O‘zbekistonda Xitoyning qaysi mevalariga taqiq qo'yildi va sababi nima?

Xitoydan O‘zbekistonga olib kirilayotgan mandarin va ananas partiyalarida o‘simliklar karantini obyektlari muntazam aniqlanayotgani sababli ushbu mahsulotlarga vaqtinchalik taqiq joriy etildi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ma’lum qildi.
Agentlikka ko‘ra, import partiyalaridan belgilangan tartibda olingan namunalar Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida tekshiruvdan o‘tkazilgan. Tahlillar natijasida “sitrus oq-qanoti” (Dialeurodes citri), sharq sitrus qalqondori (Unaspis yanonensis), “ananas unsimon qurti” (Dysmicoccus brevipes) kabi karantin osti zararkunandalari aniqlangani, bunday holatlar qariyb 20 ta yukda qayd etilgani bildirildi.
Zararlangan mahsulotlar bo‘yicha Xitoyning tegishli milliy tashkiloti ogohlantirilgan, zarur hujjatlar va ma’lumotlar taqdim etilgan. Taqiq amal qilayotgan davrda esa Xitoydan olib kelinishi rejalashtirilayotgan mandarin va ananas uchun karantin ruxsatnomasini rasmiylashtirish vaqtincha to‘xtatiladi.
Agentlik izohiga ko‘ra, bu chora O‘zbekiston hududiga potensial xavfli karantin obyektlari kirib kelishi va tarqalishining oldini olish uchun, taqiq sabablari bartaraf etilgunga qadar vaqtincha joriy etilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!