Angrenda noqonuniy ziplaynda xavfli holat yuz berdi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan kadr
Toshkent viloyati Angren shahri yaqinidagi Lashkarak tog‘li hududida ziplayn bilan bog‘liq xavfli holat sodir bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda trosli tushish attraksionidan foydalanayotgan ikki kishi to‘qnashib ketgani aks etdi. Yaxshiyamki, Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida ular jarohat olmagan.
Videolarda ko‘rinishicha, noma’lum sababga ko‘ra ziplayn trosida bir kishi to‘xtab qolgan. Ortidan tushib kelayotgan ikkinchi odam esa unga kelib urilgan. Bir qarashda bu oddiy “ekstrim” holatidek tuyulishi mumkin, ammo aslida bunday vaziyat inson hayoti uchun juda jiddiy xavf tug‘diradi.
Tekshiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, mazkur ziplayn attraksioni tegishli tashkilotlarning hech qanday ruxsat beruvchi hujjatlarisiz faoliyat yuritib kelgan. Ya’ni u rasmiy tartibda tekshirilmagan, xavfsizlik talablari bo‘yicha zarur xulosalardan o‘tmagan va qonuniy asosga ega bo‘lmagan.
FVV xabariga ko‘ra, Angren shahridagi “Lashkarak” MFY hududida joylashgan ushbu ziplayn 2026 yil 15 yanvar kuni o‘rganilgan. O‘shanda holat bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilgan va attraksion uzib qo‘yilgan. Biroq keyinchalik ziplayn faoliyati o‘zboshimchalik bilan yana tiklangani aniqlangan.
14 may kuni hodisa joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda boshqa mas’ul idoralar vakillari yetib borgan. Ishchi guruh xulosasiga ko‘ra, mazkur ziplayn demontaj qilingan. Attraksion faoliyatini noqonuniy tashkil etgan fuqarolarga nisbatan esa jarima qo‘llanilgan.
FVV mutaxassislari fuqarolarni rasmiy ruxsatnomasiz, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan va noqonuniy faoliyat yuritayotgan attraksionlardan foydalanmaslikka chaqirdi. Chunki bunday joylarda bir lahzalik hayajon juda og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
“Hurmatli fuqarolar, noqonuniy faoliyat olib borayotgan attraksionlardan foydalanish orqali o‘z hayotingizni xavf ostiga qo‘yayotganingizni unutmang”, — deyiladi FVV bayonotida.
Qisqasi, Lashkarakdagi ziplayn voqeasi barcha uchun jiddiy ogohlantirish bo‘ldi. Ekstrim yaxshi, adrenalin ham kerak, lekin xavfsizliksiz qilingan “kayf” umuman kerak emas. Rasmiy ruxsat, texnik nazorat va xavfsizlik qoidalari bo‘lmagan joyda tavakkal qilish — hayot bilan o‘ynashish degani.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!