-kredit siyosatini muvofiqlashtirish amaliyotini takomillashtirish, iqtisodiy o‘sish maqsadlari, davlat byudjeti balansi va iqtisodiyotdagi narx darajasining barqarorligi bo‘yicha maqsadlar muvofiqligi hamda o‘zaro aloqalarini ta’minlashga alohida e’tibor berish;

likvidlikni taqdim etish va jalb qilish operatsiyalari bo‘yicha samarali foydalanadigan foizli pul-kredit siyosati vositalarini kengaytirish;

tijorat banklari tomonidan foiz stavkalarini shakllantirish uchun bozor mexanizmlarini, shu jumladan, kreditlar bo‘yicha keng qo‘llash;

makroiqtisodiy tahlil va prognozlarning eng yaxshi xorijiy tajriba modellariga muvofiq takomillashtirish;

pul-kredit siyosatining shaffofligi va oldindan taxmin qilinish imkoniyatini oshirish, jumladan, qo‘llaniladigan vositalar va olib boriladigan siyosatning asosiy maqsadlari to‘g‘risida axborot berish maqsadida jamoatchilik bilan munosabatlarni mustahkamlash.

Joriy yilning 1 oktyabrigacha respublika moliya bozorini, shu jumladan, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda davlat qimmatli qog‘ozlar bozorini yanada rivojlantirish Konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilishi lozim.

Manba: kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekistonda inflyatsion targetlash tartibi joriy etiladi