17:32 / 22.06.2023
282

Senat raisi: “150 ming so‘m qarzni to‘lamaganlik uchun 300 ming so‘m jarima solish adolatdan emas”

Senat raisi: “150 ming so‘m qarzni to‘lamaganlik uchun 300 ming so‘m jarima solish adolatdan emas”

Foto: Senat.uz

Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida “Ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan ma’muriy jarima miqdorini belgilash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro qilish mexanizmlari yanada takomillashtirilib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish maqsadida ijro jarayonlarini amalga oshirishda aholiga keng qulayliklar yaratilmoqda. Ammo amalga oshirilgan ishlarga qaramasdan, ijro hujjatlari ijrosini ta’minlashda ayrim kamchiliklar saqlanib qolgan.

Xususan, ijro hujjati bo‘yicha qarzdor undirilishi lozim bo‘lgan qarzdorlikni o‘z vaqtida to‘lamasa, Majburiy ijro byurosi tomonidan qarzdorga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanishi, ushbu jarimaning miqdori esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra fuqarolarga nisbatan 300 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslarga nisbatan 1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha belgilanishi mumkinligi qonunchilik bilan mustahkamlab qo‘yilgan.

Senatorlar, agar qarzdor tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan qarzdorlik summasi jarimaning eng kam miqdoridan ham kam bo‘lgan bo‘lsa-da, qarzdorlikka nisbatan yuqori miqdordagi jarima tayinlanishi ijtimoiy adolat prinsiplarining buzilishiga, bu esa qarzdorlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotganiga hamda mazkur holat tabiiy ravishda fuqarolarning to‘lov qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganiga alohida e’tibor qaratdilar.

150 ming so‘m qarzni to‘lamaganlik uchun 300 ming so‘m jarima solish – bu adolatdan emas, albatta. Qolaversa, bunday amaliyot yangi konstitutsiyaviy qoidaga, ya’ni fuqaroga qo‘llanadigan huquqiy ta’sir chorasi mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va yetarli bo‘lishi kerakligi qoidasiga mutlaqo zid.

Yoki ma’muriy jarimalarni MIBning istalgan ijrochisi emas, balki faqat rahbar xodimlari qo‘llashi mumkinligiga oid norma ham e’tiborga molik deb hisoblaymiz.

Fuqarolar manfaatlaridan, qolaversa ijtimoiy adolat tamoyillaridan kelib chiqib, qonunlarimizdagi bu kabi holatlar o‘z vaqtida bartaraf etilayotgani bugungi kun talabiga, fuqarolarimiz manfaatlariga javob beradi”, deya ta’kidlagan Senat raisi Tanzila Norboyeva.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartishlar kiritilib, bu bartaraf etilyapti. Xususan, qo‘llanadigan jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori bo‘lishi mumkin emasligi haqida norma kiritilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1981-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda ma’muriy jazo qo‘llashga endilikda O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari haqli ekani belgilanmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Senat raisi: “150 ming so‘m qarzni to‘lamaganlik uchun 300 ming so‘m jarima solish adolatdan emas”
ePN