Toshkent avtobuslarida konditsioner ishlatilishi qat’iy nazorat qilinmoqda

Poytaxtda yozgi mavsum yaqinlashishi bilan jamoat transportidagi qulaylik masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Yo‘lovchilarning ko‘plab murojaat va shikoyatlaridan so‘ng “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati avtobuslarda konditsionerlardan majburiy foydalanish bo‘yicha yangi tartibni joriy etmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 7 maydan boshlab Toshkent shahrida harakatlanuvchi avtobuslarda sovitish tizimlari belgilangan talablar asosida ishlashi shart bo‘ladi.
Amaldagi reglamentga ko‘ra, tashqi havo harorati +28 darajadan oshganda avtobuslardagi konditsionerlar avtomatik tarzda yoqilishi kerak. Shu bilan birga, salon ichidagi harorat yo‘lovchilar uchun qulay bo‘lgan +26 daraja atrofida saqlanishi lozim.
Mas’ullar ta’kidlashicha, yangi tartib jamoat transportida aholi uchun yanada qulay muhit yaratish maqsadida joriy qilinmoqda. Ayniqsa, yozning issiq kunlarida avtobuslarda havo aylanishi va salqinlikni ta’minlash muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu munosabat bilan bir qator qat’iy choralar ham belgilandi. Xususan, konditsioner tizimi ishlamaydigan yoki nosoz holatdagi avtobuslarni yo‘nalishga chiqarish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, avtobus parklarida texnik audit ishlari kuchaytirilmoqda. Sovitish tizimlarida aniqlangan barcha nosozliklarni qisqa muddatda bartaraf etish vazifasi qo‘yilgan.
Nazorat ishlari ham kuchaytirilmoqda. “Yo‘lovchi tashish monitoringi va nazorati” davlat muassasasi tomonidan muntazam tekshiruvlar o‘tkaziladi. Talablarga amal qilmagan haydovchilar va mas’ul xodimlarga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanishi aytildi.
Shuningdek, haydovchilar uchun konditsioner va iqlim uskunalaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha navbatdan tashqari yo‘riqnomalar tashkil etilgan.
Toshkentliklar esa bu yangilikni ijobiy qabul qilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik jamoat transportidagi issiq va dim muhitdan shikoyat qilib kelayotgan edi. Endi esa yo‘lovchilar avtobuslarda ancha qulay va salqin muhitda harakatlanish imkoniga ega bo‘lishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!