18:18 / 10.09.2022
992

Ilk ibodat saodati

Ilk ibodat saodati
Bir olim bo‘lardi. U yoshlarni ateizimga targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadigan tashkilot a’zosi edi. Ilm-fan deb yoshlarni ko‘pini dindan chiqarib yuborgandi. Bir kuni u yig‘indan qaytayotganida bir ayol va undan sal oldinda ketayotgan bolaga ko‘zi tushdi. Ayol bir urinishda bolaning telefonini oldi-da ko‘pqavatli uylar oralab qochdi. Bola avvaliga nima bo‘lganini tushunmadi. Keyin ayolning ortidan yugurdi. Olim ularning orqasidan bordi. Qarasa, yigit ayolning izini yo‘qotib, angrayib turibdi. Yo‘lda davom etdi. Olim ayolning bekinishi mumkin bo‘lgan joyni mo‘ljallab yurib bordi. Ayol olimni ko‘rib o‘zini oqlashga urindi.

Olim qah-qah otib kulib yubordi. Ayolning yolg‘onlari mo‘rt va kulgili chiqayotgandi. To‘satdan aqliga o‘zining yolg‘onlari keldi. Shu ayol kabi o‘zini o‘zi aldab yashayapti-ku. Xudo borligini biladi-ku, axir. Qanchadan qancha yoshlarni so‘zamollik bilan yo‘ldan urdi. Savollarga poyintar-soyintar javob berib, ularni ishontirishga harakat qildi. Ildizi yo‘q aldovlaridan qanchalab odamlarni yo‘ldan urdi. Shu sharoitda mana bu o‘g‘ri ayol undan ming chandon yaxshidir balki. Balki hayot tarzini o‘zgartirish vaqti kelgandir. Shu maqsadda bir masjid imomining yoniga keldi.

E’tiqodi, imoni va axloqi bilan obro‘ orttirgan bu imomni ko‘rib, boshda qaytib ketgisi keldi. Gapni nimadan boshlashni bilmadi. Balki olimman deb o‘ylagan va boshqalarni ergashtirgan faoliyati ma’quldir. Balki bu yerga uni Allohning istagi yetaklab kelgandir. Imom ikilanib turgan bu odamni ko‘rib:

– Keling, birodar, – dedi.
– Men gunohkor bandaman.
– Alloh bizga tavba qilishni buyurgan.

– Mening gunohlarim... – shu yerga yetganda ko‘zidan yosh quyilib kelaverdi. Ikki soat oldin bir inson oldida boshqasi yig‘laganini ko‘rsa, ustidan kulishi mumkin edi. Ammo hozir imomning qarshisida tiz cho‘kdi. Barcha gunohlarini aytib yengil bo‘lmoqchi edi. Imom undan hech narsa so‘ramadi. Hijjalab kalimai shahodatni qaytartirdi. Kun asrga yaqinlashib, odamlar masjidga kela boshladi. Olim hozir imom hammaning ichida meni gapiradi, deb o‘yladi. Imom azon aytdi, namoz boshlandi. Olim ham ilk namozini jamoat bilan ado etdi. Tizzalari titrar, atrofidagi odamlarga qarab, kim meni kuzatayotgan ekan, deb hadiksirardi. Hamma ketdi. Imom kelib olimni bag‘riga bosdi.

– Allohga shukur, menday gunohkorni shu yerga boshlab kelganiga shukur, – dedi shivirlab.
– Bardavom bo‘lsin, – dedi imom.

– Keyingi namoz qachon?
– Ikki soatlardan keyin shom namozi o‘qiladi.

– Menga ham o‘rgatasizmi?
– Bajonidil.

– Umrimda bunday halovat totmagan edim...
– Har bir inson islom fitratida dunyoga keladi. Islomga qaytmaguncha halovat yo‘q. Muborak bo‘lsin.

Bu gapdan olim judayam ta’sirlandi. Imomdan har kuni dindan ta’lim ola boshladi va o‘zi yo‘ldan adashtirgan yoshlarni esa islomga kirishlari uchun jon-jahdi bilan harakat qildi.

Ummu Muslihiddin

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat