Hantavirus xavfi O‘zbekistonga yetib keldimi?

Shu kunlarda dunyoning ayrim mamlakatlarida hantavirus infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar qayd etilayotgani muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Biroq O‘zbekistonda ushbu virus bilan kasallanish holatlari hozircha aniqlanmagan.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekovning ma’lum qilishicha, mamlakatda epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lib qolmoqda.
“Bugungi kunda O‘zbekistonda hantavirus bilan bog‘liq xavotirli holat yo‘q. Vaziyat to‘liq nazorat ostida”, — deya ta’kidlaydi mutaxassis.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu infeksiya koronavirus kabi tez tarqalish xususiyatiga ega emas va global pandemiya xavfini tug‘dirmaydi.
Virus haqida qisqacha
Hantavirusning dunyoda 20 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, ularning faqat ayrimlari inson uchun xavfli hisoblanadi. Kasallik ko‘proq Osiyo, Yevropa hamda Lotin Amerikasining ayrim hududlarida uchraydi. Argentina, Chili va Braziliya kabi davlatlarda esa nisbatan ko‘proq qayd etiladi.
Virus asosan kemiruvchilar orqali tarqaladi. U odamga ularning peshobi, axlati yoki so‘lagi bilan ifloslangan buyumlar, chang yoki oziq-ovqat orqali yuqishi mumkin. Shuningdek, zararlangan muhitda uzoq vaqt bo‘lish ham xavfni oshiradi.
Belgilari va xavfi
Kasallik odatda tana haroratining ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish hamda mushak va qorin og‘riqlari bilan namoyon bo‘ladi. Og‘ir holatlarda esa buyrak yetishmovchiligi va nafas olish tizimida jiddiy asoratlar kuzatilishi mumkin.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, hozircha hantavirusga qarshi maxsus vaksina mavjud emas. Davolash esa asosan simptomlarga qarab amalga oshiriladi.
O‘zbekistondagi holat
Mamlakatda hozirgacha hantavirus bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan. Sanitariya xizmati tomonidan virusologik monitoring ishlari muntazam olib borilmoqda.
Shu bilan birga, aholi uchun bir qator profilaktik tavsiyalar berilgan: shaxsiy gigiyenaga amal qilish, uy-joy va ish joylarini toza saqlash, oziq-ovqatni to‘g‘ri saqlash, meva-sabzavotlarni yaxshilab yuvish hamda kemiruvchilar ko‘payishi mumkin bo‘lgan joylarni muntazam tozalash.
Endemik hududlardan qaytgan fuqarolar esa o‘z sog‘lig‘i haqida oilaviy poliklinikalarga ma’lumot berishi tavsiya etiladi.
Ayni paytda respublikada 53 ta chegara nazorat punkti orqali sanitariya-epidemiologik xavfsizlik qat’iy nazorat qilinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!