00:09 / 16.11.2022
1 292

Kamoliddin Rabbimov: «Markaziy Osiyo qudratli subyektlarning bosimi ostida birlashishga mahkum...»

Kamoliddin Rabbimov: «Markaziy Osiyo qudratli subyektlarning bosimi ostida birlashishga mahkum...»
Bugun Toshkent shahrida Markaziy Osiyo ekspertlari forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu forumni tashkillashtirishda faol qatnashgan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga Azon.uz muxbiri bir necha savollar bilan murojat qildi.

- Ushbu forumdan ko‘zlangan maqsad nima? Nega Markaziy Osiyo ekspertlari uyushmasi tashkil etilmoqda?
– Markaziy Osiyo mintaqasi yangi bir transformatsiyalar, o‘zgarishlar arafasida turibdi, deyish mumkin. Chunki, postsovet hududidagi katta-katta voqealarning guvohi bo‘lyapmiz va mana shu fonda, postsovet hududidagi o‘zgarish Markaziy Osiyodagi geosiyosiy vaziyatning transformatsiya bo‘lishi mintaqadagi ekspertlarning doimiy, muttasil o‘zaro aloqada bo‘lishi, yagona pozitsiya ishlab chiqishi, mintaqa atrofida va mintaqa ichkarisidagi chaqiriqlar, muammolarga birgalikda, kollektiv fikrlagan holatda muammolarga yechim taklif qilishi hamda birgalikda jamoatchilik fikrini shakllantirish vazifasi turibdi.

O‘tgan davrda, ya’ni, mustaqillikka erishilgandan keyingi birinchi chorak asrda mustaqil davlatlar imkon qadar suverenitetga to‘yinish davri va imkon qadar ba’zi bir holatlarda, hattoki ihotalanishni kuzatdik. Lekin biz globallashuv jarayoniga kirdik. Bundan keyin globallashuv chaqiriqlariga yagona javob bu kollektiv javob bo‘lishi kerak. Mintaqa bu makrohudud. Biz o‘tmishda birga yashaganmiz va hududning oldingi nomi Turkiston. U paytda hali milliy davlatga bo‘linish va o‘zliklar o‘rtasidagi farqlanish u qadar ko‘zga ko‘rinmas edi.

Bugungi kunda goballashuv fonidagi Markaziy Osiyo mintaqasi atrofidagi qudratli subyektlarning bosimi ostida biz birlashishga va birlikda muammolarga javob izlashga mahkummiz. Shuning uchun ham Toshkentda Markaziy Osiyo ekspertlari alyansi tuzilyapti. Bu tarixiy voqea. Besh respublika ekspertlari bosh qo‘shib, yagona platformada birlashishi va mana shu birlashuvdan keyin mintaqaning yagona taqdir ekanligini anglashi va buni jamiyatga tushuntirishi, birgalikda muammolarga yechim izlashga harakat boshlanadi, deb umid qilaman.

– Bu uyushma tomonidan ishlab chiqilgan takliflar jamoatchilikkami, hukumatgami, kimga taqdim etiladi?
– Ikkalasigayam. Chunki bir tomondan hokimiyatlar hukumatlar bilan ishlash vazifasi albatta saqlanib qolaveradi, lekin mintaqada vatandoshlik, fuqarolik jamiyatini shakllantirish bu global taraqqiyotning muhim shartlaridan biridir. Qolaversa, jamoatchilik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlash va jamoatchilik fikrini shakllantirish va undagi aytaylik u yoki bu tomonga milliy manfaatlar va mintaqa manfaatlaridan og‘ishuvlar bo‘ladigan bo‘lsa, unga ekspert darajasida munosabat bildirish va yo‘naltirish vazifasi saqlanib qoladi.

– Ekspertlar xavfsizligi qanday ta’minlanadi?
– Ekspertlar siyosatga aralashmaydi. Ya’ni ular siyosiy hokimiyat uchun kurashmaydi yoki hokimiyat bilan to‘qnashmaydi. Ekspertning vazifasi hokimiyatga ham, jamiyatga ham akademik etiket doirasida maslahatlar beradi. Shuning uchun ekspertlar o‘zining salohiyati va maqomini to‘g‘ri anglaydigan bo‘lsa, o‘ylaymanki, muammo bo‘lmaydi.

– Bu borada ularning so‘z erkinligi-chi?
– Bu muhim masala. Mintaqada bu yuzasidan o‘zgarishlar bo‘lyapti, deb o‘ylayman. Masalan, birinchi yigirma besh yillikka nisbatan Qozog‘istonda ham, O‘zbekistonda ham jiddiy o‘zgarishlarni ko‘rdik. Bundan keyin globallashuv sharoitida informatsiya faqat muqobilliklarni nazarda tutadi. Bundan keyin erkin axborotdan ixotalanish mumkin emas. Mana, O‘zbekistonga daxldor axborot manbalari O‘zbekiston ichkarisiga qaytdi. Muhim xabarlar, davlatga, millatga tegishli xabarlar ko‘proq chetdan shakllantirilar edi. Hammasi O‘zbekistonning ichkarisida va mana shu tashabbusni nafaqat saqlab qolish, balki uni parvarishlash vazifasi turibdi.

– Asosiy vazifa moddiy ta’minoti qanaqa bo‘ladi?
– Bu masala hali shakllanish jarayonida. Bir tomondan nodavlat sektori, tadbirkorlar va davlatlar bilan ma’lum bir hamkorlikda ekspertlar alyansini moliyalashtirish masalasi ko‘rib chiqiladi va ijobiy yechim topadi, albatta.

– Har bir davlat o‘zining pozitsiyasiga ega. Va ekspertlar guruhi ham beshta davlatdan yig‘ilib ishlaydi. Bunda pozitsiyalar xilma-xilligi bo‘lishi mumkin-ku?
– Bu, albatta, tabiiy holat. Demak, har bir davlatning o‘z milliy manfaatlari bor. Har bir davlatda o‘rnatilgan siyosiy institutlar bor. Yaqinda Tojikiston bilan Qirg‘iziston chegara hududidagi ziddiyatlarni ko‘rdik. Demak, mintaqa atrofidagi ekspertlar alyansini tashkil qilishdan maqsad biz umumiy, mintaqaviy o‘zlik va mintaqaviy yechim izlashimiz kerak. Ya’ni, biz o‘sha milliy davlat qobig‘ida qolib ketmasdan bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarilishimiz kerak degan vazifa turibdi. Imkon qadar etnik millatchilikka berilmaslik va mintaqa o‘zligini shakllantirish va mintaqa integratsiyasi ma’naviy, siyosiy platforma yaratiladi.

– Mazmunli suhbatingiz, ajratgan vaqtingiz uchun tashakkur. Sizga va tuzilayotgan uyushmagan muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Nurbek G‘ofurov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat