Toshkent viloyatida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. 19 avgust kuni Angren shahrida yuk avtomobili va yo‘lovchi avtobus ishtirokida jiddiy avariya sodir bo‘lgani haqida videolar tarqaldi.
Kadrlarida yuk mashinasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtobusning haydovchi joyiga kelib urilgani aniq ko‘rinib turadi. Zarbaning kuchli bo‘lgani sababli avtobus haydovchisi salon tashqarisiga uchib chiqib ketgan. Guvohlarga ko‘ra, u xavfsizlik kamarini taqmagan bo‘lishi ehtimol qilinyapti.
Hozircha rasmiy idoralar hodisa tafsilotlariga oydinlik kiritmadi. Avtobus haydovchisining ahvoli qandayligi, yo‘lovchilar orasida jabrlanganlar bor-yo‘qligi haqida ham ma’lumot berilmagan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu kabi holatlarda xavfsizlik kamaridan foydalanish inson hayotini asrab qolishi mumkin. Chunki kuchli zarbalar paytida hatto tajribali haydovchi ham o‘zini himoya qila olmaydi.
Hodisa yuzasidan huquq-tartibot organlari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilishi kutilmoqda. Jamoatchilik esa tez orada rasmiy ma’lumotlar e’lon qilinishiga umid qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!