17:45 / 23.10.2016
9 356

Lisey yoki kollejni tugatmagan qizlarning turmushga chiqishi qonunan taqiqlanadi

Lisey yoki kollejni tugatmagan qizlarning turmushga chiqishi qonunan taqiqlanadi

Bugungi kunda ko‘p hollarda oilalardagi ajrimlarning kelib chiqishiga yigit va qizlarning yosh oila qurayotgani, hali turmushga tayyor bo‘lmay turib, ota-onalarning havaslari qurboni bo‘layotganiga ko‘p bor guvoh bo‘lyapmiz. Toshkent shahar hokimiyati tashabbusi bilan ajrimlar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ham bu bot-bot takrorlandi.

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, yigitlar 18, qizlar esa 17 yoshdan turmush qurish imkoniyatiga ega. Shunga qaramay ayrim hollarda hali 17 yoshga to‘lmagan qizlarni ham turmushga berish holatlari ko‘zga tashlanib turibdi. Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov yig‘ilishda mazkur masalaga alohida to‘xtalar ekan, majlis ishtirokchilari, jamoatchilikning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda yangi qaror qabul qilinishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra qiz bola 17 yoshga to‘lgan bo‘lsa ham, agar 12 yillik ta’limni, ya’ni akademik lisey yoki kasb-hunar kollejini tugatmagan bo‘lsa, turmushga berish taqiqlanadi.

Toshkent shahar hokimi mazkur masalani qat’iyat bilan o‘rtaga tashlab, Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan restoranlar ma’muriyatdan to‘yi bo‘layotgan yigit-qizlarning pasporti nusxasi va o‘qishni bitirganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma olinishi kerakligini talab qildi. Agar restoranlar ushbu tartiblarni buzsa, lisenziyasi bekor qilinadi.

“So‘nggi vaqtlarda ikki-uchta xotinga uylanish, ko‘pxotinlik yoshlar orasida urchib borayapti. Buning oldini olmasak, ildiz otib ketishi tayin.

Shar’iy nikoh er-xotin gardaniga hech qanday mas’uliyat yuklamayapti. Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov bilan kelishgan holda FHDYoda rasmiylashtirilmagan oilaga nikoh o‘qigan domlalarga keskin choralar ko‘rishga qaror qildik. Ularning bunday harakatlarini bir necha bor kechirdik. Endi “bilmay qoldim” qabilidagi bahonalar o‘tmaydi va bunday holatlarga ortiq ko‘z yumib turolmaymiz”, deydi hokim.

“Men bu yig‘ilishni hisobot uchun tashkil etganim yo‘q. Bugungi davrda hisobot berishga qilinadigan yig‘ilishlar kerak emas, aksincha, bugungi majlis o‘zining amaliy natijasini berishi shart”, deb so‘zlarini davom ettiradi Usmonov.

O‘tgan 9 oy davomida Toshkent shahrida 3442 ta oilaga darz ketgan. Hokimning fikricha, bu ko‘rsatkichni so‘nggi besh yilga qiyoslansa, o‘rtacha hisobda har yili 2 mingta bola ko‘chada qolyapti, ular to‘liq bo‘lmagan oilada voyaga etmoqda. “Bu bolalarning ertangi taqdiri na mahalla, na tuman hokimlarini o‘ylantiryapti. Ota-onasi ajrashgan bolalar ruhan ezilgani etmagandek, onasi yo otasiga yuk bo‘lmaslik uchun ishlashga harakat qiladi, ko‘p vaqti ko‘chada o‘tadi. Ko‘chada esa yaxshi bor, yomon bor. O‘z-o‘zidan uning tarbiyasi izdan chiqishi mumkin. Endi voyaga etmaganlar uchtidan nazaorat ham keskin kuchaytiriladi, bunda mahalla va tuman hokimliklarining ishtiroki yanada jiddiy bo‘ladi”, deydi Usmonov.

Ma’lumot uchun, 2015 yilning 9 oyi davomida Toshkent shahri bo‘yicha 3586 oilaga darz ketgan. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida esa bu ko‘rsatkich 3442 tani tashkil etdi. Bu esa 144 taga kam degani. Toshkent shahrida jami 505 ta mahalla bo‘lsa, ajrimlar shularda 474 tasida yuzaga kelgan. Qolgan 31 mahalla esa bunday noxush vaziyatdan holi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Lisey yoki kollejni tugatmagan qizlarning turmushga chiqishi qonunan taqiqlanadi