Farg‘onada yuk mashina g‘ildiraklaridan 20 kg narkotik fosh etildi

Farg‘ona viloyatining Rishton tumani hududida yirik miqdordagi giyohvand moddalar savdosiga oid holat fosh etildi. Maxsus tezkor tadbir davomida yuk mashinasining g‘ildiraklari ichiga yashirilgan narkotik vositalar aniqlanib, olib qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma'lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘shni davlatdan kirib kelgan Volvo yuk mashinasi rejalashtirilgan tarzda tekshiruvga olingan. Tekshiruv jarayonida g‘ildiraklar ichiga mohirlik bilan yashirilgan jami 20 kilogrammga yaqin giyohvand modda borligi ma’lum bo‘lgan.
Aniqlanishicha, ushbu yashirin yuk tarkibida 3 kg 408 gramm “opiy” hamda 16 kg 405 gramm “gashish” moddasi bo‘lgan. Ular tegishli tartibda hujjatlashtirilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Tadbir davomida mazkur noqonuniy harakatni amalga oshirayotgan paytda haydovchi hamda buyurtmachi sifatida ko‘rsatilgan ikki nafar shaxs qo‘lga olingan. Keyinchalik ushbu ishga aloqadorlikda buyurtmachining otasi ham gumonlanuvchi sifatida protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!