Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) bilan hamkorligi qay yo‘sinda boshlanishiga doir yakuniy qaror qabul qilish uchun yalpi yig‘ilishi o‘tkazilishi kutilmoqda.
Ittifoq bilan hamkorlikning shakli bo‘yicha o‘z pozitsiyamni ma’lum qilishdan oldin, YEOIIning istiqboli va kelajakdagi roli yuzasidan o‘z tahliliy fikrlarimni bo‘lishmoqchiman.
1-variant: O‘rta va uzoq istiqbolda o‘z ahamiyatini yo‘qotish.
Garchi Ittifoq paydo bo‘lganiga 10 yildan oshgan bo‘lsa ham (Bojxona Ittifoqi sifatida hamkorlik 2010 yilda boshlangan), haligacha sezilarli yutuqlarga erishilmadi. Aksincha, a’zo davlatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar ko‘paymoqda (Rossiya va Belarus orasidagi kelishmovchiliklar misolida ko‘rish mumkin), Ittifoq ichidagi vaziyat ham taranglashgandek tuyulmoqda.
Shu bois, YEOII cheklangan hamkorlik aloqalarini saqlab qolgan holda xuddi MDH kabi mintaqadagi yana bir ahamiyatsiz tashkilotga aylanishi mumkin.
2-variant: Yangi a’zo davlatlar hisobiga kengayib, xalqaro maydonda kuchli tashkilotlardan biriga aylanish.
Rossiyaning G‘arb dunyosi bilan siyosiy aloqalari normallashib, unga nisbatan qo‘yilgan sanksiyalar bekor qilinishi ortidan xalqaro maydonda YEOIIga nisbatan ijobiy qarashlar shaklanishi, dunyoning yetakchi davlatlari, tashkilotlari va Ittifoq o‘rtasida iqtisodiy, savdo va investitsion hamkorlik kengayishi hamda tashkilotga yangi a’zolar, jumladan, O‘zbekiston va Tojikiston qo‘shilish ehtimoli ham yo‘q emas. Lekin Rossiya hukumatining oxirgi yillardagi siyosati va harakatlari va ba’zan qo‘shni davlatlarning “suverenitet” qadriyatlarini inkor qilishidan (Ukraina va Gruziya) kelib chiqib xulosa qilinadigan bo‘lsa, bu variantni amalga oshish ehtimoli juda-juda past.
3-variant: Xitoy ishtiroki va ta’siri doirasidagi boshqa bir integratsiya/tashkilotga qo‘shilib yoki birlashib ketish.
Oxirgi yillarda Xitoyning mintaqadagi roli faollashgani hech kimga sir emas. Natijada bugun Xitoy Markaziy Osiyo davlatlarining asosiy savdo hamkori va mintaqa davlatlari ishlab chiqaradigan neft-gaz mahsulotlarining eng katta xaridori, shuningdek, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi orqali mintaqaning eng katta sarmoyadoriga aylandi. Qolaversa, Ittifoqning barcha davlatlari Xitoy bilan birga SHHT faol ishtirokchisi ekanligi va SHHT doirasida ham a’zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik va integratsiyaga urg‘u berila boshlangani inobatga olinsa, uzoq istiqbolda Ittifoqning SHHTga qo‘shilib yoki birlashib ketish ehtimoli ham yo‘q emas.
Yuqoridagi 3ta variantdan, fikrimcha, 1-variantning hayotda o‘z isbotini topish ehtimoli katta. Qolaversa, EOIIda kuchlar tengligi ta’minlanmaganligi (Evropa Ittifoqidan asosiy farqi ham shunda menimcha), ya’ni Rossiyaning siyosiy, iqtisodiy va harbiy jihatdan tashkilotda mutlaq dominant pozitsiyaga egaligi Ittifoqning kelajakda muvaffaqiyatga erishishi qiyinligining asosiy sabablaridan biri, deb hisoblayman.
Garchi, iqtisodiy nazariyadan kelib chiqib, integratsiya va mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik tarafdori bo‘lsam-da, lekin yuqoridagi sabablarga ko‘ra men hozirgi holatda EOII bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yilishiga va O‘zbekistonning Ittifoqqa a’zo bo‘lishiga qarshiman.
Lekin shu bilan birga bir narsani unutmaslik kerak, Rossiya biz uchun muhim strategik hamkor, tabiiy va abadiy omil. Istaymizmi-yo‘qmi, Rossiya bilan ham geosiyosiy ham iqtisodiy jihatdan bog‘langanmiz. Boshqacha aytganda, Rossiyadek katta, qudratli va boy davlat bilan imkon qadar diplomatik yo‘l tutib, kelishib yashash bizning iqtisodiy-siyosiy manfaatlarimiz uchun muhim. Shu bois, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi maqomida hamkorlikni yo‘lga qo‘yilishi pragmatik va diplomatik qaror, deb hisoblayman.
Kuzatuvchi maqomi bizga tashkilotni kelajakda qaysi tomonga qarab yo‘nalish olganini kuzatib borish, hamkorlikning mamlakatga ehtimoliy oqibatlarini aniq hisob-kitoblar qilish hamda shu asosda a’zolikni milliy manfaatlarimizga mos yoki zidligi borasida xulosa qilish imkoniyatini beradi.
Doniyor G‘ANIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi