15:52 / 04.12.2016
9 095

Qizingiz kelajakda ona bo‘ladi. Buni yodda tuting!

Qizingiz kelajakda ona bo‘ladi. Buni yodda tuting!

Jajji qizalog‘ingizni kuzatganmisiz? U qo‘g‘irchog‘ini ovqatlantiradi, o‘z tilida alla aytib uxlatadi, «tagini ho‘l qilib qo‘ysa», koyiydi… Bu shunchaki o‘yin emas. Qizaloq hali o‘zi ham anglamagan holda muhim hayotiy «roli» — onalikka tayyorgarlik ko‘radi. Bu bo‘lajak ona tarbiyasi esa juda muhim. Shifokorlarning ta’kidlashicha, ayol reproduktiv salomatligi 80 foiz bo‘lajak ona bolaligida qaysi kasalliklar bilan og‘rigan va qanday davolanganiga bog‘liq. Shuning uchun ham ginekolog qabuliga ilk bor borganingizda bolaligingizda qaysi kasalliklarga chalinganingizni albatta so‘raydi. Xo‘sh, qiz farzand o‘stirayotgan onalar nimalarga ahamiyatli bo‘lishlari kerak?

Xonadoningizda qizaloq voyaga etayapti. Uning ilk qadamlari, dastlabki so‘zlaridan zavqlanasiz, qo‘g‘irchoqlar olib berasiz, «ona-bola» o‘yini o‘ynaysiz. Bir necha yil o‘tib, o‘sha qizalog‘ingiz haqiqiysiga ona bo‘lishni istaydi. Faqat afsuski, hayotda bu hammaga ham birdek nasib etavermaydi… Akusher-ginekologlarning ta’kidlashicha, bepushtlik dardining boshi, ayol reproduktiv salomatligining aksariyat muammolari aynan bolalikka borib taqaladi. Shu bois qiz farzand o‘stirayotgan har bir ona qizalog‘ining salomatligiga jiddiy e’tiborda bo‘lishi juda muhim.

Onalar yon daftariga

Hayz boshlanishidan bir yil oldin qizaloqning bo‘yi birdan (10-12 oyda 8 santimetrgacha) o‘sishi kuzatiladi. Lekin vazniga birdan vazn qo‘shilishiga hushyor bo‘lish kerak. Agar qizaloq bu davrda o‘ta semirsa, beli, qornida «rastyajka»lar paydo bo‘lsa, bu bepushtlikning eng keng tarqalgan sabablaridan biri — tuxumdonlar polikistozi sindromi alomati hisoblanadi. Aksariyat qizlarda 12-13 yoshda bosh terisi va sochlari battar yog‘lanadi, yuzida husnbuzarlar toshadi, yuzi, oyoqlari, qornida tuklar paydo bo‘ladi. Bularning barchasi kosmetik emas, tibbiy muammolar. Qizingizning hayz og‘riqli bo‘layotgani haqidagi shikoyatlariga ham e’tiborsiz qaramang. Ba’zida pubertat davrda qizlarda bachadondan qon ketishi yuzaga keladi. Bu 98 foiz holatda stressni keltirib chiqaradi. Bolalar ginekologiga o‘z vaqtida murojaat qilish qizingizning kelajakdagi reproduktiv salomatligini saqlashga yordam beradi.

Bolalar ginekologiga qachon murojaat qilish kerak?
  • Qizingizning tashqi jinsiy a’zolari tuzilishi borasida xavotiringiz bo‘lsa;
  • ikkilamchi jinsiy belgilar juda erta (8 yoshgacha) yoki juda kech (13 yoshda) paydo bo‘lsa;
  • 14-15 yoshda ham hayzning yo‘qligi;
  • hayz sikli nomuntazam (oralig‘i 1-2 oydan ko‘p), hayz 7 kundan ko‘p davom etsa, og‘riqli bo‘lsa;
  • qorinning pastki sohasida og‘riq, qichishish, o‘zgacha ajralmalar kuzatilsa;
  • semizlik yoki vazn kamligi, terida «rastyajka»lar, haddan ortiq tuklilik, husnbuzarlar kuzatilsa;

«Qizim, doktorga boramiz»

Qizaloqni bunga ruhan qanday tayyorlash kerak?
  • Qizingiz uchun ruhiy sokinlik muhitini yarating. Uni shifokor qabuliga borish tabiiy, oddiy hol ekaniga ishontiring.
  • Nima bo‘lganda ham xavotiringizni bildirmang. Shifokor hech qanday ziyon ekazmasligiga ishontiring. Unutmang, ona o‘zini qanchalar sokin, xotirjam tutsa, bola ham o‘zini bexavotir sezadi.

Oddiy, biroq muhim qoidalar

Shifokorlar qizlar jinsiy gigienasiga e’tiborli bo‘lish katta yoshli ayollar jinsiy gigienasidan ham muhimligini ta’kidlashadi. Chunki qizlar jinsiy tizimi infeksiya va yallig‘lanishlarga chalinuvchan bo‘ladi. Shu bois onalarga qizalog‘ining salomatligi uchun bir qancha oddiy qoidalarni eslatib o‘tamiz:
  • Bolaning shaxsiy gigiena vositalari (sovuni, sochig‘i…)bo‘lishini ta’minlang. Sochiqni tez-tez almashtirib turing.
  • Choyshablarini muntazam almashtirib turing.
  • Har kuni bolaga toza, ikki tomonidan dazmollangan ich kiyim kiydiring.
  • Sintetik kiyimlardan qoching. Bolaning kiyimlari imkon qadar 100 % paxta matodan bo‘lsin.
  • Qizingizga kichikligidan qo‘llarini yaxshilab yuvishni (ayniqsa ovqatlanishdan oldin) o‘rgating.
  • Qizalog‘ingizni kichikligida cho‘miltirayotib, suv bolaning dumba sohasidan jinsiy a’zolariga oqishi mumkin emas, infeksiya yuqishi mumkin.
  • Bolalar kiyimlarini alohida yuving. Sochiq va ichki kiyimlariga albatta issiq dazmol bosing.
  • Yallig‘lanish, kuchli qizarish va shishni sezsangiz, sababini (bu infeksiyami, allergiyami, vitamin etishmasligimi yoki gijja)bilish uchun bolalar ginekologiga murojaat qiling.
  • Qizingizga uzoq vaqt peshobini tutib turishning oqibati yaxshi emasligini tushuntiring. Bu jinsiy tizim rivojlanishida turli ortda qolishlarga sabab bo‘lishini ayting.
  • Qizingiz 10-11 yoshga etganida hayz boshlanishi, bu nima ekani haqida bildiring. Aks holda hayz kelganida u qo‘rqib ketishi, nima qilishni bilmay qolishi mumkin.
  • Hayz davrida esa prokladkani bir kunda 2-3 marta almashtirish kerakligini tushuntiring.

Xullas, aziz onalar, qizalog‘ingiz — bo‘lajak ona salomatligiga hamisha e’tiborli bo‘ling! Toki kelajak avlodlar sog‘lom bo‘lsin!

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qizingiz kelajakda ona bo‘ladi. Buni yodda tuting!