
Foto: Kun.uz
Podkast, chellenj, renessans, sektor, gender... Bunday so‘zlar o‘zbekcha bo‘lmasa ham, o‘zbek tilida faol qo‘llana boshlagan. Hattoki muqobili bor o‘zbekcha so‘zlar o‘z o‘rnini xorijiy so‘zlarga bo‘shatib beryapti. Jarayon shunday davom etaversa, 2-3 asrdan keyin yashaydigan o‘zbeklar biz bugun yozgan kitoblar-u ma’lumotlarni lug‘at bilan o‘qishiga to‘g‘ri kelmaydimi?
Har qanday til o‘zga tillardan so‘z olib boyiydi. Biroq bu istalgan so‘zni olib o‘zbekcha so‘zlarga qo‘shib qo‘llashni anglatmaydi. Bugun o‘zbek tili shunday bosqichni boshidan o‘tkazyapti. Masalan, 2022 yil boshida O‘zbekiston bo‘ylab elektr energiyasi inqirozi bo‘lganda, bu jumlani ifodalash uchun «blekaut» so‘zi, musobaqalarda o‘ch yo qasos olish ma’nosida «revansh» so‘zi qo‘llandi. Yana qaysi so‘zlar bugungi o‘zbek tiliga o‘rnasha boshlagani haqida tarjimon va tilshunoslarga yuzlandik.
Yona Bergerning «Yuqumlilik», Klaus Shvabning «To‘rtinchi sanoat inqilobi», Jeyms Klirning «Atom odatlar» kitoblarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan Sarvinoz Qosimova o‘zbek tiliga kirib kelayotgan so‘zlarni 2ga bo‘lish kerak deb hisoblaydi.
— Birinchisi, o‘zbek tilida ekvivalenti yo‘q yoki tarjima qilishga qiyin so‘zlar hisoblanib, bularga CEO (a chief executive officer) — bosh ijrochi direktor, insayt — (insight) g‘oya, qarash, nazar, tushuncha; patern — (pattern) qonuniyat, hodisa; spoyler — (spoiler) syurprizni buzuvchi; virtual — (virtual) kabilarni misol qilib keltirish mumkin.
Ikkinchi tur so‘zlarga, o‘zbek tilida ekvivalenti bor, biroq yangi chet el so‘zlariga almashayotgan so‘zlarni aytishim mumkin. Masalan, konsalting (consulting) — ma’muriy maslahat; konditsiya (condition) — vaziyat, sharoit; degradatsiya (degradation) — yomonlashish; motivatsiya (motivation) — turtki; diversifikatsiya (diversification) — xilma-xillashtirish kabi so‘zlardir.
Umuman olganda, professional so‘zlar boshqa tillardan shunday olinib tarjima qilinyapti. Masalan, IMHO (in my humle opinion) — menimcha, podkast — podcast, chellenj — challange, treyning — training, kouch — couch, kreativ — creative, IT — information technology, IQ – intelligent quotient, luks — lux, furnitura — furniture, sertifikat — certificate, global — global, influyenser — influencer, apgreyd –upgrade, feyk — fake, treyding — trading, trend — trand so‘zlari ingliz tilidan qanday o‘qilsa, o‘sha tarzda o‘zbek tiliga kirib kelyapti. Balki o‘zbek tiliga chet el so‘zlari oqimining jadallashuviga tobora ko‘proq yoshlar ingliz tilini o‘rganayotgani ham sabab bo‘lishi mumkin.
Mario Pyuzoning «Cho‘qintirgan ota», Ramita Navaining «Yolg‘onlar shahri», Yana Roslingning «Factfullness» asarlari tarjimoni Ziyoda G‘ulomova bugun o‘zbek tiliga texnologiya va biznesga oid atamalar kirib kelishi ko‘payganini aytadi.

Ziyoda G‘ulomova, tarjimon
— Asosan biznes va marketingga oid kitoblar tarjimasidan netvorking, nisha — bozorning aniq bir auditoriyaga mo‘ljallangan, ixtisoslashgan bo‘limi, «vaucher kabi» so‘zlar qo‘llana boshlayapti. Bundan tashqari, o‘zim tarjima qilgan asar — «Factfullness»ning ham nomini shunday qoldirdik. Chunki bu ingliz tilida ham yasama so‘z, muallif o‘zi yaratgan, muomalada mavjud emas. Kitob ichida o‘zbek kitobxoniga tushunarli bo‘lishi uchun faktdorlik deb tarjima qildik. Garchi o‘zbek tilida bunday so‘z bo‘lmasa-da, biz ham muallif uslubiga yondashdik. Bu so‘zni boshida faktlilik deb tarjima qilgandim.
Shuningdek, yana bir kitobni tahrirlash davomida texnologiya va ijtimoiy tarmoqlarga oid so‘zlar ham o‘zlashganiga guvoh bo‘ldim. Masalan, Facebook, post, messenjer, Zoom, kopirayter, raqamli texnologiya, sotuv matni — ijtimoiy tarmoqlarda biror narsani reklama qilish uchun qo‘yilgan postning matni kabi yangi so‘zlarni oldik.
Herbert Uellsning «Dunyolar jangi», Mark Tvenning «Hayotning besh tortig‘i», Lara Edrianning «Tungi tashrif», Suadning «Alanga ichidagi ayol» kitoblarini tarjima qilgan Nodira Ibrohimova ayrim narsa-buyumlar o‘zbek tilida mavjud bo‘lmagani uchun, ularning o‘zbekcha nomi ham topilmasligini, natijada so‘zni asl variantda qoldirishga majbur bo‘lganini aytadi.

Nodira Ibrohimova, tarjimon
— 2021 yili Herbert Uelssning «Dunyolar jangi» romani tarjimasi men uchun ancha murakkab kechdi. Sababi ilmiy fantastik asar bo‘lgani uchun ko‘plab terminlarning o‘zbek tilidagi muqobillarini topish qiyin bo‘ldi. Romanda uchragan ayrim jumlalarni lug‘atdan topib bo‘lmagach, guglga berib suratini ko‘ribgina, nimaligini tushunar va o‘zbek tilida qanday atalishini izlardim.
Ilmiy izohli lug‘at bizda oqsashiga shunda amin bo‘ldim. Romanda ba’zi so‘zlarni aslicha qoldirib, sposka bilan izohini berib o‘tishgayam to‘g‘ri keldi. Masalan, sifon (avtomatik truba nasos), flyaga (mitti suvdon), omnibus (avtobusning ilk ko‘rinishi, otlarga qo‘shilgan usti yopiq temir arava), shlyuz (suv sathi turlicha bo‘lgan bir joydan ikkinchi joyga kemalarni o‘tkazish uchun xizmat qiluvchi hidrotexnik inshoot), klerk (yozuv-chizuv ishlarini olib boradigan kichik xizmatchi), stalaktit (g‘or ichida osilib turuvchi sumalaklar), konsteb (ko‘chalarda otlar harakatini boshqaruvchi politsiyachi) va boshqalar.
Ko‘proq esimda qolgani, romanda Tillagul nomli o‘simlik keltiriladi, bunday gulning suratini izlaganimda u bizning yurtimizda o‘smasligi ma’lum bo‘ldi. U bizning uzumlar kabi tepada, shokila kabi yerga osilib turadi, rangi sap-sariq. Bu o‘rinda o‘quvchi uni tasavvur qilolmagani uchun o‘sha peyzajni ko‘z oldiga keltirolmaydi.
Xorxe Luis Borxes, Xulio Kortasar, Jubron Xalil Jubron va Andrey Platonov asarlari tarjimoni, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, ayni damda Niderlandiyada yashab ijod qilayotgan yozuvchi va tarjimon Sharifjon Ahmad so‘zlar o‘zbek tiliga qabul qilinishini ko‘p ham yoqlamaydi. Ayniqsa oxirgi vaqtlarda muqobili mavjud so‘zlarning boshqa tildagisi qo‘llanishidan maqsad nima, degan mulohazani o‘rtaga tashlaydi.

Sharifjon Ahmad, yozuvchi va tarjimon
— O‘zbek tili fleksibl, ya’ni tabiatiga to‘g‘ri keluvchi yangi so‘zlarni o‘ziga singdirib, iste’molga taqdim eta oladigan, o‘zgarishlarga bag‘ri ochiq til. Ammo bu o‘zga tillardan har qanaqa so‘zlarni, to‘g‘ri kelsa-kelmasa, olib kiraverish mumkin degani emas. Keyingi paytlarda zo‘rma-zo‘raki kiritilayotgan so‘zlarga to‘xtalsam.
Nechanchi ekanidan qat’i nazar — «renessans» so‘zi. Tappa-tayyor «uyg‘onish» atamasi bo‘laturib, mutlaqo Ovro‘pa taraqqiyot bosqichiga tegishli «renessans» chappa-rostasiga qo‘llanayotgani ensani qotiradi. «biyennale» — italyancha so‘z. Lug‘aviy ma’nosi — «ikki yilda bir marta». Buning ham boptagina «ko‘rgazma» muqobili bor.
«Gran-pri» — xo‘p, G‘arbning muhtasham-u shohona davralariga chidab bo‘lmas havasdan tilga tiqishtirilayotgan bu urinishni tushunsa bo‘lar, ammo «bosh sovrin»ning nimasi yomon? «Administratsiya» (ma’muriyat, devon), «agentlik» (boshqarma, idora), «sektor» (bo‘lim, shu’ba), «gender» («jinsiy tenglik» — bu misolda aynan «jins» so‘zidan uyalish alomatlari seziladi), «motivatsiya» (ruhlan(tir)ish, chog‘lan(tir)ish), «komfort» (shinam, qulay, badastir), «degradatsiya» (aynish, buzilish, zavolga yuz tutish) kabi soxta salmoq ortilgan yana qator begona so‘zlar borki, qavs ichida berilgan ularning muqobillari tilimizda azaldan mavjud.
Ijtimoiy tarmoqlarda bundan ham qiziq holat kuzatiladi. Birgina misol: «shukrona kuni». Bu birikmaga dastlab duch kelganimda, ma’nosini hech tushuna olmagandim. So‘rab-surishtirib bilsam, «tug‘ilgan kun» ma’nosida qo‘llana boshlabdi. Qizig‘i, o‘zimizning shoir-u yozuvchilar lug‘atidan ham mahkam o‘rin olib ulguribdi. Aslida esa «shukrona kuni» — AQSH bilan Kanadaning xos bayrami, uzoq yo‘l azobi ortda qolib, eson-omon manzilga yetib olgan dastlabki mustamlakachilarning shukrona kunidir bu (Thanksgiving Day).
AQSHni tilga olgan ekanmiz, bu davlat nomini ham (Turkiya turkchasiga moslashtirgan holda) «Amerika Birlashgan Davlatlari» tarzida taqdim etish urinishlari ham ko‘rinib qolyapti. «State»ni «davlat» deb o‘girish mumkin bo‘lsa-da, Amerika Qo‘shma Shtatlari misolida bu so‘z «davlat» ma’nosini bermaydi, balki butun birlik tarkibida nisbiy muxtoriyat belgilariga ega bo‘lgan viloyat va muzofot tushunchasini anglatadi.
Umuman o‘zbek tiliga ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish masalasi bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasishug‘ullanadi. Lekin bugun muqobili bor so‘zlarning xorijiy varianti ham rasmiy doiralarda qo‘llanyapti. Bu jarayonni Atamalar komissiyasi nazorat qilayotgani negadir sezilmayapti. O‘zbek tili shu tezlikda xorijiy tillardan so‘z olib boyib, boraversa, bugun biz faol qo‘llanayotgan so‘zlar arxaik so‘zlarga aylanib, avlodlarimiz bizning yozganlarimizni lug‘at bilan o‘qish bosqichiga yetib kelmaydimi? Xuddi biz bugungi kunda Alisher Navoiy va Bobur asarlarini maxsus lug‘atlarsiz o‘qiy olmaganimizdek.
Zuhra Abduhalimova, jurnalist
So'zlarO'zbek TiliXorijiy So'zlarTarjima QilishO'zgarmas So'zlarIjtimoiy Tarmoq O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar