date

Uzoq ayriliqdan so‘ng, 80 yoshga kirgan fuqaro sobiq turmush o‘rtog‘i bilan ko‘rishdi

Majburiy ijro byurosi Uchtepa tuman bo‘limi ish yurituvida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining 2026 yil 29 yanvardagi ijro varaqasiga asosan qarzdor O.K.dan undiruvchi V.M. foydasiga Uchtepa tumani 26-mavzeda joylashgan turar joy xonadoniga kirishiga to‘sqinlik qilmaslik to‘g‘risidagi ijro hujjati mavjud.

Ijro hujjati mazmuniga ko‘ra, taraflar o‘zaro yaqin qarindosh bo‘lib, qarzdor O.K. undiruvchi V.M.ning o‘gay qizi hisoblanadi. Ushbu holat ortida esa oddiy bir mulkiy nizo emas, balki inson taqdiri bilan bog‘liq og‘ir va uzoq yillik tanaffus turgan.

Undiruvchi V.M. hozirda 80 yoshni qarshilagan bo‘lib, u sobiq turmush o‘rtog‘idan ajralganidan so‘ng uning holidan xabar olish imkoniyatidan uzoq yillar mahrum bo‘lib kelgan. Ayniqsa, oilaviy munosabatlarda yuzaga kelgan kelishmovchiliklar sababli o‘gay qizi tomonidan turli to‘sqinliklar qilinib, qariyb 10 yil davomida u sobiq turmush o‘rtog‘ini ko‘ra olmagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu xonadonga kirishdan asosiy maqsad moddiy manfaat emas, balki yoshi ulg‘aygan, sog‘lig‘i zaiflashgan sobiq turmush o‘rtog‘ini ko‘rish, uning holidan xabar olish va insoniy burchini ado etish bo‘lgan.

Qarzdor tomonidan ijro hujjati ixtiyoriy ravishda bajarilmaganligi sababli davlat ijrochilari tomonidan majburiy ijro harakatlari amalga oshirildi. Ijro jarayonida qarzdorga qonunchilik talablari tushuntirilib, undiruvchining xonadonga kirishiga to‘sqinlik qilish qonunga zid ekani va bunday harakatlar uchun javobgarlik mavjudligi haqida ogohlantirish berildi.

Olib borilgan ijro harakatlari natijasida undiruvchining mazkur xonadonga kirishi ta’minlandi. Shu orqali 10 yillik uzilishdan so‘ng 80 yoshli inson uchun sobiq turmush o‘rtog‘i bilan diydor ko‘rishish imkoniyati yaratildi.

Bu voqea inson qadri, qarilikdagi sog‘inch va oilaviy munosabatlar qanchalik murakkab bo‘lmasin, qonun ustuvorligi orqali insoniy diydorga yo‘l ochilishi mumkinligini yana bir bor namoyon etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Uzoq ayriliqdan so‘ng, 80 yoshga kirgan fuqaro sobiq turmush o‘rtog‘i bilan ko‘rishdi