Diego Simeone ikkiyoqlamalikda ayblanmoqda: Arsenal emblemasi ustidan yurib o'tdi

Chempionlar ligasi yarim finalida Arsenal jamoasiga imkoniyatni boy bergan Atletiko Madrid bosh murabbiyi Diego Simeone shov-shuvli vaziyat markazida qoldi. Londondagi javob uchrashuvidan so'ng, argentinalik mutaxassis maydonni tark etayotib, tunnel yo'lagidagi Arsenal klubi emblemasini oyoq osti qilib o'tdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Ushbu holat muxlislar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan keskin tanqid qilindi. Gap shundaki, bir hafta avval Ispaniyada bo'lib o'tgan dastlabki o'yindan so'ng, Diego Simeone aynan shu ishni qilgani uchun Arsenal himoyachisi Ben White bilan janjallashib qolgan edi. O'shanda murabbiy ingliz futbolchisining xatti-harakatini hurmatsizlik deb atab, unga nisbatan tajovuzkor munosabatda bo'lgandi.
Kuzatuvchilar Diego Simeone o'zi qoralagan ishni oradan ko'p o'tmay takrorlaganini ikkiyoqlamalik va ikkiyuzlamachilik deb baholashmoqda. Videolavhalarda murabbiy bilan birga himoyachi Jose María Gimenez ham emblema ustidan bosib o'tgani aks etgan.
Arsenal bosh murabbiyi Mikel Arteta esa jamoasining tarixiy g'alabasidan mamnun ekanligini bildirib, futbolchilarining ishonchi va ruhiyati yuqori ekanligini ta'kidladi. Londonliklar endilikda Angliya Premer-ligasi va Chempionlar ligasi g'olibligi uchun kurashni davom ettirmoqda.
Arsenal mavsum yakunida muhim o'yinlarni o'tkazadi. Jamoa oldinda Vest Xem, Byornli va Kristal Pelas kabi raqiblarga qarshi bahslardan so'ng, Budapeshtda bo'lib o'tadigan Chempionlar ligasi finalida PSJ jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!