Oʻzbekistonda yil davomida ma'muriy qamoqqa olinganlar soni 80 mingdan koʻproq va bu raqamlar oshib bormoqda. Ma'muriy huquqbuzarlik uchun jazo tayinlash, sudlarga bosim, «navbatchi» moddalar va adolat kabi dolzarb mavzu yuzasidan Kun.uz JIB Chilonzor tuman sudi sudyasi Sarvar Mamadiyev, Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov va advokat Abdumalik Abdullayev ishtirokida intervyu tashkil qildi. Intervyuga, shuningdek Ichki ishlar vazirligidan ham vakil chaqirilgan edi, lekin vazirlik mutaxassis ajratolmasligini ma'lum qildi.
Statistik ma'lumotlarga koʻra, 2020 yilda 35 mingdan ortiq, 2023 yilda 80 mingdan ortiq kishiga ma'muriy qamoq jazosi qoʻllangan. 2024 yilning birinchi yarmida bu raqamlar 45 mingdan oshgan. Afsuski, bu turdagi jazoni qoʻllash hajmi yildan yilga oshib bormoqda. Faollar va jamoatchilik nazdida ma'muriy qamoq jazosi koʻp hollarda kuchishlatar tuzilmalar uchun berilgan vaqtdan foydalanib qolish uchun imkoniyat.
Huquq faollariga koʻra, soʻnggi vaqtlarda «mayda bezorilik» hamda «ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga boʻysunmaslik» moddasi bilan fuqarolarga ma'muriy qamoq jazosi berish kuchayib bormoqda. Sud vakili esa oʻz tajribasida «jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste'mol qilish» moddasida sodir qilingan huquqbuzarlikni qayta sodir qilish oqibatida ma'muriy qamoqqa olinayotganlar koʻpligini ma'lum qildi. Shuningdek, Sarvar Mamadiyevga koʻra Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksni kontseptual jihatdan toʻliq qayta koʻrib chiqish kerak.
– Kodeksda biror bir ma'muriy huquqbuzarlik uchun jazo sifatida qamoq muddati «15 sutkagacha», deb belgilangan boʻlsa, uni aniq belgilashda sudya nimaga e'tibor beradi? Bunda sudyaga tashqi ta'sirlar boʻlishi mumkinmi?
Sarvar Mamadiyev, JIB Chilonzor tumani sudi sudyasi:
– Sudyalar e'tibor beradigan narsalar shuki, qonunlardan chiqib keta olishmaydi. Sud hujjatiga qoʻyilgan talab uchta: sud qarori qonuniy, adolatli va asoslangan boʻlishi kerak. Qonuniylik shundaki, ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksdan va kodeksga manba boʻlgan hujjatlardan ham chiqib ketmasligimiz kerak. Asoslanganlik ma'nosida har bir qaror dalillar bilan isbotlanishi kerak; harakatlar yoki gʻayri ijtimoiylikni tasdiqlovchi haqiqiy ma'lumotlar boʻlishi kerak. Hukmingiz yoki qaroringiz asosli boʻlishi kerak. Adolatlilikning qat'iy mezonlari belgilanmagan. Jazo – jarimadan boshlab oʻn besh sutkagacha uning qilmishidan ogʻir boʻlmasligi, kerak deyilyapti. Uni qaysi holatda jarimaga, qaysi holatda ma'muriy qamoqqa olish mumkinligini qilmishga boʻlgan munosabatidan, ya'ni agar bu qilmish tasdiqlanyapti, haqiqiy ma'lumotlar va dalillar mavjud boʻlsa, unda pushaymonlik bormi-yoʻqmi, aybini sezyaptimi yoki qilmishi unga ta'sir qilmayaptimi? Uning ijtimoiy holati ham tekshiriladi. Shulardan kelib chiqib, sudya oʻz ichki ishonchiga asoslangan holda jazo belgilaydi. Qonunda qat'iy mezon belgilanmagan, har bir holat individual ravishda koʻrib chiqiladi va sudya qaror qabul qiladi.
Sudyaga davlat organlarining ta'siri yoʻq. Faqat jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda qamoqqa olish boʻyicha iltimosnoma shaklida keladi. Lekin ma'muriy huquqbuzarlikda aniq jazoni soʻrab hujjat kiritilmaydi. Bosim yoki boshqacha holatlarda «soʻrash» boʻlishi mumkin, lekin bunday holatlarda sudyaning oʻzi qarorni imzolaydi va oʻzi javob beradi. Bosim boʻlganda ham kimdir kelib sizga miltiq tiramaydi, «qamasang/qamamasang otib tashlayman» demaydi. Bu sudyaning adolati, shaxsiyati va qasamyodiga sodiq qolishiga bogʻliq.
Abdumalik Abdullayev, advokat:
– Endi amaliyotdan kelib chiqadigan boʻlsak, bosim yoʻq deb biz ayta olmaymiz. Bir necha huquqbuzarlik ishlari boʻyicha qatnashganimizda mayda bezorilik yoki boshqa moddalar bilan ayblanib qoʻlga olinganlarga hali sud boʻlmasdan hozir senga 10 yoki 15 sutka berishadi, deyilgan boʻladi. Koʻp hollarda sudning qarori bilan shu aytilgan gaplar hamohang kelmoqda. Shuning uchun biz bosim yoʻq, deb ayta olmaymiz, inkor qila olmaymiz. Shuning uchun amaliyotda bu huquqbuzarliklar uchun oʻn besh sutka – qaysidir organning manfaatiga, ya'ni u ishini bajarishda qaysidir holatlarda qoʻl kelyapti.
Abdurahmon Tashanov, inson huquqlari faoli:
– Sudyalardan tayanch nuqtasini qochirib, ularni boʻynidan qandaydir bir mas'uliyatni olish kerak emas. Ya'ni sudya shaxs sifatida, davlat hokimiyati boʻlagi sifatida oʻzining pozitsiyasiga doimo ega boʻlishi kerak. Haqiqat va adolat bu shunchaki oson roʻyobga chiqadigan narsa emas. Ya'ni sizni kelib otib tashlamasliklari yoki sizni qamamasliklari mumkin va ayni paytda shunday qilishlari ham mumkin.
Lekin sudya, masalan, shaxs sifatida oʻzining pozitsiyasiga ega boʻlib, oʻzining mavqe darajasida, uni qonunga ishonish, siyosatga ishonish nuqtayi nazaridan harakat qiladigan boʻlsa va albatta natijaga erishadi. Mana, oʻtgan kuni tarmoqlarda oʻsha Gʻayrat Doʻstovni birinchi instantsiya sudida qamagan sudyaning bitta ishini tahlil qildik. Sudya xonim bir shaxsga 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini beryapti, bir yildan keyin shaxs oqlanyapti. Agar shu holat, masalan, Jinoyat kodeksi yoki qonunchiligimizga koʻra ta'qib qilinmaydigan boʻlsa, sudyaga nisbatan bu ragʻbat boʻladi. Endi, masalan, ikkinchi tomonni olamiz: ogʻir zamon edi, unday edi, sudyaga aytilsa, uni qilardi, lekin sudyada oʻsha sudya boʻlib ishlamaslik xohishi bor edi. «Men ketaman bu ishdan, kerak emas menga, bunaqa soxta ishga men birovni oʻn sakkiz yillik umriga zomin boʻlolmayman», deyishi mumkin edi. Demak, oʻsha irodasizligi uchun nima qilish kerak – jazolanish kerak. Mana, endi oʻsha sudya Doʻstov ishida hukumatga ishonchini sindirishga oʻxshagan ishni boshlab berdi. Sudya mas'uliyati, oʻzining kasbining ahamiyati va odamlar taqdirini tushunish kerak.
Yana bir narsa, hozirgi boshqaruv siyosatida, hozirgi uslublarida hech kimni rozi qilolmaysiz. Sudyalar ham jabrlanadi, jurnalist-blogerlar ham, Doʻstovga oʻxshagan fuqarolar ham jabrlanadi. Shuning uchun bu erda koʻproq aql markazlari boʻlib, jamiyatning mana shunday zoʻriqayotgan tomonlarini tepaga chiqarish kerak. Bizning prezident bilan oramiz juda ham uzayib ketdi, oraga xar xil idora va tashkilotlar kirib oldi va vaziyatni shu ahvolga olib kelib qoʻydi.
Abdumalik Abdullayev:
– U erda bitta narsani ham e'tiborga olish kerak: sud oʻz qarori keyinchalik oʻzgarsa yoki bekor boʻlsa, qonunda yozilgan himoya, ya'ni javobgarlikka tortilmasligi bor. Lekin shu erda nozik joyi bor-da, ya'ni sudyani haqiqatan ham vijdoniga xilof qaror chiqarganligi masalasida buni isbotlash ogʻir boʻlib qolyapti.
Masalan, yaqqol koʻringan, ochiq holatlardan ham adolatli qaror boʻlmaydi-da, «endi yuqori instantsiyaga bir yozib koʻrarsizlar», deydi. Qaror yoki hukm oʻzgarsa, bekor boʻlsa, meni javobgarligim koʻrilmaydi, degan kayfiyat trendga kirib qolyapti. Sudyada bunday kayfiyat boʻlmasligi kerak. Shuning uchun mana shu nozik masalada chegarani belgilash, chegara chizib berilishi kerak. Sudning qarorini oʻqisak, vijdonan, ilm bilan oʻqiylik.
Bu erda shovqin degan narsa ham bor, ya'ni jamoatchilikning shovqini yoki davlat boshqaruvidagi qaysidir tarmoqlardagi shovqinlar ham sud qarorini chiqarishga ta'sir qilmoqda, u bosim boʻlyapti. Misol olganda, hozir, biz oʻn besh sutkaga bermasak yoki oʻn sutkaga bermasak, boshqa fuqarolar yana xuddi shunaqa holat qilishi mumkin degan bir kayfiyat saqlanib qolmoqda. Biz shovqinga berilmasligimiz kerak, shovqin ta'siriga tushib qolmasligimiz kerak. Muayyan keysmi, shu keys doirasida tahlilni zoʻr qilib, barcha yondashuvlarimiz qonun doirasida, huquqbuzarning shaxsiga, aybdorlik darajasiga, ushbu javobgarlikning jazoni yengillashtiruvchi holatlar va ogʻirlashtiruvchi holatlariga mutanosib boʻlishi kerak.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Oʻzbekistonda aerotaksi xizmati joriy etiladi
Zominda tirik ilon egan erkak jarimaga tortildi
Jizzaxda oʻqituvchilar firibgarlik qurboni boʻlishdi
Toshkentda “Malibu-2” haydovchisiga chora koʻrildi
Oʻzbekistonda ta'lim muassasalarining oshxonalari tadbirkorlarga ijaraga beriladi
Samarqandda sifatsiz alkogol sabab 5 kishi hayotdan koʻz yumdi