Xorazmda MIB xodimi 1500 dollar pora olayotganda qo‘lga tushdi

Xorazm viloyatida Majburiy ijro byurosi xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroga soliq qarzdorligini bartaraf etishda yordam berishni va’da qilgani aytilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, MIBning Xiva tuman bo‘limi davlat ijrochisi ish yurituvidagi ijro hujjati bo‘yicha 1995 yilda tug‘ilgan fuqaroning 4 mln 526 ming so‘mlik soliq qarzini yopib berishni taklif qilgan.
Shuningdek, u fuqaro va uning otasiga hisoblangan jami 22 mln 822 ming so‘mlik yer hamda mol-mulk soliqlarini mansabdor tanishlari orqali hal qilib berishini aytgan. Buning evaziga 1500 AQSh dollari talab qilgani ma’lum qilindi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda davlat ijrochisi pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!