date

Oʻzbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirishga oid loyiha eʼlon qilindi

Oʻzbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirishga oid loyiha eʼlon qilindi

Loyihaga koʻra, Oʻzbekistonda tungi vaqtda faoliyat yuritadigan koʻchalar aholisi soni 50 mingdan oshgan shaharlarda tashkil etiladi. Ushbu koʻchalarda filialini ochgan tadbirkorlik subyektlari moliyaviy qoʻllab-quvvatlanadi va ayrim xarajatlari qoplab beriladi. “Tungi iqtisodiyot menejeri” lavozimi joriy etiladi. Toshkent Farmatsevtika universiteti Toshkent viloyatiga koʻchiriladi, uning oʻrnida ming oʻrinli avtoturargoh va besh yulduzli mehmonxona quriladi.

Strategik islohotlar agentligi prezidentning tungi iqtisodiyotni rivojlantirish choratadbirlari boʻyicha qarori loyihasini tayyorladi.

Loyihaga koʻra, 2025–2030 yillarda:


  • tunu kun faoliyat koʻrsatadigan koʻchalar (hududlar) soni 320 taga;

  • tunu kun faoliyat koʻrsatadigan kafe va restoranlar soni 8 mingtagacha;

  • tunu kun faoliyat koʻrsatadigan savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalari soni 14,2 mingtagacha yetkaziladi.


Bundan tashqari, loyihadan tunu kun faoliyat koʻrsatadigan hududlarda 755 ta avtoturargoh tashkil etish, tunu kun faoliyat yuritadigan savdo va xizmat nuqtalarida 11,3 mingta yangi ish oʻrinlari yaratish, tunda faoliyat koʻrsatadigan turistik obyektlar va madaniy tadbirlarni rivojlantirish orqali 190 ming mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb qilish rejalari oʻrin oldi.

Hujjatga koʻra, savdo, xizmat koʻrsatish va koʻngilochar sohalarning tungi vaqtda ham toʻsiqsiz faoliyat yuritishi kafolatlanadi.

Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash

Qaror loyihasida gastronomik, koʻngilochar va turizm sohalarida ishlaydigan tadbirkorlik subyektlari uchun toʻlangan soliqning bir qismini qaytarib berish (keshbèk) tizimi kengaytirilishi nazarda tutilgan.

Mahalliy brendga ega tadbirkorlik subyektlari tomonidan tunu kun faoliyat koʻrsatadigan hududlarda oʻz filialini ochish uchun bitta filial kamida:


  • 5 ta yangi ish oʻrni yaratilsa 1 milliard soʻmgacha;

  • 10 ta yangi ish oʻrni yaratilsa 5 milliard soʻmgacha;

  • 15 ta yangi ish oʻrni yaratilsa 10 milliard soʻmgacha moliyaviy qoʻllab-quvvatlanadi.


Bundan tashqari, hududlarda filial ochish istagini bildirgan mahalliy brend egalari uchun yangi xodimlarni oʻqitish va qayta tayyorlash bilan bogʻliq xarajatlarning yarmi bir nafar xodim uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobaridan oshmagan hajmda qoplab beriladi. Shuningdek, mahalliy brend egalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarga sifat darajasini anglatadigan milliy sertifikatlarni olish xarajatlari toʻliq, xalqaro tan olingan sertifikatlarning 3 ming AQSH dollaridan oshmagan qismi qoplab beriladi.

Tunu kun faoliyat yuritadigan koʻchalar qanday boʻladi?

Loyihada belgilanishicha, tunu kun faoliyat yuritadigan koʻchalar yoki hududlar viloyat va tuman markazlarida, aholisi soni 50 mingdan oshgan shaharlarda, aholining va turistlarning tashrifi kuzatiladigan gavjum hududlarda, tadbirkorlar tomonidan tungi faoliyat yuritish istagi bildirgan hududlarda tashkil etiladi.

Shuningdek, bunday koʻchalarga quyidagi talablar qoʻyiladi:


  • uzunligi oʻrtacha 800 metrdan 2000 metrgacha boʻlishi;

  • avtomobil tezligi 20 km/soatgacha cheklanishi;

  • favqulodda vaziyat, tez tibbiy yordam va xavfsizlik xizmatlari uchun maxsus joylar ajratilishi, “xavfsizlik tugmalari” oʻrnatilishi;

  • telekommunikatsiya (jumladan, Wi-Fi) va bank-moliya xizmatlari yoʻlga qoʻyilishi;

  • tashrif buyuruvchilar uchun belgilangan avtoturargohlar boʻlishi;

  • muzeylar, kinoteatrlar, sport va fitnes klublarining ish vaqti uzaytirilishi;

  • obodonlashtirish va tozalash xizmatlari yoʻlga qoʻyilishi.


Toshkent shahri tumanlari, Nukus shahri va viloyat markazlari hokimliklari tuzilmasida “tungi iqtisodiyot menejeri” lavozimi joriy etiladi.

Qoʻshimcha tashabbuslar


  • 2025 yil 31 dekabrgacha Toshkentda kàrsharing milliy platformasi pilot shaklda ishga tushiriladi;

  • Toshkent shahrida davlat-xususiy sheriklik asosida veloshèring loyihasi ishlab chiqiladi va ishga tushiriladi;

  • Sogʻliqni saqlash vazirligi koʻchma mobil klinikalar faoliyatini yoʻlga qoʻyadi;

  • Toshkent Farmatsevtika universiteti koʻchirilib, uning oʻrnida avtoturargoh va besh yulduzli mehmonxona quriladi.


Eslatib oʻtamiz, Strategik islohotlar agentligi Oʻzbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida 2024 yilda maxsus hudud ajratilishi haqida xabar bergandi.

Agentlik joriy yil boshida Tungi iqtisodiyot konsepsiyasini ishlab chiqdi.

Xulosa

Tungi iqtisodiyot loyihasi nafaqat shahar aholisi, balki turistlar uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi. U tadbirkorlik subyektlari uchun rag‘bat, aholi uchun ish o‘rinlari va mamlakat uchun turizm salohiyatining o‘sishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Oʻzbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirishga oid loyiha eʼlon qilindi