09:30 / 18.03.2019
4 386

Monopoliyalar haqida yosh bola bilan suhbat

Monopoliyalar haqida yosh bola bilan suhbat
Bolaligimda yurmay qolganim bois, aravachada harakatlanaman. Biroz koʻngil yozish uchun gohida 5-sinfda oʻqiydigan jiyanim bilan koʻcha aylanamiz. Aylanish asnosida jiyanimga atrofdagi olam haqida gapirib beraman. Bu safar unga monopoliyalar haqida soʻzlab berdim...

5 daqiqalik hikoya

Hayron qoldirgani — monopoliyalar haqida jiyanimga gapirib bergan 5 daqiqalik hikoyam monopoliyaning deyarli barcha jihatlarini qamrab oldi. Yanada hayratlantirgani — 11 yoshli jiyanim 5 daqiqada monopoliyalarning mohiyatini juda yaxshi anglab oldi. Boshqacha qilib aytganda, endi jiyanim har qanday katta odamga monopoliyaning oqibatlarini masalani tushungan holda, ishonch bilan barmoq bukib sanab bera oladi.

Jiyanim bilan suhbatimiz davomida sunʼiy monopoliyalar jamiyat uchun, iqtisodiyot uchun turgan-bitgani zarar ekaniga amin boʻldik.

Birinchidan, sunʼiy monopolist, yaʼni, raqobatdan himoyalangan subyekt oʻz mahsuloti sifatini yaxshilashga urinmasligi — oʻzi ustidan ishlamasligi kundek ravshan boʻldi. “Raqobatchisi boʻlmasa mahsulotini yaxshilamaydi-da!” — oddiy xulosaga keldi 5-sinf oʻquvchisi.

Ikkinchidan, monopolist oʻz mahsuloti narxini imkon qadar oshirishga urinadi — bu yana bir xulosamiz boʻldi. Tabiiyki, “kim ham koʻproq foyda koʻrishni xohlamaydi?!” – xitob qildi jiyanim. Mahsulot tannarxini tushirishga va texnologik yangilanishga esa urinmaydi.

Monopol tashkilot narxni koʻproq mehnat qilgani, koʻproq xarajat qilgani yoki mahsulotiga koʻproq ishlov bergani uchunmas, balki MONOPOLIST boʻlgani uchungina oshirishga moyil boʻlishini yosh bola darrov tushundi — kam mehnat qilib koʻp foyda qilish istagi bu — tabiiy istak, biologik pragmatik istak. Monopolistni bu uchun malomat qilish kerak emas.

Uchinchidan, raqobatsiz muhitda ishlaydigan korxona xaridorning koʻnglini olishga moyil boʻlmaydi — “oʻzi shundoq ham xaridor mening mahsulotimni olishga majbur boʻlsa, nima qilaman ter toʻkib unga mulozamat koʻrsatib!?” — mulohaza qiladi monopolist.

Yoʻq, monopolist emas, balki uning ichki mantiqiy “qurilmasi” shunday xulosa qiladi. Zero, har bir insonda quvvatni iqtisod qilish tabiiy dasturi ishlab turibdi: “quvvatingni imkoni boricha teja, kim bilsin, ertaga kerak boʻlib qolar”, — deydi oʻsha ichki dastur, inson bu tabiiy dasturga qarshi turishi qiyin.

Jiyanim bilan xulosa qildik — yuqoridagi holatlar barchasi jamiyatga zarar:
  • mahsulot sifati ustida ishlamaslik (rivojlanmaslik);
  • narxning sababsiz koʻtarilishi;
  • servisni yaxshilashga urinmaslik —

bular monopoliyaning shundoq koʻrinib turgan, har kim oson tushunib olsa boʻladigan salbiy jihatlari. Sal “kovlasak” boshqa – chuqurroq salbiy jihatlari ham chiqib keladi va ularni ham 11 yoshli bolaga oddiy soʻzlarni ishlatib osongina tushuntira oldim.

Xoʻsh, ular nimadan iborat?

Monopolistning oʻz maqomidan foydalanib topgan ortiqcha mablagʻi moʻmay daromad boʻladi. Moʻmay (ishlab topilmagan) daromad esa oʻz mohiyatiga koʻra toʻgʻri — samarali sarflanmaydi. Nega? Chunki pul mehnat natijasi — mehnat ekvivalenti boʻlsagina uning qadri boʻladi.

Qadr nima u?

“Qadr” soʻzini iqtisodiyot tiliga “tarjima” qiladigan boʻlsak, maʼnosi quyidagicha boʻladi:

Puxta rejalashtirish va qattiq mehnat evaziga erishiladigan daromad hali qoʻlga tushmasidan avval qayerga sarflanishi rejaga kiritilgan boʻladi. Yaʼni bunday pul tizimli rejalar zanjirining bir qismi. Shu bois uning har bir soʻmi qadrlidir. U nojoʻya sarf etilsa rejalar barbod boʻladi.

Reja va qattiq mehnat orqasidan kelgan pul noratsional (havoga) sarflanishi ehtimoli oʻta past. Bunday pulni “odamning jigaridan boʻlgan” deyishadi.

Mehnatsiz qoʻlga kiritilgan pul esa hech narsaning ekvivalenti emas. Uni “odamning jigariga” oʻxshatib boʻlmaydi. Reja va mehnatga evaz boʻlmagan bunday pulning keyingi taqdiri oʻzining kelib chiqishiga mos boʻladi — hech bir rejalar zanjirining uzviy qismi boʻlmagan, “havodan kelgan” pul yuqori ehtimol bilan “havoga” sarflanadi. Mamlakat va korxona iqtisodiyotining oʻsishiga bunday pul xizmat qilishi amri mahol.

Davlat chiqargan qogʻoz pullar — banknotalar mamlakat boyliklari (tilla zaxiralari) bilan taʼminlanadi. Buni hamma shart deb biladi. Qogʻoz pullar mamlakat boyliklariga muvofiq kelishi kerak.

Xuddi shu tarzda odamlar va korxonalar topadigan pul ham mehnat bilan “taʼminlanishi” (mehnat “ekvivalenti” boʻlishi) shu darajada muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, bu muhim jihat pulning keyinchalik qanday (samarali yoki samarasiz) sarflanishiga bevosita taʼsir etadi.

Bundan qoida kelib chiqadi: pul imkon qadar aqliy va jismoniy urinishlarning doimiy obyekti boʻlib turishi kerak. Zero, iqtisodiyot ichida aylanadigan pulning aynan shu qismi iqtisodiyotning oʻsishiga xizmat qiladi. Chunki bunday daromad, takror aytamiz, hali qoʻlga kirmasidan avval samara keltirayotgan tizimli rejalarning bir boʻlagi boʻladi.


Baraka
Moʻmay pul — oʻz mohiyatiga koʻra “quvvatsiz” puldir. Xususan, monopolist topgan moʻmay pul. Zero, u raqobat muhitida “tugʻilmagan”, korxonaning rivojlanish strategiyasining uzviy qismi boʻlmagan, aqliy va jismoniy urinishlar bilan “sugʻorilmagan” puldir. Boshqacha qilib aytganda bu pul — barakasiz.

Moʻmay daromad korxona egalari va xodimlarining ichki zaxiralarini soʻndiradi. Inchunun, korxonani bebarakalikka mubtalo qilib, “oʻldirmoqchi” boʻlsangiz, unga monopol imtiyozlar bering.

Raqobat esa, aksincha, insonning barcha ichki zaxiralarini qoʻzgʻatuvchi, isteʼdodlarini uygʻotib, kulminatsion nuqtasiga keltiruvchi omildir. Bularni ham jiyancham yaxshi tushundi.


Taqsimot
Demak, masalan, avtomobillarni ishlab chiqaruvchi korxona monopolist (raqobatdan himoya etilgan) boʻlsa u, tabiiyki:
a) mashinalari sifatini yaxshilash uchun bosh qotirmaydi (“shundoq ham sotib olishyapti”),
b) narxni koʻtarishga intiladi (“qimmatroq sotsam ham olishadi”),
v) isteʼmolchi uchun kurashmaydi (“kim bilan kurashsin?”)
g) mashina narxini tushirish boʻyicha harakat va izlanishlar qilmaydi (“kimga kerak ortiqcha dahmaza?”).

Narxni oshirish evaziga monopolist qoʻshimcha (moʻmay) daromadga ega boʻladi. Bu kabi daromad “korxonani rivojlantiradi”, degan xulosani qilish mumkin. Ammo yuqorida qilgan tahlilimiz koʻrsatyaptiki, unday emas — butun boshli rivojlanish konsepsiyasi mahsuli boʻlmagan moʻmay daromad rivojga xizmat qilmasligi ayon boʻlib turibdi.

Aksincha, mashina xaridi uchun monopolistga ortiqcha toʻlangan pul egasida qolganda edi, iqtisodiyot uchun foydaliroq boʻlardi, zero, bu pulga odamlar boshqa narsalarni sotib olishardi, yaʼni pullarini moʻmay daromad topayotgan (tekinxoʻr)ga emas, balki boshqa bir — raqobat sharoitida faoliyat yuritayotgan, raqobat sharoitida rivojlanish konsepsiyasiga ega boʻlgan korxonalarni qoʻllab-quvvatlashga berishardi.


Maʼnaviy buzilish
Monopoliyalarning iqtisodiy salbiy oqibatlaridan-da kattaroq — salbiy maʼnaviy oqibatlari ham bor. Moʻmay daromad oʻz mohiyatiga koʻra birovdan nooʻrin olingan, birovni norozi qilib olingan pul boʻladi. Monopolist narxni sababsiz oshirganda, sifatsiz molini (odamlar uning molini olishga majbur ekanligini bilib) sotayotganda, xaridorni mensimaslikka borganda uning maʼnaviy dunyosi zarar koʻrmay qolmaydi. Bunday ishlar, bunday “model” monopolist korxona boshliqlari uchun odat tusiga kiradi va bu ularni xudbin va badnafs qilib qoʻyadi.

Boshqacha qilib aytadigan boʻlsak, monopoliyalarning paydo boʻlishi uchun muhitni yaratish jamiyatning maʼnaviy ustunlariga zarar keltiradi. Bunday nooʻrin holat jamiyatdan pinhon boʻla olmaydi — odamlarning koʻz oʻngida boʻladi va ommaning ezgulikka boʻlgan ishonchiga, oʻzaro ishonch muhiti vujudga kelishiga toʻsiq boʻladi.


Xotima oʻrnida – “Ronalduni kim Ronaldu qildi?”
Messi kabi futbolchi boʻlmaganda Krishtianu Ronaldu kabi isteʼdod sohibi futbolchilar ichida “monopolist” boʻlib qolardi va uning ichki zaxirasi – potensiali toʻlaligicha yuzaga chiqmasdi, biz hozir boshqa saviyadagi Ronalduning oʻyinini kuzatayotgan boʻlardik. “Oltin toʻp” uchun kurash bu ikki futbol daholarini oʻz ustidan koʻp ishlashga undab kelyapti.

Korxonalar ham shunday — raqobat muhitida har qanday korxona egasi va xodimlarining ichki isteʼdodlari – salohiyati yuzaga chiqadi. Korxona alohida imtiyozlar bilan himoyalansa — teskarisi boʻladi. Mazkur – yosh bola ham tushuna oladigan haqiqatlarni, nihoyat, tan olmogʻimiz lozim.
Shokir SHARIPOV.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Monopoliyalar haqida yosh bola bilan suhbat