18:50 / 06.06.2018
3 423

Banklarda bozor munosabatlari qachon shakllanadi yoki dollarni yevroga almashtirish mumkin emasmi?

Banklarda bozor munosabatlari qachon shakllanadi yoki dollarni yevroga almashtirish mumkin emasmi?
O‘zbekistonda bir necha yillardan so‘ng, milliy valyuta – so‘mning konvertatsiya qilinishi yo‘lga qo‘yilishi uzoq kutilgan hodisa bo‘ldi. Buning uchun davlat rahbariyatining siyosiy irodasi ham lozim bo‘ldi. 2018 yil sentyabr oyi boshidan mamlakatdagi barcha tijorat banklariga so‘mni dollarga yoki aksincha cheklovlarsiz almashtirishga ruxsat berildi.

Biroq, nazarimizda, aynan tijorat banklarida konvertatsiya vositasida ham pul ishlash amaliyoti to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagandek. Axir bank o‘z nomi bilan bank bo‘lgani uchun, u har onda pul topishni o‘ylashi, aylanma mablag‘ini qanday qilib ko‘paytirish yo‘lini qidirishi, bunda yangi g‘oyalarni amaliyotga dadil joriy qilishi kerak.

Xususan, valyuta liberalizatsiyasi amalga oshirilib, konvertatsiyaga ruxsat berilgan ekan, banklar bu imkoniyatdan ham to‘laqonli foydalanib qolishlari zarur. Aytmoqchi bo‘lganim, O‘zbekistondagi har qanday bank, xususiy bo‘ladimi, davlat ulushidagi yoxud tijorat banklari bo‘ladimi, konvertatsiya bilan bog‘liq har qanday jarayondan daromad topishi mumkin.

Lekin amalda unday emasligini o‘zim kuzatganlarim asosida hukmingizga havola qilmoqchiman. Yevropaga safar qilishim munosabati dollarni yevroga almashtirish niyatida dastavval “O‘zsanoatqurilishbank”ning Uchtepa tuman filialiga murojaat qildim. U yerdagilar dollarni yevroga almashtira olmasliklarini, NBU’ning har qanday shoxobchasiga uchrashish mumkinligini aytishdi.

Kun kech bo‘lib qolgani sababli ertasi kuni soat 10ga yaqin NBU’ning Uchtepa tumani filialiga bordim. U yerda eshik oldida kutib oluvchi xodima meni maqsadimni eshitgach, valyuta ayirboshlash darchasiga yo‘lladi. Ular esa, dollarni yevroga almashtirish masalasida dastavval boshqa darchaga (menimcha, shu masala uchun mas’ul xodim) uchrashishim kerakligini aytishdi.

Bordim, maqsadimni aytdim, u diqqat bilan eshitar ekan, Yevropaning o‘zida almashtirsangiz bo‘ladi-ku, bu yerda komissiya olinadi almashtirishga, degan javobni berdi. Men safarim yakshanba kuni bo‘lishi, qolaversa, yaqinda amalga oshirgan safarim ham yakshanba kuniga to‘g‘ri kelgani bois, Yevropada konvertatsiya masalasida muammoga duch kelganim uchun tinchgina shu yerdan shay holda ketish istagida ekanligimni, komissiyani to‘lashga roziligimni tushuntirdim. Bu mulozim maqsadimni anglagach, keyingi darchaga yo‘lladi.

Bu yerda ham hammasini boshidan tushuntirishga to‘g‘ri keldi. Shundan so‘ng, xodima valyutalar kursi tushdan so‘ng yuborilishini aytib, siz yaxshisi “Infinbank”ka boring, deya tavsiya qildi. Nima emish, ular xususiy bank emish, shu bois, ularda almashtirish osonroq bo‘lishi mumkin ekan. Ha, bizda raqobatchilarning ham bag‘rikeng, insofi bor, o‘zlari komissiya evaziga pul topishi mumkin bo‘lgan joyda ham boshqa banklarni o‘ylashadi.

Gapning indallosi, “Infinbank”ning Farhod bozori yaqinidagi minibanki vakillari bunday amaliyotni “Panorama kinoteatri yonidagi filial amalga oshira olishi”ni bildirishdi. Afsuski, sarson bo‘lib va vaqtimni yo‘qotib, u yerga borganim ham samara bermadi. Ular umuman bunaqa majburiyatga ega emasliklarini aytishdi. Ular ham bag‘rikeng ekan, NBU’ni tavsiya qilishdi. Biror xorijlik sayyoh shu masala bilan kelib qolsa, nima qilasizlar, deb so‘rasam, ularni ham qaytarib yuboramiz, deya dangal javob berib qo‘ya qolishdi.

Endi NBU valyutalar kursini yuborishini kutib, ishdan javob so‘rab, tushdan so‘ng yana xabar olishim kerak bo‘ladi. Bag‘rikengliklari tutib “Infinbank”dan boshqasini tavsiya qilishmasa bo‘lgani.

Shu o‘rinda birgina mulohaza. Banklarga ham hayronman, xususiy yoxud tijorat banklari ekanliklarini, rahbariyati boshqa-boshqa ekanliklarini da’vo qilishadi, nima uchun ruxsat berilgan har qanday holatdan daromad topishni yo‘lga qo‘yishmaydi, bu holda ular qanday “tirikchilik” qilishmoqda? Valyuta operatsiyalariga ruxsat berilgan bo‘lsa, endi dollarni yevroga almashtirish uchun ham alohida majburiyat yuklanishi shartmikan? Komissiyani olib, almashtirib beraverishsa, olam guliston emasmi? Bizdagi banklarda bozor tamoyillari qachon shakllanadi, buni vaqt ko‘rsatadi.

Men ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Markaziy bank saytida ko‘rsatilgan 200-00-44 telefon raqamiga (ishonch telefoni ekan) qo‘ng‘iroq qildim. Biroq 14-15da ham (14-45 da takroran qo‘ng‘iroq qilindi) avtomat javobdan boshqa go‘shakni ko‘taradigan operator yo‘q edi, chamamda, hech kim javob bermadi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Banklarda bozor munosabatlari qachon shakllanadi yoki dollarni yevroga almashtirish mumkin emasmi?