Xodim foydasiga ish haqlari undirib berildi

Ish haqi — insonning peshona teri, halol mehnati evaziga topgan haqqidir. Uni o‘z vaqtida to‘lash nafaqat qonuniy majburiyat, balki xodim mehnatiga bo‘lgan hurmat hisoblanadi.
Majburiy ijro byurosining Sergeli tuman bo‘limi ish yurituviga Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan, qarzdor “P.S.” MCHJdan undiruvchi fuqaro M.A. foydasiga 282 million 618 ming 521 so‘m ish haqi undirish haqidagi ijro hujjati 2026 yil 7 aprel kuni kelib tushgan.
Mazkur ijro ishi O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasiga asosan qo‘zg‘atilib, davlat ijrochisi A.Abdumajidov tomonidan kechiktirib bo‘lmaydigan ijro harakatlari amalga oshirilgan.
Olib borilgan samarali ijro choralari natijasida fuqaroning halol mehnati evaziga ishlab topgan oylik ish haqi qisqa muddat ichida to‘liq undirib berildi.
Zero, xodimning oyligi — uning oilasi rizqi, farzandlari ta’minoti va ertangi kuniga bo‘lgan ishonchidir. Shu bois har bir ish beruvchi xodim oldidagi majburiyatini vaqtida bajarishi lozim.
Shu tariqa, ijro hujjati talablari to‘liq ta’minlanib, ijro ishi Qonunning 41-moddasi 1-qismiga asosan tamomlandi.