Xivada haykalga “shilqimlik” qilgan ayolga qanday jarima qo‘llandi?

Xorazm viloyatining Xiva shahrida bir ayol haykalni o‘pgani uchun jarimaga tortildi. O‘zbekistonning ma’naviy va madaniy merosiga hurmatsizlik bilan qaragan ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Aniqlanishicha, 2000 yilda Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida tug‘ilgan M.G. 21 fevral kuni Xiva shahriga sayohatga boradi. Shu kuni, soat 16:30 da, Ichan qal’a davlat muzey-qo‘riqxonasining hududida joylashgan Xorazmning milliy musiqa san’ati namoyandalariga bag‘ishlangan haykalga yetib borib, uni o‘pgan. Bunda ayol bu harakatlarini videoga olib, Instagram'da e’lon qilgan.
Bu harakatlar huquqbuzarlik sifatida baholanib, Xiva shahar sudi tomonidan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 64-1-moddasi 1-qismiga muvofiq, M.G.ga 2 mln 60 ming so‘m miqdorida jarima tayinlandi. Mazkur qonunga ko‘ra, madaniy meros obyektlariga nisbatan ehtiyotkorliksiz munosabatda bo‘lish bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Agar huquqbuzarlik bir yilda takrorlansa, 15 kunlik ma’muriy qamoq yoki katta miqdordagi jarima tayinlanishi mumkin.
Har kim uchun muhim ogohlantirish — madaniy merosga hurmat ko‘rsatish va uning qadr‑qimmatiga munosib yondashishimiz kerak.