Husanov "Manchester Siti"da oy sovrinini qo‘lga kiritishga juda yaqin...

«Manchester Siti» rasmiy sayti yanvar oyi yakunlariga ko‘ra jamoadagi eng yaxshi futbolchi nomiga da’vogar bo‘lgan uch nafar nomzodni e’lon qildi. Ro‘yxatda himoyachi Abduqodir Husanov, yarimhimoyachi Bernardu Silva hamda darvozabon Janluiji Donnarumma bor.
Qizig‘i, bu nomlar orasida o‘zbekistonlik Husanovning paydo bo‘lishi muxlislar uchun alohida yangilik bo‘ldi. Chunki u so‘nggi haftalarda jamoa tarkibida “qotib qolgan” o‘yinchilardan biriga aylandi: 21 yoshli himoyachi ketma-ket 8 ta uchrashuvdan beri “shaharliklar” safida o‘zgarishsiz maydonga tushyapti.
Yanvar oyi davomida «Siti» 9 ta bahs o‘tkazgan bo‘lsa, Husanov shularning 8 tasida ishtirok etdi. Bu raqamlar o‘z-o‘zidan ko‘p narsani aytyapti: bosh murabbiy ishonyapti, jamoa unga suyanayapti, demak, u o‘z imkoniyatini to‘g‘ri ishlatyapti.
Endi navbat muxlislarga: klub ovoz berishni yo‘lga qo‘ygan va maxsus havola orqali siz ham Abduqodir Husanovga ovoz berib, uning oy laureati bo‘lish ehtimolini yanada oshirishingiz mumkin. Qisqasi, bu yerda “bitta klik — bitta qo‘llab-quvvatlash”.
Husanovning bunday ro‘yxatga kirishi nafaqat uning shaxsiy yutug‘i, balki o‘zbek futbolining katta sahnada ko‘rinish berishi uchun ham yaxshi signal. Shunday davom etsa, keyingi oylarda bunday nominatsiyalar biz uchun oddiy yangilikka aylanib qolishi ham mumkin.
Ushbu link orqali o‘zbekistonlik futbolchiga ovoz berishingiz mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!