
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida sahobalarni payg‘ambarlar(alayhimussalom)ga o‘xshatish kabi g‘aroyib hodisani uchratish mumkin. Lekin sahobalarni payg‘ambarlarning darajalariga ko‘ra emas, balki fitratlariga ko‘ra qiyoslashgan.
Masalan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr roziyallohu anhu va Usmon roziyallohu anhularni Ibrohim alayhissalomga, Umar roziyallohu anhuni esa Nuh (alayhissalom)ga o‘xshatganlar.
Bularning barchasida tashqi o‘xshashlik haqida hech qanday ishora yo‘q. Faqat hulqlari o‘xshatilgan. Biroq, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari orasida bir kishi bor ediki, u zotni Iso alayhissalomga yuz qiyofalari bilan o‘xshatganlar. Uning ismi Urva ibn Mas’ud edi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning birinchi izdoshlaridan bo‘lmagan, lekin sahobalik sharafiga sazovor bo‘lgan va Alloh taolo yo‘lida shahid bo‘lgan.
Urva Toif qabilasiga mansub edi. Bu xuddi o‘sha nubuvvatning o‘ninchi yilida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni yomon kutib olgan, toshbo‘ron qilib shahardan haydab chiqargan Toif shahri edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘sha kunni hayotlaridagi eng og‘ir kun, deb yodga olar edilar.
Shafqatsiz Toif Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchun Makkadagi azoblarning davomi bo‘ldi. Urva shunday tajovuzkor muhitda yashagan. U dastlab o‘z qabiladoshlarini qo‘llab-quvvatlagan va Islomga qarshi kurashgan edi.
Urva Toifda hukmron mavqeni egallagan va obro‘li inson edi. U o‘z jamiyatidagi mavqei jihatidan Makkada Abu Tolib, Abu Jahl yoki Valid bilan teng maqomda bo‘lgan.
Urvaning yuksak mavqei shundan dalolat beradiki, Qur’oni Karim nozil qilingan bo‘lsa, Valid ibn Mug‘ira yoki Urva ibn Mas’udga tushishi kerak, deb ishonishgan. Bu noto‘g‘ri tushuncha haqida Qur’on oyatlaridan birida shunday deyiladi:
"Ular: «Ushbu Qur’on ikki shahardan (birida) bo‘lgan ulug‘ kishiga nozil qilinganida edi», dedilar". (Zuxruf, 31)
Agar payg‘ambarlarni saylash masalasi makkaliklarning vakolatlari doirasida bo‘lsa, ularda bunga tayyor nomzodlar – makkalik Valid yoki toiflik Urva bor edi. Ular payg‘ambarlikni Allohning xohishiga ko‘ra emas, balki o‘zlarining ichki siyosiy vakolatlarining bir qismi sifatida ko‘rishgan. Ular payg‘ambarlik ixtiyor bilan emas, Allohning irodasi bilan bo‘lishini umuman tushunishmadi. Bu maqomga kim loyiqroq ekanini faqat Qodir Alloh biladi.
Urva ibn Mas’ud haqida keyingi eslatma Hudaybiyada, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan makkaliklar o‘rtasida tinchlik shartnomasi tuzilganida uchraydi. Bundan oldin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning 1400 nafar sahobalari hijratning oltinchi yilida Umra ziyorati uchun Makkaga safar qilganlar.
Qurayshliklar bu harakatga qarshi chiqdilar, chunki ular Makkada musulmonlarni ko‘rishni istashmadi. Qandaydir yakdillik, o‘rtacha tinchlik, vaqtinchalik sukunat kerak edi. Shuning uchun sulh jarayoni boshlandi. Unda Quraysh manfaatlarini to‘rttagacha muzokarachi himoya qildi.
Ulardan uchinchisi Urva bo‘lib, u o‘zini ancha takabbur tutib, musulmonlarni g‘azablantirish uchun har tomonlama harakat qildi. Ammo Urva Qurayshga qaytib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobalarning odoblari haqida eng qimmatli ma’lumotlarni yetkazdi:
“Allohga qasamki, men Vizantiya imperatori, Fors podshohi va Habashiston podshosi huzurida bo‘ldim. Lekin sahobalar Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ulug‘laganchalik birovni ulug‘laganini ko‘rmadim. Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tupursalar, tupuriklarini sahobalar yuzlari va badanlariga surar edilar. Biror narsa buyursalar, amrini bajarishga shoshilishadi. Agar yuvinsalar, ular bu suvni olishga shoshilishadi. Gapira boshlaganida hamma tinch turadi. Hurmat ko‘rsatib, boshlarini ko‘tarmaydilar”.
Urvaning imonga kelishi hijriy sakkizinchi yili sodir bo‘lgan. Bu yilda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 12 000 askar bilan Urvaning Vatani Toifni qamal qildilar.
Ajablanarlisi shundaki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bundan 12 yil oldin u yerga faqat bir kishi — Zayd ibn Horis hamrohligida borgan edilar. Bu safar esa Arabiston yarim orolida misli ko‘rilmagan g‘olib qo‘shin u kishining ixtiyorlarida edi. Bu Islom va musulmonlarning g‘alabasidir.
O‘shanda Urva shaharda emas edi va bu qamalga guvoh bo‘lmagan. U shaharga qaytganda qamal allaqachon olib tashlangan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga qaytgandilar. Urvaning imonga kelishi shu yerda sodir bo‘ldi. U yo‘lda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetib oldi va ana shu yerda Islomni qabul qildi.
Yangi e’tiqodga o‘tgan Urva Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga Toifga qaytib, uning aholisini Islomga da’vat etish istagini aytdi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Seni o‘ldirishlaridan qo‘rqaman», dedilar. Biroq, Urva Toifdagi hokimiyatiga tayanib, bunday bo‘lmasligiga ishondi. Hatto, “Uxlayotganimni ko‘rishsa, uyg‘otishmaydi. Meni qavmim shu darajada hurmat qiladi”, dedi.
Toifga kelgan Urva da’vatni boshladi. Lekin o‘ziga nisbatan nomaqbul so‘zlarni eshitdi. Urva taslim bo‘lmadi va ertasi tong saharda uyining tomiga chiqib, imon va hidoyatga to‘lib-toshgan holda baralla azon aytdi. Bu Urvaning birinchi va oxirgi azoni edi. Chunki toifliklardan biri u zot roziyallohu anhuga kamondan o‘q otib, yaraladi.
O‘lim to‘shagida Urva o‘z vafoti haqida shunday dedi: “Alloh taolo meni shu bilan ulug‘ladi va shahidlikni berdi. Meni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ketishlaridan oldin (Toifda) vafot etgan shahidlar bilan birga dafn qilinglar”.
Urva Toif qamalida vafot etgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalarini nazarda tutgan edi. Urvaning so‘nggi vasiyatlari bajarilib, shahidlar qabristoniga dafn qilindi.
Urvaning islomiy hayoti juda qisqa bo‘ldi. Ammo uning islomdagi bir necha kuni birdaniga ikki daraja — da’vatchi va shahidlik darajasiga yetishi uchun yetarli bo‘ldi. Alloh sahobalardan rozi bo‘lsin.
Manzura Shams tayyorladi
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar