
Hijriy 689 yil zulqa’da oyining (milodiy 1290 yil 11 noyabr) 7 kunida Mamluklar davlati sultonlaridan biri Mansur Sayfuddin Qalovun vafot etdi. Uning davrida saltanat salbchilarga qarshi kechgan jangda katta g‘alabaga erishgan. U o‘zidan saltanat uchun katta meros qoldirgan.
Sulton Qalovun ansambli dunyo arxitekturasining eng noyob namunalaridan biri hisoblanadi. Ansambl shifoxona, madrasa va sulton maqbarasidan iborat. Arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, bu majmua 13 oy davomida, 1284-1285 yillarda qurilgan.
Xo‘sh, Sulton Qalovunning o‘zi kim edi?
Al-Mansur Sayfuddin Qalovun al-Alfiy barcha mamluklar singari asli misrlik bo‘lmagan. U Cherkesiyada tug‘ilgan. Uni o‘sha yerdan qul sifatida Qohiraga olib kelishgan.
Qalovun uchun 1000 dinor to‘lab, sotib olishadi, uni Alfiy (ming) deb atashgani shundan. Maxsus harbiy maktabni tugatgach, u ozod etiladi va harbiy boshliq lavozimini egallaydi. Keyinchalik Qalovun mashhur sulton az-Zohir Beybarsning vorisiga aylanadi.
Qalovun 1279 (hijriy 658) yili o‘zini hukmdor deb e’lon qildi. Barcha amirlar va boshqa davlat arboblari unga bay’at qilib, “Al-Malik Al-Mansur” unvonini berdilar.
Deyarli barcha tarixchilar Sulton Qalovunning eng yaxshi fazilatlariga ega bo‘lganini yozishgan.
Qalovun dovyurakligi va zukkoligi bilan nom qozongan, shaxsiy fazilatlari tufayli sulton Beybars e’tiboriga tushgan. Beybars uni kamtar, qon to‘kishdan qochadigan va birovga zarar keltirmaydigan inson sifatida baholagan.
Qalovun xalq dardini yaxshi tushunadigan hukmdorlardan bo‘lgan. u ko‘plab soliq va to‘lovlar hamda oddiy xalqni qiynab kelayotgan ko‘plab tartiblar bekor qiladi.
Ammo, bularning barchasiga qaramay, Qalovun hatto buyuk mamluk amirlariga ham davlat ishlarini boshqarishga ruxsat bermadi. Ularning ba’zilari o‘zlarini Qalovundan ko‘ra hukmdor bo‘lishga loyiqroq deb bilishgan. Lekin u qayerdadir kuch bilan, qayerdadir siyosiy sa’y-harakatlar bilan bu muammolarni hal qildi va saltanatning yagona hukmdori bo‘lib qoldi.
Qalovun armanlar va Xulaguidlarga qarshi yurishlarda g‘olib bo‘ldi. 1272 yilda Qalovun qo‘shini Ayn-Jolutdagi mag‘lubiyatdan so‘ng Suriyada o‘zini tiklamoqchi bo‘lgan mo‘g‘ullarni tor-mor qildi.
Shuningdek, u salibchilardan bir nechta muhim qal’alarni, jumladan Tripoli shahrini qo‘lga kiritdi. Nubiyadagi Qalovun armiyasining yurishlari unga Mamluk sultonligiga vassal qaramligini tiklashga imkon berdi.
Uning hukmronligi davrida Misr G‘arbiy Yevropa va Sharqning ko‘plab davlatlari, jumladan, Oltin O‘rda bilan diplomatik va savdo aloqalarini davom ettirgan.
Ammo Qalovun barcha rejalarini amalga oshirishi uchun fursat yetmaydi: 1290 yilda u vafot etadi. Vafotidan so‘ng taxtga kelgan o‘g‘li Al-Ashraf Salohiddin Xalil bin Qalovun otasining barcha maqsadlarini amalga oshiradi.
Sulton qurdirgan majmua, yuqorida qayd etilganidek, shifoxona, madrasa va maqbaradan iborat. Shifoxona vayron bo‘lgan va faqatgina uning qoldiqlari saqlanib qolgan. U maqbaradan janubda joylashgan. Bu yerda ikki hovuz va favvora joylashgan.
Sulton maqbarasi to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda bo‘lib, majmuaning shimolida joylashgan. U katta gumbazli, marmar naqshlar bilan bezatilgan. Shuningdek, peshtog‘ga Qur’on oyatlari bitilgan. Devorlarga mozaikalar terilgan va unda kufiy xatida Muhammad ismi yozilgan.
Maqbarada Misrdagi eng katta mehroblardan biri joylashgan. Maqbara ustunlari Misrning qadimgi fir’avnlarining qabri joylashgan Asvondan maxsus olib kelingan.
Bundan tashqari, maqbaraning yog‘och gumbazlari hozirga qadar mutaxassislarni hayratga solib kelmoqda.
Majmuada joylashgan madrasa katta ochiq hovlili qilib barpo etilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar