
20 dekabr kuni prezident Mirziyoyev Parlament qo‘shma palatalari va xalqqa murojaat qilarkan, o‘tgan yilni sarhisob qilib, kelayotgan 2023 yil uchun siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa yo‘nalishlardagi bir qator reja, islohotlarni taklif qildi.
Kun.uz muxbiri prezident murojaatnomasi va unda ko‘tarilgan eng muhim mavzular atrofida jurnalist Sharof Ubaydullayev, iqtisodchi Abdulla Abduqodirov va ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert Bahodir G‘aniyev bilan intervyu o‘tkazdi.
— Bahodir aka, prezident murojaatnomasida eng ko‘p gapirilgan mavzulardan biri maktab, ta’lim va uning sifatini oshirish haqida bo‘ldi.
Biz sal turib uni qanday o‘nglash, bu yo‘lda qilinadigan ishlar mavzusiga ham o‘tamiz. Lekin bundan avval keling, bugun o‘zbek ta’limi, aniqrog‘i maktab ta’limi sifat jihatidan qaysi bosqichda, qaysi darajada ekaniga bir oydinlik kiritib olsak. Ya’ni siz ekspert sifatida xalq ta’limidagi muammolar kartinasini qanday ko‘rasiz, u bugun qaysi bosqichda?
— Albatta, davlat rahbarining ta’lim masalasiga katta urg‘u berib, uni yilning eng asosiy reformasi sifatida belgilashi yaxshi, lekin ma’ruzada bu bo‘yicha biror aniq taklif yoki o‘sha savolga javob ko‘rmadim. Demak ta’lim borasida davlat nima qilmoqchi ekani hali biz uchun qorong‘i masala.
Tarixga nazar solsak, ta’lim bilan nimalar qilishmadi o‘zi degan kartina ko‘z oldimizga keladi. Unda ta’lim tegilmagan, ta’lim gapirilmagan davrning o‘zi bo‘lmadi. 30 yil ichida ta’lim shu daraja transformatsiyalardan o‘tdiki, u qaysi konsepsiya asosida o‘zgartirilgani ham bir-biridan farq qiladi.
Avvalo biz sovet ta’lim tizimini 9 yil maktab, 3 yil professional ta’limga o‘tkazishga harakat qildik. Litseylar va kollejlarning o‘ziga butunlay boshqa konsepsiya asosida qaraldi.
Bundan tashqari, o‘sha davrning o‘zida ta’lim dasturlari bir necha o‘zgarishlarni boshdan kechirdi. Uning orasida ta’lim metodikalarini o‘zgartirishga harakat qilindi. Oxirgi to‘rt yilda ham darsliklarning deyarli har yili o‘zgarishi, o‘qituvchilar malaka oshirishi bo‘yicha yana yangi islohot e’lon qilinishi, 11 yillikka qaytilishi...
Ya’ni ta’lim shunchalik e’tiborsizlik bilan o‘zgartirildiki, bundan keyin ham e’tibor qilinishiga odam ishonmay qo‘ydi. Ta’lim yana reforma bo‘larkan desa odamlarda ishonch ham qolmadi. Reforma bo‘ladimi-yo‘qmi va bo‘lsa, samara beradimi-yo‘qmi?
Ta’limning o‘zidagi muammolarga qaytadigan bo‘lsak, ta’lim bugun komada. Xo‘sh, bugun uning dasturi bilan 11 yil o‘qigan bolalarning necha foizi o‘sha malakaga ega bo‘lib chiqyapti?
Agar ta’limdagi dasturning o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 70-80 foiz bo‘lsa, unga sarflangan pul o‘zini oqlayapti, desa bo‘ladi. Lekin bugun 11 yillik ta’lim dasturi bilan 100 nafar bolani haqiqatda sinovdan o‘tkazing-chi, necha foizi talabga javob beradi?
Ichida 10 foizi borki, yozish, chizishni biladi-da, undan uyog‘iga o‘tmagan. Ichida to‘rtinchi, beshinchi sinfida nimadir olgani bor va bir, ikki foiz zo‘r o‘qib, ta’lim dasturlarini 70-80 foiz o‘zlashtirgani bor.
Ya’ni bugun ta’limga qaysi tomondan qaramang, hamma yo‘nalishida muammosi bor. Masalan, infratuzilma yetishmovchiligi. Bitta sinfda qirq nafar bola o‘tirarkan, sifat haqida gapirishning o‘zi juda qiyin. Sababi xalqaro metodikalar ham borki, unda bitta odamning dars davomida qancha o‘quvchiga e’tibor qarata olishi belgilangan. Qirq nafar bola emas albatta. Yigirma, yigirma beshtadir ko‘pi bilan. O‘qituvchilarning malakasi masalasi bor. Bundan tashqari, ta’lim muassasalarida menejment masalasi bor. Ya’ni boshqaruv, uning direktori, direktor o‘rinbosarlari masalasi. Vazirlik darajasida ta’lim menejmenti qanday?
Bundan tashqari bizda maktablar oliy ta’lim bilan uyg‘unlashganmi-yo‘qmi degan savol ham bor. Ya’ni o‘sha 70-80 foiz bola oliy ta’limda o‘qishga tayyormi-yo‘qmi? Demoqchimanki, ta’limda qaysi tomonga qaramang, muammo. Lekin bularning ichida ham eng katta muammo bu malakasizlik. Total malakasizlik. O‘qituvchilardan tortib boshqarma, boshqarmadan tortib vazirlikkacha. Bu masalani yechmasdan turib, boshqa masalalarga o‘tish qiyin.
Chunki binolar, ularning isitish tizimi kabi masalalarga katta aql kerak emas. Ular pul bilan bitadigan masalalar. Bepul tushlik masalasini ham men hozir ko‘tarmagan bo‘lardim.
Hozir yana bir qiziq masala ketyapti, ta’limga mas’ullarimiz Finlandiya modeliga o‘tishimizni aytishmoqda. Shu odamlar Finlandiya modeli nima ekanini o‘zlari tushunarmikan?
Masalan, bu modelning bir nechta asosiy ustuni bor. Uning eng kuchli ustuni bu o‘qituvchilarning malakasi. Finlandiyada hamma ham o‘qituvchi bo‘lolmaydi. O‘qituvchi yetishtiradigan universitetlarga tanlov juda katta. O‘qituvchilar davlatning eng kuchli himoyalangan qatlami va shunga yarasha talablar ham juda yuqori. Bu o‘qituvchilarsiz fin ta’lim tizimini esdan chiqarsa ham bo‘ladi. Lekin biz bu modelga o‘tishdan oldin 500-600 ming shunday o‘qituvchini qancha vaqtda tayyorlay olamiz degan savol ham bor.
Chunki shunday malakali o‘qituvchilar bo‘lgani uchun ham finlarda ta’lim dasturi erkinligi bor. O‘qituvchi o‘zi va bolalariga moslab dastur qilishi mumkin. Ta’lim tizimida har bir o‘quvchining o‘zlashtirishiga individual qarash bor. Ya’ni bizda hamma narsa standartlashgan. Bizda har bir fan bo‘yicha har bir o‘qituvchining dasturi bor. Unda birinchi, ikkinchi hafta qaysi mavzular o‘tilishi belgilab qo‘yiladi. Finlandiyada esa individual.
Va uchinchidan, Finlandiyada maktablar uchta bir-biridan farq qiladigan va alohida binolarga ega bo‘lgan tizimdan iborat. Boshlang‘ich, o‘rta va yuqori maktab. Boshlang‘ich maktabda o‘quvchilar ayrim fanlarni tanlash imkoniyatiga ega. Keyingi uch yilda ko‘proq va yuqori sinfda o‘quvchilar to‘liq ixtisoslashadi.
Masalan, tarixchi bo‘lmoqchi bo‘lgan bola matematikani umuman o‘qimasligi mumkin. Bizda buni qilish uchun hozir na infrastruktura bor, na o‘qituvchilar malakasiga e’tibor berilgan va na moliyalashtirilgan. Bunga hali bizda asos yo‘q. Buni hozir qanday qilisharkin deyapman-u, lekin savolimga javob topolmayapman.
Ilyos Safarov tayyorladi
Prezident MurojaatiTa'lim MasalalariTa'lim TizimiMalaka OshirishIslohotlarInfratuzilma Yetishmovchiligi O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar