Layk uchun qoida buzganlar endi qattiqroq jarimaga tushadi

Ijtimoiy tarmoqlarda “layk” yig‘ish, obunachi ko‘paytirish degan bahonada turli ko‘rinishdagi qoidabuzarliklarni qilib, ustiga-ustak hammasini videoga olib internetga chiqarish holatlari ko‘payib bormoqda. Go‘yo “kontent” uchun hamma narsa mumkin degandek. Lekin bu “xayp”ning oqibati bor.
O‘zA xabariga ko‘ra, aynan shu kabi ishlarga chek qo‘yish maqsadida qonunchilikda yangi normalar tayyorlanyapti. Gap "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi haqida ketmoqda. Loyiha parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarida muhokama qilingan va qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Loyihaning asosiy g‘oyasi oddiy: qoidaga tupurib, jamoat tartibini mensimay, keyin uni targ‘ib qilib yurganlarga ma’muriy javobgarlik belgilash. Ya’ni, qoidabuzarlikni “ko‘rgazma” qilib tarqatish ham o‘z-o‘zidan jamiyatga salbiy namuna ekani hisobga olinadi.
Muhokamalarda alohida ta’kidlangan yo‘nalishlardan biri — telekommunikatsiya va Internetda uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, haqoratomuz shilqimlik qilish, odamlarning sha’nini kamsitish va jamoat tartibini buzuvchi shunga o‘xshash harakatlar uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ham shu masala kun tartibiga chiqqan va loyiha qo‘llab-quvvatlangani qayd etilgan.
Biroq muhim jihat bor: xabarlarda “layk uchun qoida buzilsa, aniq qanday jazo qo‘llanadi” degan savolga hozircha to‘liq oydinlik kiritilmagan. Ya’ni, qonun loyihasi muhokama bosqichida, jazo choralarining aniq ko‘lami keyinroq ma’lum bo‘lishi mumkin.
Xulosa shu: internetdagi “bir daqiqalik shuhrat” real hayotda ancha qimmatga tushib qolishi ehtimoli ortyapti. Kelajak uchun esa bitta umidli signal bor — jamoat tartibini buzishni “trend”ga aylantirish emas, madaniyatli muloqotni normal holatga aylantirishga harakat ketayotgani sezilyapti. Kontent kerak bo‘lsa ham, qonundan tezroq yugurib bo‘lmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!